Buxoro davlat universiteti huzurida «Islohotlar xalq uchun» targ‘ibot loyihasini amalga oshirish markazi ochildi

Jamiyat 16:25 / 14.08.2021 6941

Mazkur targ‘ibot loyihasini amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamlariga o‘z vaqtida yetkazib berish, shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatish, tahlil qilish, fikr bildirish, siyosat, ta'lim, madaniyat, san'at va boshqa sohalardagi axborotlarni xolis bayon qilish, media madaniyatini shakllantirishdan iborat. Bundan tashqari, turli dinlar va konfessiyalar, millatlar, madaniyatlar va gender munosabatlarida muloqot me'yorlariga umumbashariy, odob-axloq qoidalariga amal qilish madaniyatini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Markazning ochilish marosimida viloyat hokimligi mutasaddilari, loyihaga aloqador tashkilot va oliy ta'lim muassasalari ishtirok etishdi.

Marosimda BuxDU rektori, markaz guruh rahbari O.Hamidov so‘zga chiqib, loyihaning ahamiyatiga to‘xtaldi.

“Bugungi kunda jamiyatda inson faoliyatining keng tarqalgan sohalaridan biri bu ta'lim hisoblanadi. Oxirgi yillarda ta'limning ijtimoiy roli ortib, dunyoning aksariyat davlatlarida ta'limning barcha turlariga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Ta'limga ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotning bosh, yetakchi omili sifatida qaralmoqda. Bunday e'tiborning sababi zamonaviy jamiyatning eng muhim qadriyati va asosiy kapitali bu — yangi bilimlarni izlash, egallash va ekstremal vaziyatlarda nostandart qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan inson hisoblanadi. Shunday ekan, hozirgi davrda ta'lim shaxs va jamiyatni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu ma'noda ushbu markaz oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimiz yo‘lidagi muhim vosita sanaladi”, dedi universitet rektori.

Shundan so‘ng Buxoro viloyati hokimining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Feruza Ibragimova markazning kelgusi faoliyatiga doir fikr va qarashlarini bildirdi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi topshirig‘iga asosan 14 ta OTM huzurida shu kabi targ‘ibot-loyiha markazlarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ushbu markazda yetuk mutaxassislar tomonidan hozirgi pandemiya sharoitida insoniyat reproduktiv salomatligini ta'minlashga ko‘maklashuvchi psixologik konsultatsiya, qadriyatlarga asoslangan ta'lim-tarbiya va ma'rifat targ‘iboti xizmatlarini ko‘rsatish ham belgilangan.

Markazda xizmat ko‘rsatuvchi har bir mutaxassis (universitetning tajribali va professional professor-o‘qituvchilaridan iborat) faoliyati kompetentligi (fidoyilik, axborotlardan xabardorlik, tezkor ma'lumotlar almashinuvidagi ishchanlik, talabalar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik bilan olib boriladigan muloqotda yuqori madaniyat va bilimdonlik) hisobga olingan holda saralab olindi.

Tadbirda bu loyihaning istiqboli, samaradorligi va ahamiyati to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Buxoro davlat universiteti Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: