Afg‘oniston bilan chegarada O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiyaning qo‘shma mashg‘ulotlari boshlandi 

Jahon 09:20 / 05.08.2021 6435

Tojikistonning Xatlon viloyatida O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiyaning 2,5 mingdan ko‘proq harbiysi ishtirokida qo‘shma mashg‘ulotlar boshlandi. Mashg‘ulotlarning ochilish marosimi Afg‘oniston chegarasidan 20 km uzoqlikda joylashgan “Harb-maydon” poligonida bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar 10 avgustgacha qadar davom etadi.

Marosimda O‘zbekistondan qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Farrux Ziyaboyev, Tojikistondan mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Abduhoshim G‘ulomzoda va Rossiyadan Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Yevgeniy Poplavskoy ishtirok etdi.   

“Zamonaviy dunyoda harbiy tahdidlar tobora ko‘payib bormoqda, vaziyat tobora keskin va oldindan aytib bo‘lmas ko‘rinish olmoqda. Qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazish orqali to‘plangan jangovar tajribani tekshiramiz, qo‘shinlarni qo‘llashning optimal shakllarini sinovdan o‘tkazamiz va harbiy harakatlar olib borishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqamiz”, deb aytgan Rossiya vakili.

Mashg‘ulotlarda, shuningdek, 500 ga yaqin qurol va harbiy texnika birligi qo‘llanadi.

Ta'kidlanishicha, mashg‘ulotlarning asosiy bosqichida tanklar, qo‘lbola dronlar, zirhli avtomobillar, xudkushlar, “jihod-mobillar”ni imitatsiya qiluvchi nishonlar qo‘llanadi. Mashg‘ulotlar o‘tuvchi maydonlarda hammasi bo‘lib mingga yaqin shunday nishon o‘rnatiladi.

Mashg‘ulotlar Afg‘onistonda vaziyat keskinlashgani bilan bog‘liq holda o‘tkazilmoqda. Mamlakatdan AQSh va NATO qo‘shinlari olib chiqilishi ortida “Tolibon” harakati faollashuvi kuzatilmoqda. Toliblar may oyidan beri hukumat qo‘shinlariga qarshi janglar olib bormoqda. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda ular Afg‘onistonning 100 dan ko‘proq tumanini nazorat qilmoqda.

Hozirda Surxondaryo viloyatining “Termiz” poligonida O‘zbekiston va Rossiya harbiylari ishtirokida mashg‘ulotlar bormoqda. 10 avgustga qadar davom etadigan mashg‘ulotlarga 1,5 mingga yaqin harbiy jalb qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: