Tokio-2020. Bekzod Abdurahmonov va Svetlana Radzivil ishtirokini boshlaydi

Sport 00:40 / 05.08.2021 31518

5 avgust kuni Yozgi Olimpiadaning o‘n uchinchi kungi bahslari o‘tkaziladi. Bahslarda yana 8 nafar o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etadi.

Yengil atletikachilar Svetlana Radzivil va Safina Sadullayeva ham bahslarga qo‘shiladi, Yekaterina Voronina yettikurash bo‘yicha ishtirokini davom ettiradi.

Erkin kurash jamoasining 74 kg vazn toifasidagi vakili, ikki karra Osiyo chempioni, ikki karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionatlarida ikki karra bronza medal sohibi bo‘lgan Bekzod Abdurahmonov ham kurashga qo‘shiladi. Uning dastlabki raqibi puerto rikolik Franklin Gomes bo‘ladi.

Bundan tashqari, 4 avgust kungi bellashuvlarda yarimfinalga yetib bora olmagan yana ikki kurashchi - G‘ulomjon Abdullayev  (-57 kg) va Javrail Shapiyev (-86 kg) bronza medal uchun o‘tish bahslarida ishtirok etishadi.

Quyida o‘zbekistonlik sportchilarning kun taqvimi keltiriladi:

5:10. Yengil atletika. Balandlikka sakrash. A saralash guruhi. Safina Sadullayeva, B saralash guruhi
5:10. Yengil atletika. Balandlikka sakrash. B saralash guruhi Svetlana Radzivil.
5:40. Yengil atletika. Yettikurash. Uzunlikka sakrash. Yekaterina Voronina.
9:40. Yengil atletika. Yettikurash. Nayza uloqtirish. Yekaterina Voronina.

7:00. Erkin kurash. -57 kg vaznda G‘ulomjon Abdullayev bronza medal uchun o‘tish bahsida AQShlik Tomas Gilmanga qarshi.
7:20. Erkin kurash. -86 kg vaznda Javrail Shapiyev bronza medal uchun o‘tish bahsida shveysariyalik Stefan Rayxmutga qarshi.
8:10.Erkin kurash. -74 kg vaznda Bekzod Abdurahmonov nimchorak finalda puerto rikolik Franklin Gomesga qarshi.

9:00. Zamonaviy beshkurash. Qilichbozlik yo‘nalishi. Ayollar. Alise Faxrutdinova
12:30. Zamonaviy beshkurash. Qilichbozlik yo‘nalishi. Erkaklar. Aleksandr Savkin.

O‘zbekistonlik olimpiyachilar 4 avgust kunini medalsiz yakunlashdi. 

Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Nilufar Zokirova va Dilnoza Rahmatova 200 metr masofaga kechgan bahslarning chorakfinalida ishtirok etdi. Zokirova o‘z guruhida 48.995 soniya qayd etib, oltinchi o‘rinni oldi. Rahmatova esa 46.645 soniya bilan uchinchi bo‘ldi. Shu tariqa, o‘zbekistonlik sportchilar yakkalik bahslarida yarimfinal yo‘llanmasiga ega chiqa olishmadi.

Erkin kurash bo‘yicha Javrail Shapiyev dastlabki bahsda Rio Olimpiadasi chempioni hisoblangan eronlik Hasan Yazdoniyga yutqazdi.

G‘ulomjon Abdullayev dastlab xitoylik Minghu Lyuni mag‘lub etdi, chorakfinalda ikki karra jahon chempioni rossiyalik Zaur Uguyevga mag‘lub bo‘ldi.

Yazdoniy va Uguyev final yo‘llanmasiga ega chiqqach, Shapiyev va Abdullayev 5 avgust kuni bronza uchun kechadigan bahslarda ishtirok etadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston boks jamoasining turnirda qolgan so‘nggi vakili Bahodir Jalolov esa yarimfinalda britaniyalik Freyzer Klarkka qarshi ringga chiqib, texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi. Endi u 8 avgust kuni finalda amerikalik Richard Torresga qarshi jang qiladi. Bahodir Jalolov Torres bilan 2019 yilgi jahon chempionatida uchrashgan, o‘shanda uni chuqur nokaut holatiga tushirib qo‘ygandi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi ikki oltin va bir bronza medal jamg‘argan holda umumiy reytingda 30-31-o‘rinlarni Gretsiya bilan bo‘lishib turibdi.

Ko‘proq yangiliklar: