«Bu dunyodagi eng buyuk lazzat – ilm lazzatidir» - SAT bo‘yicha mutaxassis Hasanxo‘ja Muhammad Sodiq bilan suhbat

Business class 14:40 / 14.08.2021 205909

Suhbat davomida, yoshlar kelajak tomon to‘g‘ri va ulkan maqsad qo‘yishi, ta’lim va jamiyatdagi og‘riqli muammolarga barcha javobgar ekani, farzand kamolida tarbiya muhimligi, ta’limning shirasi tarbiya ekani hamda jamiyatni qiynayotgan turli mavzularda so‘z bordi.

SAT o‘zi nima?

Scholastic Assessment Test (SAT) - akademik baholash testi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining test oluvchi tizimi hisoblanadi. Amerikada maktab bitiruvchilari oliy ta’limga kirish uchun SAT imtihonini topshiradi. Testdan yuqori natija olgan talaba oliygohga tavsiya etiladi. Amerika, Kanada va Yevropaning top universitetlariga kirish uchun ham xalqaro studentlar uchun SAT sertifikati talab qilinadi. Test 2 qismdan, ingliz tili va matematika fanlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Har bitta fan alohida 800 balldan beriladi. Umumiy hisobda 1600 ball. Ingliz tili 2ta qismga bo‘linadi - Reading va Writing. Reading qismida 55ta savolga 65 daqiqa vaqt mobaynida matnni o‘qigan holda, savollarga javob belgilaysiz. Writing qismida 44ta savolga 35 daqiqa vaqt mobaynida tushib qolgan savollarga javob topasiz. Matematika fani ham 2ta qismdan iborat - kalkulyator ruxsat berilgan qismi va kalkulyator ruxsat berilmagan qismi. Kalkulyator ruxsat berilmagan qismida 20ta savolga 25 daqiqa vaqt beriladi, kalkulyator ruxsat berilgan qismida 38ta savolga 55 daqiqa vaqt beriladi.

Ingliz tili qismida o‘quvchi «time-management»ga asoslangan holda berilgan savollarga javob topishga ulgurishi lozim bo‘ladi. Matematika qismida asosan tanqidiy fikrlash orqali masalani yechish talab etiladi.

SAT bera oladigan imkoniyatlar

SAT sertifikatidan yetarlicha ball to‘play olgan o‘quvchi top universitetlarga grant orqali o‘qishga tavsiya qilinadi. Agar o‘quvchida SAT sertifikati bo‘lmasa, grant yutish uchun keyingi bosqichga o‘ta olmaydi. Bu xalqaro top universitetlar qo‘ygan qat’iy talablardan biri. Agar sizda SAT sertifikati bo‘lmasa, zo‘r nomzod bo‘lishingizga qaramay, sizning hujjatingizni «check out» qilib yuborishadi.

Har yili dunyo bo‘ylab 2 million talaba SAT sertifikati uchun imtihon topshiradi. SAT sertifikatiga imtihon IELTS sertifikatiga o‘xshab har hafta bo‘lib o‘tmaydi. Dunyo miqyosida 1 yilda, 7 marotaba bo‘lib o‘tadi.

Ish faoliyatimning boshlanishi

SAT kursini o‘qishni boshlaganimda hech qanday o‘quv markazi bunday kurs o‘qitmasligi haqida bilar edim. Shu sababli, internetdan kitoblar buyurtma qilgan holda, «self-study» orqali o‘zim o‘rganib topshirganman. 2 yil oldin bir o‘quvchimni o‘zim tayyorlab o‘qitganimda, 1500dan yuqori ball to‘plab chiqqan. Shu orqali SAT kursimda o‘quvchilar asta-sekin ko‘payishni boshladi. Hozirda 40 nafar o‘quvchiga SAT bo‘yicha ta’lim bermoqdaman. Toshkent bo‘yicha faqat 2ta yoki 1ta joyda SAT kursi o‘qitiladi. Viloyatlarda esa umuman yo‘q.

Faoliyatim davomida o‘quvchilarim ichidan eng yuqori ball bu — 1530 ball bo‘lgan. O‘rtacha hisobda barcha o‘quvchilarim 1400 balldan yuqori ball oladi. Chunki bizning maqsadimiz — top 100 va top 50 o‘rindagi universitetlarga o‘quvchilar tayyorlash. Eng yuqori grant yutib olgan o‘quvchim 187 000 dollar grant yutib oldi. O‘rtacha hisobda esa talabalar 100 000 dollar va 200 000 dollar orasida grant yutib oladi.

Yoshlarni grant yutib olish uchun qiynaydigan narsalar

Men 12 yildan beri bolalarni ta’limga tayyorlash bilan shug‘ullangan kadr sifatida aytishim mumkinki, bolalar o‘qishga kirishdan maqsadini yo‘qotib qo‘ygan. Ularda hozir nima qilib bo‘lsa ham o‘qishga kirib olish fikri shakllanib qolgan. Ularda aniq bir maqsad yo‘q. Nima qilib bo‘lsa ham o‘qishga kirib olish. Nega? Chunki hozir jamiyatda salbiy fikrlar shakllangan. Shu sababdan bolada oliy maqsad tushunchasi yo‘qolib qolgan.

Jamiyatdagi meni qiynaydigan muammolar

Hozirgi kunda bizni qiynayotgan eng muhim narsa - bu fitnalar va ixtiloflar. Bunga sabab dunyoda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotgan vaqtda, biz mayda narsalarni suhbatlashib, ixtilof qilib, bir-birimizning vaqtimizni olyapmiz. Yoshlarda uchrayotgan eng katta muammolardan biri maqsadsizlik, nimaga yashab kelyapti, hayotdan unga yuklatilgan vazifa nima, ertaga jamiyat undan nima kutadi kabi savollar ochiq.

Rahmatli Shayx Muhammad Sodiq hazratlari yonlariga yaqin tanishlari kelib aytgan ekan: «O‘g‘limiz sizga o‘xshasin deb ismini Muhammad Sodiq qo‘ygan edik, qarasak juda sho‘x bo‘lib ketyapti, ilmdan sal uzoq, nimaga bunday bo‘ldi» deb so‘rashsa, Shayx Muhammad Sodiq hazratlari: «O‘g‘lingiz Muhammad Sodiq bo‘lishi uchun otasi Muhammad Yusuf bo‘lishi kerak» deb aytgan ekanlar. Hozirda ota-onalar o‘z farzandlariga juda kam vaqt ajratishyapti, ular bilan juda kam shug‘ullanishyapti. Avval farzand tarbiyasi uchun bo‘sh vaqt ajratar edik. Hozirgi kunda bo‘sh vaqtimizda farzandlar bilan shug‘ullanyapmiz va bu jamiyatning ildizidan yiring yig‘ib kelayotgan og‘riqli nuqtadir. Agar bu yiringni olmasak, ertaga boshqa a’zolarga ham o‘tadi. Bu dunyoga inson kelib o‘zidan qoldirishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa bu solih farzanddir.

Muhammad Sodiq bo‘l yoki Muhammadga sodiq bo‘l!

Alloh o‘g‘il farzand bilan siylagan. Ismini Muhammad Sodiq qo‘ydik. Hazratga merosxo‘r bo‘lsin, hazratga izdosh bo‘lsin degan umidda. To‘g‘ri Muhammad Sodiq bo‘lishi uchun men Muhammad Yusuf bo‘la olmayman. Hazratchalik ahli ilm emasman. Lekin Alloh ko‘rguvchi va bilguvchi zot. Qurbim, aqlim va imkoniyatim yetgancha o‘g‘limga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga, o‘zim to‘g‘ri bo‘lishga va xatolarimni tuzatishga harakat qilaman. Alloh qancha umr bergan bilmayman, jon omonat, vaqti kelib topshirgan vaqtimiz, o‘g‘limga aytadigan bir nasihatim bor. Kitob yozib qoldirganman. O‘sha kitob orqasida o‘g‘limga shu jumlalarni yozib qoldirganman:

«Yoki Muhammad Sodiq bo‘l yoki Muhammadga sodiq bo‘l! Agar otam meni kim bo‘lishimni istaydi degan savol qiziq bo‘lsa, hazratchalik ahli ilm bo‘l, adashganlarni va ilmsizlarni ma’rifatga chorlashga sababchi bo‘l. Xalq sevgan, xalq hurmat qilgan, doim eslaganda ko‘ziga olim va samimiy inson keladigan inson bo‘l. Agar bo‘la olmasang, hech bo‘lmasa payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v)ga sodiq bo‘l. Ularning aytganlarini qil, sunnatlariga amal qil. Koshki biz qiyomatda solih farzand shafoati bilan Alloh rahmatiga erisharmiz».

Farzand iqbolida, rivojlanishida onaning o‘rni va bugun onalar qanday bo‘lishi shart

Otaning farzandga qilgan eng birinchi yaxshi amali unga soliha onani tanlashidir. Bola kamolotga yetguncha ko‘proq onaning ixtiyorida bo‘ladi. Ko‘proq bolaning tarbiyasi onaning qo‘lida bo‘ladi. Mashhur gap bor: «Har bitta dahoning ortida bitta soliha ayol kishi turadi» degan. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, o‘zingga yaxshi qilibsan, agar qizingni o‘qitsang, ummatga yaxshi qilibsan. Haqiqatan biz ayollarimizni tarbiyalamagunimizcha, farzandlarimiz solih va aqlli farzand bo‘lmaydi. Shuning uchun biz hozirda ayollar ta’limi uchun imkoniyatlar yaratib bermasak, biz kutayotgan kelajak kelmaydi.

Hayotdagi oliy maqsadim

Insonda maqsadlar ko‘p bo‘ladi. Ammo oliy maqsad doim bitta bo‘ladi. Hozirgi yoshlarga tavsiya beraman: «Maqsad qo‘yayotganda e’tiborli bo‘ling». Chunki o‘sha maqsadga erishganingizdan so‘ng, hayot mazmuni to‘xtab qolishi kerak emas. Qandaydir muddatga va pozitsiyaga maqsadlar qo‘ying, lekin oliy maqsadni shunday qo‘yingki, siz unga bir umr intilib yashang. Mening eng oliy maqsadim - nimaga yaratilganimni anglash va Allohning roziligini topish. Bir kun Ibn Abbosdan so‘rashadi: «Amallarning eng yaxshisi qaysi va eng yaxshi kun qaysi?» Ibn Abbos javob beradilar; «Amallarning eng yaxshisi — vaqtida o‘qilgan namoz. Eng yaxshi kun — Juma kuni», deb aytadilar.

Ko‘proq yangiliklar: