UzbekLife internet tarmog‘ida birgina jumlasi bilan mashhurlikka erishgan Rossiyadagi o‘zbek migranti Abdullayev bilan intervyu o‘tkazdi.
Abdulaziz suhbatda o‘zi, TikTok’dagi videolari va kelajakdagi rejalari haqida gapirib berdi.
Birgina gapim mashhurlik keltirdi
Sirdaryo viloyati, Xovos tumani Qahramon qishlog‘ida 1995 yilda tug‘ilganman. 2018 yilda mehnat qilish uchun Rossiyaga kelganman. Hozir moyka xizmatchisi bo‘lib ishlayman.
O‘zim avvallari ham Imo ijtimoiy tarmog‘ida jonli efir orqali qo‘shiqlar aytib turardim. Hozir bo‘lsa Instagram va TikTok tarmoqlarida videolar chiqaraman. Ammo haqiqiy mashhurlikni o‘sha “Akang kuchaydi ujye!” degan gapim keltirdi.
Bugungi kunda TikTok tarmog‘ida 127 ming obunachim bor.
Oylik to‘lovni bir hafta oldin berishgandi
Bu jumlaning kelib chiqish tarixi haqida gapiradigan bo‘lsam, bir safar oylik to‘lovni bir hafta oldin berishgandi. Bundan juda xursand bo‘lganimdan TikTok uchun video qilish fikri tug‘ilgan.
Odamlar meni jinni deb o‘ylamasmikan, deya bu videoni chiqarishdan oldin rosa o‘ylaganman. Biroz ikkilanishdan so‘ng videoni yuklab yubordim. Keyin mashhurlikka erishdim. Hozir kim ko‘chada ko‘rib qolsa, yaxshi munosabatda bo‘ladi.
Alloh tomonidan berilgan bir imkoniyat deb bilaman
Videoda aytgan gaplarim haqiqatga yaqin. Ishim bir qadar yengil, erkin. O‘z ishlarimni vaqtida qilgandan so‘ng xohlagan ishimni bajarib yurishim mumkin.
Men buni Alloh tomonidan berilgan bir imkoniyat deb bilaman. Undan qanday foydalanish esa sizning o‘zingizga bog‘liq. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida yaqin kunlarda “Akang kuchaydi ujye” nomli ichimliklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Undan keyin bu brend ostida turli boshqa mahsulotlar, xususan kepka, futbolka va boshqa narsalar ishlab chiqarish niyatidaman.
To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.
Isfandiyor Burgutboyev suhbatlashdi.