«Biznes yuritishda davlatning munosabati va siyosati muvaffaqiyat yoki mag‘lubiyat omili» - tadbirkor Hasan Mamasaidov bilan suhbat

Business class 13:48 / 09.08.2021 181516

Kun.uz o‘zining «Business Class» rukni orqali O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli biznes egalari bilan turkum suhbat va intervyular uyushtirib kelmoqda. Bu orqali yosh tadbirkorlar va soha ostonasida turgan yoshlarga tajriba ulashish, yirik tadbirkorlarning xato va muvaffaqiyatlarini tahlil qilish maqsad qilingan.

Quyida siz Office Market, Deli va Decos kabi biznes egalari – aka-uka Mamasaidovlarning kattasi Hasan Mamasaidov bilan uyushtirilgan intervyuning birinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Aka-uka Mamasaidovlar kim o‘zi, biznes trenermi yoki tadbirkor?

Aka-uka Mamasaidovlarning kattasi – Hasan Mamasaidovga bergan birinchi savolimiz shu mazmunda bo‘ldi.

«Ha, bu kabi savollar bizga tez-tez beriladi. Ayrimlar hatto blogermisizlar deb ham so‘rashadi. Yo‘q, biz bloger emasmiz.

Fikrimcha, tajribali tadbirkor sifatida odamlar ongidan o‘rin olsak, to‘g‘riroq bo‘ladi.

O‘zimizni muvaffaqiyatli va boy tadbirkor ham demayman. Chunki bizdan-da muvaffaqiyali, bizdan-da boyroq tadbirkorlar O‘zbekistonda ko‘p. Biz shunchaki olinayotgan tajribadan zavq olamiz.

Oilada onam o‘qituvchi, otam esa san'atni yaxshi tushungan inson edi. Ular o‘zidagi bilim va tajribani boshqalarga ulashishni yaxshi ko‘rgan. Bu bizning xarakterimizda ham aks etgan desam xato bo‘lmaydi.

Biz biznesdagi faoliyatimizda ko‘p bor mag‘lub bo‘ldik, yutqazdik. Xatolar qildik, shundan tajriba orttirdik. Chunki muvaffaqiyat tajribadan, tajriba esa xatolardan keladi.

Shu tajribalarimizdan kelib chiqib, qolaversa, biznesda sinmaslik, mag‘lub bo‘lmaslik bo‘yicha boshqalarning ham tajribasini o‘rganaylik degan maqsadda «M-factor» loyihasini tashkil qilganmiz», – dedi tadbirkor savolga javoban.

Oilaviy biznes tashkil qilish va muvaffaqiyatli yuritishning qanday qoidasi, formulalari bor?

Tadbirkor Hasan Mamasaidov bu borada olgan xulosalari haqida ham gapirib berdi.

«2006 yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tugatdim. Maktabni tugatish arafasida himoya qilgan diplom ishim mavzusi «O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes rivojida oilaviy biznesning tutgan o‘rni» edi.

Ilmiy ishim natijasida oilaviy biznes yuritish bo‘yicha butun dunyo tajribasini o‘rgandim. Shu ishni yozish, o‘rganish davomida oilaviy biznesimiz – «Office market»ni ham tadqiq qilish imkoniyati bo‘ldi.

Oilaviy biznesning o‘z muvaffaqiyat va mag‘lubiyat omillari bor. Masalan, kichik va o‘rta biznesdagi eng katta salohiyat oilaviy biznesda ekan. Chunki oila, ota-ona, farzandlar va yaqinlar qorni to‘q, kiyimi but bo‘lsa, qolgan pulni investitsiya qilib yana shu ishga yo‘naltiriladi. Sheriklikdagi ishda esa, bir-ikki yil ichida mablag‘lar, daromad teng bo‘linishi kerak degan fikrlar paydo bo‘ladi.

Shunday qilib, biz o‘zimiz uchun xulosa qildikki, biror biznesda tushgan pulni yana o‘sha biznes rivojiga eng ko‘p investitsiya qiluvchi yo‘nalish bu – oilaviy biznes ekan.

Men oilaviy biznesda mag‘lubiyat omillari haqida ham gapirdim. Bu borada shunday aniq tajribalar borki, oilaviy tadbirkorlik faoliyati ikkinchi avlodda, u hatto muvaffaqiyatli, yirik bo‘lgan taqdirda ham 95 foiz holatda parchalanib ketadi.

Xo‘sh, bundan qanday himoyalanish mumkin. Buning o‘z bosqichlari bor. Birinchi bosqich – oilaviy biznesni yaratish, ikkinchisi – uni muvaffaqiyatli biznesga aylantirish va uchinchisi uni farzandlar o‘rtasida muvaffaqiyatli bo‘la olish.

Biz oilaviy biznesimiz – «Oficce market» misolida bu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta oldik, deb o‘ylayman.

O‘sha paytda ota-onam «biznesimiz bo‘linib ketish kunlarini ko‘rmaslik uchun uni hozir sizlarga bo‘lib beramiz», degandi.

Biz aka-ukalar shu paytda hatto kamera oldida turib, qaysi bizneslarni olganimiz haqida gapirganmiz», – deydi tadbirkor.

Tadbirkorlikni boshlash istagidagi kishiga atrofdagilar dastlab muammolar va qiyin tizim haqida aytishadi. Xo‘sh, hozir O‘zbekistonda biznes boshlash uchun sharoit, muhit qanchalik qulay?

Hasan Mamasaidovga ko‘ra, bu boradagi ahvol 5-10 yil avvalgidan ko‘ra ancha o‘zgargan.

«O‘ylashimcha, oxirgi yillardagi eng katta muvaffaqiyatimiz bu – so‘z erkinligi. Bir misol keltiraman: 2017 yilgacha ham yaqin insonlarimiz bizga intervyu bermaslikni maslahat berishardi, ota-onamizga ham bu haqda ko‘p bor iltimos qilishgan.

O‘sha paytlarda ko‘p ko‘zga ko‘ringan tadbirkor uchun real xavflar bor edi. Tekshiruvlar, o‘rinli yoki o‘rinsiz iltimoslar bo‘lardi.

Aslida, biz hozir qilayotgan ishimizni 2017 yilgacha ham qilib kelganmiz. Faqat ishimizni qo‘rqib qilardik. Tadbirkor do‘stlarimiz bilan kafelarda yig‘ilsak ham ichki qo‘rquvimiz bo‘lardi. Birimiz birimizga senzura, birimiz birimizga ko‘zgu edik.

Holat o‘zgarmaydi, munosabat o‘zgardi. Bir paytlar xor bo‘lgan holatlar bugun aziz bo‘lyapti. Masalan, O‘zbekistonda o‘tgan 25 yilda sport va san'at aziz bo‘ldi. Natijasini bokschilarimizning natijalarida ko‘ryapsiz. Bu mehr va berilgan imkoniyatning natijasi.

Biz 25 yil ta'lim va tadbirkorlikni intim mavzuga o‘xshab bekitib keldik va natijada qancha-qancha bolalarimiz avtobuslarda yonib ketdi. Chunki voyaga yetgan bola borki, Rossiyaga borib, 200-500 dollar ishlashim kerak, yashashning boshqa iloji yo‘q deb o‘ylardi. Vaholanki, aqlimiz yetgani uchun bugungi ishlar bo‘lyapti. Kimdir tadbirkorlik, kimdir IT, ta'lim va yana kimdir jurnalistikaga qiziqyapti, muvaffaqiyatga erishyapti.

So‘z erkinligi faqat jurnalistlar uchun emas, tadbirkorlar uchun ham katta voqelik bo‘ldi. Konvertatsiyani-ku qo‘yavering.

Umuman olganda har bir davrning ijobiy va salbiy taraflari bo‘ladi. Masalan, avval raqobat kam, biznes qilish esa qiyin edi. Hozir biznes qilish oson, raqobat esa kuchli.

Fikrimcha, biznes yuritishda davlatdagi munosabat va siyosat juda katta muvaffaqiyat yoki mag‘lubiyat omilidir», – dedi tadbirkor Hasan Mamasaidov.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: