O‘zbekiston 2021 yilning yanvar-iyun oylarida 57 ta xorijiy davlatga qiymati 1,3 mlrd dollarga teng bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 523,2 mln dollarga ko‘proq.
2021 yilning birinchi yarim yilligida to‘qimachilik mahsulotlari eng ko‘p Rossiya (434,5 mln dollar), Xitoy (337,8 mln dollar) va Qirg‘izistonga (177,7 mln dollar) eksport qilingan.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston 2020 yilda 70 ta xorijiy davlatga qiymati 1,9 milliard dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan. 2020 yil mobaynida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining eng ko‘p qismi Rossiya (655,5 mln dollar), Xitoy (438,2 mln dollar), Qirg‘iziston (283,9 mln dollar) va Turkiya (206,1 mln dollar) davlatlariga eksport qilingan. 2019 yilga nisbatan olganda, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi 295,3 million dollarga oshgan.
Oxirgi yillarda to‘qimachilik mahsulotlari eksportining oshayotganini paxta xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi bilan izohlash mumkin. O‘z navbatida, O‘zbekistonning 2020 yildagi paxta tolasi eksporti 65,35 foizga qisqargan.