Toshkentda kovid bemorlarini davolash standartiga rioya etmagan xususiy klinikaning litsenziyasi bekor qilindi

O‘zbekiston 14:42 / 06.08.2021 16643

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus bo‘yicha davolash standartlariga amal qilmagan xususiy shifoxonaning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati to‘xtatilgani haqida ma'lum qildi.

«Ma'lumki, yurtimizda epidemiologik vaziyat murakkablashib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni keskin ortgani sababli joriy yilning may oyidan boshlab xususiy shifoxonalarga ham ushbu kasallikni davolashga ruxsat berilgan edi.

Buning uchun xususiy shifoxona Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan koronavirus infeksiyasini davolash bo‘yicha ixtiyoriy shartnoma imzolashi belgilangan.

Qolaversa, kelishuvga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasasi sanitariya epidemiologiya qoidalariga, kasallikni aniqlash va davolash standartlariga qat'iy rioya qilishi, davolash bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni elektron axborot tizimi orqali muntazam ravishda taqdim etib borishi lozim. 

Biroq o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, COVID-19 infeksiyasini davolash bo‘yicha tegishli ruxsat olgan barcha xususiy tibbiyot muassasalari ham shartnomada ko‘rsatilgan talablarga to‘liq rioya qilayotgani yo‘q.

Jumladan, ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash standartiga zid ravishda shifokorlar tomonidan bemorlarga antibiotik, gormon va boshqa dori vositalarini buyurish holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida ushbu tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlarning ahvoli yanada og‘irlashib, hatto, ularning o‘limiga ham sabab bo‘lmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Farhod Rahimqulovning ma'lumot berishicha, bugungi kunda Toshkent shahridagi 25ta, viloyatlardagi 6ta xususiy shifoxonaga COVID-19ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha ruxsat berilgan. 

«Afsuski, so‘nggi vaqtlarda tegishli tartibda ruxsat olmagan ayrim xususiy shifoxonalar tomonidan laborator (PZR) tasdiqlanmagan pnevmoniya kasalliklarini «bu koronavirus emas» degan asos bilan davolash holatlari kuzatilmoqda.

Natijada yetarli darajada jihozlanmagan, bilim va saviyaga ega bo‘lmagan, sanitariya talablariga rioya etilmagan bunday shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar og‘ir asoratlar bilan koronavirusni davolashga ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun ixtiyoriy shartnoma imzolagan ayrim xususiy shifoxonalarda ham davolash standartlariga amal qilmaslik oqibatida bemorlarning ahvoli yanada og‘irlashib, boshqa tibbiyot muassasalariga o‘tkazilayotgan holatlar uchrab turibdi.

Misol uchun, koronavirus kasalligini davolashga ruxsat olgan poytaxtimizdagi ASIA SHINE HOSPITAL xususiy shifoxonasida o‘tkazilgan monitoring davomida bu yerda bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlari to‘liq va sifatli to‘ldirilmagani, COVID-19ga chalingan shaxslarni davolash bo‘yicha standart talablariga to‘liq rioya qilinmagani, tashkilot bemor.ssv.uz elektron axborot tizimiga ulanmagani hamda koronavirus bo‘yicha hisobotlarni muntazam ravishda taqdim etmay kelgani aniqlandi. Natijada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ushbu shifoxonada davolangan bemor ahvolining og‘irlashishiga, keyinchalik esa davlat tibbiyot muassasasida vafot etishiga sabab bo‘lgan», deydi u.

Shu bois ushbu xususiy muassasa bilan Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha 2021 yil 19 iyulda imzolangan shartnomani bir tomonlama bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Qolaversa, 10 avgustga qadar ushbu shifoxonada koronavirus bilan davolanayotgan 16 nafar bemorni boshqa shifoxonalarga o‘tkazish hamda mazkur sanadan boshlab bu yo‘nalishda bemorlarni davolash bo‘yicha faoliyatini to‘xtatishga majburiy ko‘rsatma berilgan. 

Shu bilan birga, ushbu davolash muassasada yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan prokuratura organlariga ham ma'lumot yuborilishi qayd etilgan.

«Vazirlik, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mulkchilik shaklidan qat'i nazar COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda belgilangan diagnostika va davolash standartlariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib, ushbu davolash muassasalarida muntazam ravishda nazorat ishlari olib borilishini ma'lum qiladi», deyiladi SSV xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: