Maqsad - hamisha g‘alaba qozonish, orzu - Chempionlar ligasi. Messi Parijdagi ilk matbuot anjumanida

Sport 20:00 / 11.08.2021 24519

Barselona — Parij
5 avgust kuni «Barselona» Messining ketishi haqida e'lon qildi - tomonlar yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olgan bo‘lsa-da, moliyaviy feyr-pley shartnoma tuzilishiga to‘sqinlik qildi.

8 avgust kuni 34 yoshli argentinalik klubda xayrlashuv matbuot anjumanini o‘tkazdi va 13 yoshidan buyon klubda bo‘lgan futbolchi «Kamp Nou»ni ko‘zda yosh bilan tark etdi.

10 avgust kuni forvard oilasi bilan Kataloniya poytaxtidan Parijga «PSJ» bilan shartnoma imzolash uchun yo‘l oldi, uning samolyoti qo‘nar-qo‘nmas fransuz klubi uning transferi haqida anons berdi.

Seshanba kuni voqealar rivoji tezlashib ketdi: Messi chiqqan samolyot Fransiya poytaxtiga qo‘ndi, minivenlardan iborat kortej mototsikllardagi politsiyachilar hamrohligida argentinalik futbolchini tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun olib bordi, shundan keyin futbolchi «Park de Prens»ga yo‘l oldi va mehmonxonaga joylashdi. Bu jarayon — ko‘chalarni to‘ldirgan muxlislar to‘s-to‘poloni bilan birga kechdi, futbolchi Parij markazidagi mehmonxona derazasidan ularga qo‘l silkib salom yo‘lladi.

Ilk so‘zlar
«PSJ» Messi bilan shartnoma imzolangani haqida 11 avgustga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan soat 1dan 45 daqiqa o‘tganida e'lon qildi. Kelishuv «ikki plyus bir» sxemasida tuzilgan (asosiy muddat — 2023 yil yozigacha, keyin tomonlar uni yana bir mavsumga uzaytirishi mumkin). Insayderlar ma'lumotlariga ko‘ra, futbolchining yillik maoshi miqdori bonuslar bilan birga 35 million yevroni tashkil etadi.

«Faoliyatimning yangi sahifasini «PSJ»da ochayotganimdan xursandman. Klubdagi barcha narsa mening ambitsiyalarimga mos keladi. Bilamanki, bu yerda iste'dodli futbolchilardan iborat jamoa va kuchli murabbiylar shtabi bor.

Men yordam berishni va ular bilan klub hamda muxlislar uchun alohida katta ishlar qilishni maqsad qilganman. «Park de Prens»da maydonga tushishni intiqlik bilan kutyapman», — deya Messining so‘zlari keltirildi shartnoma haqidagi relizda.

Matbuot anjumani
Mahalliy vaqt bilan 11 avgust kuni soat 11:00da «PSJ» xo‘jayini Nosir Al-Hilayfiy va Messi ishtirokida matbuot anjumani boshlandi. Argentinalik unga rafiqasi va farzandlari bilan birga tashrif buyurdi. Bir necha kun muqaddam «Nou Kamp»da ko‘z-yoshlarga guvoh bo‘lgandik, «Park de Prens»da esa — faqat tabassumlar. Parijliklar bossi va klubning yangi yulduzi bir-biri haqida iliq so‘zlar aytishdi va yana bir bor klub tarixida hamda futbolchi faoliyatida yangi sahifa ochilayotganiga urg‘u qaratildi.

Al-Hilayfiy — Messi bilan shartnoma haqida:

— Leo Messini «PSJ» futbolchisi sifatida tanishtirishdan baxtiyorman va faxr tuymoqdaman. Bu bizning klub va dunyo futboli uchun tarixiy kun, shunchaki fantastik lahzalar. Barcha Lionelni unikal futbolchi sifatida biladi, u olti marta «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan. U futbolni sehrga aylantirdi, u haqiqiy g‘olib. Bu esa ajoyib. O‘n yil oldin «PSJ»ga kelganimizda, odamlar klub bilan nima bo‘lishi haqida savollar berishardi. Biz bugun qayergacha yetib kelganimizdan mag‘rurlanamiz.

Hech kimga sir emaski, biz ikki tomonlama kelishuvga erishdik, buning uchun Leoga, uning rafiqasiga, otasi Xorxega va bu transfer amalga oshishida yordam ko‘rsatgan insonlarning barchasiga minnatdorchilik bildiraman. Bu futbolchi juda ko‘p sovrinlar qo‘lga kiritgan, «PSJ»da esa yanada ko‘proq sovrin yutadi. U bu ishni men uchun dunyodagi eng yaxshi bo‘lgan jamoamiz va murabbiy [Maurisio Pochettino] bilan amalga oshiradi.

Messi — «PSJ»ga o‘tishi va Parij haqida:

— Barcha biladiki, shuncha yildan keyin «Barselona»dan ketish men uchun qiyin bo‘ldi. Ammo kelishim bilan Parijda men va oilam o‘zimizni qulay his qila boshladik. Mashg‘ulotlarni boshlashni sabrsizlik ila kutyapman, chunki o‘z jamoadoshlarim bilan yaqindan tanishishni va faoliyatimning yangi bosqichini boshlashni juda xohlayman. «PSJ» rahbariyatiga muzokaralarni juda tez hal qilgani va qabul uchun minnatdorchilik bildiraman. Barchasi juda zo‘r bo‘ldi.

O‘ylaymanki, biz barchamiz oddiy bo‘lmagan vaziyatdan munosib chiqib ketdik. Men bu yerdaligimdan juda xursandman. Men o‘ynashni, g‘alaba qozonishni istayman. Ishonchim komilki, «PSJ» — barcha sovrinlarni yutishga qodir klub. Shuning uchun bu yerga keldim.

Ko‘pchilik uchun Parijga kelishim syurpriz bo‘ldi. Parijliklarga iliq qabul uchun rahmat aytmoqchiman. Men kelganimda, bu yerda o‘ziga xos kayfiyat hukmron edi. Bu juda ajoyib bo‘ldi. Bu yangi, boshqalariga o‘xshamas tajriba. Biz oilamiz bilan aql bovar qilmas shahardamiz, bu yer bizga juda yoqmoqda.

Qachon o‘ynashni boshlashimni murabbiylar shtabi hal qiladi, chunki men ta'tilni endi tugatdim. O‘ylashimcha, tayyorgarlik ko‘rib, maydonga tushishga tayyor bo‘lishim uchun biroz vaqt ketadi. Umid qilamanki, bu imkon qadar tez fursatlarda ro‘y beradi.

Al-Hilayfiy — Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish maqsadi haqida:

— Barcha bizning maqsadimizni yaxshi biladi. Biz barcha o‘yinlarda g‘olib bo‘lishni istaymiz. Biz sovrinlarga ega chiqish uchun ishlashimiz kerak. Hozircha liga haqida o‘ylayapmiz, sentyabrda Chempionlar ligasi start oladi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, bizni favoritlar qatorida hisoblashadi. Ammo qadam-baqadam olg‘a yurishimiz kerak.

Messi — Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish maqsadi haqida:

— Bu oddiy va oson ish emas. Ba'zida senda dunyoning eng yaxshi jamoasi bo‘lishi, lekin Chempionlar ligasida g‘olib chiqa olmasliging mumkin. Ko‘plab detallar bor. Bu turnirda eng kuchli jamoalar qatnashadi, shuning uchun bizning jamoa hamjihat bo‘lib, jipslashishi kerak. Omad ham kerak. Har doim ham eng kuchli jamoalar g‘olib bo‘laverishmaydi, natijani oldindan aytish imkonsiz. Barcha g‘olib bo‘lishni istaydi, shu jumladan biz ham. Men o‘ylaymanki, jamoa buning uchun tayyor. Jamoani g‘alabaga yanada yaqinlashtirish uchun muhim transferlar qilindi. Men bu yerga yordam berish, qo‘limdan kelganini qilish uchun keldim. Mening maqsadim va orzum — Chempionlar ligasida yana g‘olib bo‘lish. O‘ylaymanki, Parij — buni amalga oshirish uchun eng yaxshi joy.

Al-Hilayfiy — yulduzli tarkib va moliyaviy feyr pley haqida:

— Biz moliyaviy feyr-pley qoidalaridan xabardormiz va hamisha ularga amal qilamiz. Yangi futbolchini safga qo‘shib olishdan oldin buning qanchalik imkonli ish ekanini muhokama qilib, maslahatlashamiz. Agar Leo bilan shartnoma tuzilgan bo‘lsa, demak buning imkoni bo‘lgani uchun qilganmiz. Leoning kelishi — klub uchun katta voqelik, uning o‘tishi hartomonlama juda foydali va u bizga daromad keltiradi. Biz buni so‘nggi uch kunda his qildik, barcha jabhada foyda bo‘lishi ko‘rinib turibdi. Umid qilamanki, Leo endi maoshini ko‘tarishni talab qilmaydi. (Kuladi.) Shartnomaning moliyaviy jihatlarini oshkor etmayman, ammo biz barchasini qoida doirasida amalga oshirdik.

Messi — do‘sti Neymar, Mbappe, boshqa futbolchilar va murabbiy Pochettino haqida:

— Juda xursandman, bu shunchaki aql bovar qilmas holat. Bunday jamoaga qo‘shilish juda yoqimli. Men dunyoning eng yaxshi futbolchilari bilan birga maydonga chiqaman. Juda hayajonli, men bundan zavq olaman.

Albatta, kiyim almashtirish xonasida ko‘plab do‘stlarim va tanishlarim bor. Agar tarkibga qarasangiz, katta maqsadlarga erisha oladigan kuchli jamoani ko‘rasiz. Umid qilamanki, biz barchamiz bir bo‘lib bunga erishamiz. Biz yana birgamiz — men, Ney, Di Mariya, Paredes. Va bu ham muhim omil edi. Albatta, Neymar va jamoa tarkibidagi futbolchilar mening bu yerga kelishimda muhim rol o‘ynadi.

Men murabbiyni ancha vaqtdan buyon bilaman. Biz argentinaliklarmiz va bu til topishib ketishimizni osonlashtiradi. Biz gaplashib oldik, barchasi ajoyib boshlandi. Murabbiylar shtabi va klub personali ham mening qarorimda muhim rol o‘ynadi.

Al-Hilayfiy — Mbappening Parijdagi kelajagi haqida:

— Mbappe — «PSJ» futbolchisi. U g‘alabalarga erishishni istaydi. O‘zi ham kuchli jamoada o‘ynashni istashi haqida aytib keladi. U aynan shunday jamoada. Shunday ekan, unda shu yerda qolish va o‘ynashdan boshqa variant ham yo‘q.

Messi — «Barselona» bilan xayrlashuv haqida:

— Albatta, «Barselona»dan ketish qarori oson bo‘lmadi. Bu men bolaligimdan buyon o‘ynagan uyim. Ketishdan oldin klubga va muxlislarga ularning muhabbatidan hamisha minnatdor bo‘lishim haqida gapirdim. Ammo ular men juda kuchli klubga o‘tayotganimni tushunishdi. Men — g‘olib futbolchiman. Parij mening maqsadlarimga mos keladi. Hozir qachondir «Barselona»ga qarshi maydonga tushishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aniq aytib bo‘lmaydi. Bir tomondan, bu juda yaxshi bo‘lardi, lekin uyda, Barselonada boshqa jamoa libosida o‘ynash ham juda g‘alati.

Messi — Fransiya chempionati darajasi haqida

—  Bu yerda mening do‘stlarim o‘ynaydi, ba'zida ularning o‘yinlarini kuzatardim. «PSJ» yordamida Fransiya chempionati katta yutuqlarga erishdi. Qolgan klublar «PSJ»ga qarshi kurashish uchun rivojlanishga harakat qilmoqda.

Bu chempionatni bilaman. Bu men uchun yangi tajriba bo‘ladi. Yangi liga bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda xursandman.

Matbuot anjumani yakunida, Messi va Al-Hilayfiy argentinalik futbolchi nomi tushirilgan, 30-raqamli «PSJ» futbolkasini ko‘tarib suratga tushayotganida zaldagi jurnalistlar to‘xtovsiz ravishda olqishlashdi: «Messi! Messi!» Keyin esa Leo «Park de Prens»da to‘plangan fanatlar qarshisiga chiqdi.

Bu endi tush emas, reallik. Messi Parij ramzlaridan biriga aylandi. «PSJ»ning promo-roligida — u Luvr muzeyidagi «Mona Liza» o‘rniga qo‘yildi.

Ko‘proq yangiliklar: