3 xorijlik tadbirkor 1 o‘zbek tadbirkorini ayblamoqda. Kim haq?

O‘zbekiston 10:52 / 05.08.2021 25490

Kun.uz saytiga O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi uch xorijiy investordan murojaat kelib tushdi. To‘g‘risi, bu holat dastlab bizni anchagina shoshirib qo‘ygani ham rost.

Murojaat qiluvchilarning biri Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lib, Toshkentning Sergeli tumanida yirik g‘isht zavodiga egalik qiladi. Xitoylik investor esa O‘zbekistonda bir nechta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Eron Islom Respublikasidan kelgan sarmoyador kafel ishlab chiqarish zavodining asosiy ulushdori hisoblanadi.

Masalaning eng ajablantiradigan jihati shundaki, tadbirkorlarning uchalasi ham aynan bir o‘zbekistonlik tadbirkor ustidan shikoyat qilishmoqda.

Iddaolarning umumiy mazmuni quyidagicha: reyderlik usulida egallab olishga urinish, sarmoyaga tikilgan pulni qaytarib bermaslik va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarda binolar qurish.

Maqolamizning birinchi qismida xorijlik tadbirkorlar so‘zlariga quloq tutamiz.

Investorlar nimadan norozi?

Intervyu, Van Sin Min, tadbirkor (XXR)

 «Mening ismim Van Sin Min. Xinjiang Baoyi xalqaro savdo kompaniyasi vakiliman. 2016 yilda biz sopol plitalar ishlab chiqaruvchi Toshkent qurilish materiallari kombinatiga sarmoya kiritganmiz», – deb so‘z boshladi Van Sin Min.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda korxona bankrotlik yoqasiga kelib qolgan hamda juda yomon ahvolda bo‘lgan.

«Ishchilar ishsiz edi. 2016 yil yanvarida investitsiya kelishuvi imzolangach, zavodni ta'mirlab, texnik jihatdan yangiladik. Ikkinchidan, biz zavodda ishni boshqarish va xizmat ko‘rsatish uchun 30 kishilik jamoani yo‘naltirdik. Yana Xitoydan 1 mln AQSh dollariga teng uskunalar va xomashyo jo‘natdik», – deydi tadbirkor.

Xitoylik tadbirkorning aytishicha, 3 oylik ishlardan so‘ng, 2016 yil may oyida korxona ishlab chiqarishni boshlagan. Har kuni bu yerda qiymati 20 ming AQSh dollari bo‘lgan 7 ming m2 mahsulot ishlab chiqilgan. Bir yarim yil mobaynida shu tarzda ishlab chiqarish davom etgan va jami ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymati 10 mln AQSh dollaridan ortiqni tashkil etgan.

Van Sin Minga ko‘ra, Ulug‘bek (O‘lmas) Rasulov ularning hamkori bo‘lgan va fabrikani sotib olishda ishtirok etgan.

«2 yil mobaynida zavodga 100 ta yuk mashinasida turli mahsulotlar investitsiya sifatida kiritilgan, bu bilan zavodning uzluksiz ishlashi ta'minlangan. Bu vaqt mobaynida biz 3-4 mln dollarlik sarmoya ham kiritdik. Zavod 2 yilda ishlab chiqarilgan mahsulot 10 mln dollardan ko‘proqqa sotildi. Lekin Ulug‘bek Rasulov bizga xomashyo pulini qaytarmadi. Mahsulotlar sotilgach, barcha pullar uning cho‘ntagida qoldi», – deydi xitoylik tadbirkor.

Van Sin Minning ta'kidlashicha, 2017 yil oxirida Ulug‘bek Rasulov zavodning barcha xitoylik xodimlarini ishdan haydagan.

«Fabrika hissasini xarid qilish uchun biz Ulug‘bek (O‘lmas) Rasulovga 1,35 mln dollar pul berib turdik. U bizga ulushni berishga va'da qildi, lekin, alaloqibat, ulushni bizga emas, o‘zining East Point kompaniyasiga berdi. Keyinchalik, East Point bu fabrikani sotib yubordi.

2018 yildan men muammoni qonuniy yo‘l bilan hal etishga kirishdim. Biz o‘tgan 3 yil mobaynida respublika IIV, TIV va prokuraturasiga ko‘plab hujjatlarni taqdim etdik. Dalillarni to‘plashda 20 dan ortiq tergovchi qatnashgan. Afsuski, biz hech qanday natijani ko‘rmayapmiz», – dedi Van Sin Min biz bilan muloqotida.

Van Sin Min 2019 yilda bosh prokuror bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lganini aytar ekan, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi ham 2018 yildan bugungi kungacha 3 marta O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilib, xitoylik tadbirkorlarning mulkiy huquqi qonuniy hal etilishini so‘raganini bildirdi.

«Afsuski, o‘tgan 3 yil davomida hech qanday natija ko‘rmayapmiz. Huquq-tartibot idoralari esa, muhim dalillarga e'tibor qaratmayapti yoki soxtalashtirmoqda. Bu ishlarning barchasi ishlarni o‘rganish jarayonida ro‘y bermoqda. Ulug‘bek Rasulov kim?

Men Xitoyning bir necha kompaniyasi vakiliman. O‘zbekiston hukumati, hurmatli prezidenti investitsiya siyosatini shakllantirib, butun dunyo sarmoyadorlarning O‘zbekistonga pul tikishini olqishlamoqda. Biz hukumat chorlovi bilan bu yerda ishlayapmiz.

Ulug‘bek Rasulov O‘zbekistonda obro‘li kishi, deputatdir, xitoyliklar orasida esa, tovlamachidir. Ulug‘bek Rasulov singari kishilar bois, ko‘plab Xitoy kompaniyalari o‘zbek kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga qaror qila olishmayapti», – deydi Van Sin Min.

Ikkinchi suhbatdoshimiz ham xitoylik tadbirkor. Shandun viloyatilik Guo Li Hongning aytishicha, u 2012 yildan bugungi kunga qadar 9 ta zavodga sarmoya kiritgan.

Xususan, sopol koshinlar, yuvinish xonalari uchun jihozlar, gazobeton mahsulotlari, shag‘al va sement ishlab chiqaruvchi turli loyihalarga pul tikkan. Hozirda 1000 dan ortiq kishi ushbu zavodlarda ishlamoqda. Har yili 10 mlrd so‘mdan ortiq soliqlar to‘lab kelinmoqda.

Guo Li Hong xonimning aytishicha, u Ulug‘bek Rasulov bilan Van Sin Min orqali tanishgan.

Intervyu, Guo Li Hong, tadbirkor (XXR)

«2016 yilda Ulug‘bek bilan tanishgach, Toshkent sopol koshinlar ishlab chiqaruvchi kombinatiga sarmoya kiritish maqsadida Toshkentga keldim. Zavodni sotib olish bo‘yicha dastlabki muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tdi, biz uskunalarni xarid qilib o‘rnatgach hamda ishchilar ishlab chiqarishni boshlashi bilan Ulug‘bek o‘z qarorini o‘zgartirdi. U jarayonni to‘liq nazorat qildi, xitoyliklar esa faqat ishlab chiqarishlari, moliyalashtirishlari va sotishlari mumkin edi. Biz zavodni nazorat qila olmadik. Alaloqibat, ular bizni aldadi, zavoddan xitoylik ishchilarni bo‘shatdi va kuch bilan korxonani o‘zlashtirib oldi», – dedi Guo Li Hong.

Guo Li Hongning aytishicha, 2018 yilda o‘zlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishgan. Biroq mahkamada ishni tergov qilganlar Ulug‘bekka moyillik bilan munosabatda bo‘lishgan. Rad etib bo‘lmaydigan dalillar inobatga olinmagan, balki ikkinchi darajali hujjatlarga e'tibor qaratilgan.

 «Ular Ulug‘bekka foydali bo‘lgan hujjatlarni qabul qilishdi, undan esa, birorta hujjat talab qilishmadi, balki so‘zlariga ishonishdi. Biz turli xil dalillarni taqdim etganimizga qaramay, qabul qilinmadi. Ulug‘bek mening imzomni ham soxtalashtirib, Xitoy tomoni 1,8 mln AQSh dollari to‘lashi haqidagi hujjatni qalbakilashtirdi. Men imzoni ikki karra ekspertizadan o‘tkazdim, ikki holatda ham mening imzom emasligi tasdiqlandi. Lekin bizning dalillarni tan olishmadi.

Advokatimizning aniqlashicha, Ulug‘bek bu ishni o‘rganayotgan xodimlarni, barcha bosqichdagi prokuratura idoralarini «sotib olibdi». Hatto bir kishi bizni uni sudga bermaslikdan ogohlantirdi. Hujjatlarni qiyoslash aktlari va qarzni to‘lash kelishuvini zavodda guvohlar shohidligida imzolagandik, ammo prokuratura idoralari uni inobatga olishmadi.

Prokuratura tergov o‘tkazmasdanoq Ulug‘bek pul to‘laganini tan oldi. U qanday qilib pulni qaytardi? Qani isboti? Tergovchi bu savollarga oydinlik kiritmadi. O‘zbekiston qonunlari kimni himoya qilmoqda? Bu ishni qanday hal qilish mumkin?» – deya savol bilan murojaat qiladi Guo Li Hong.

Xitoylik tadbirkor ayolning aytishicha, Ulug‘bekning ular bilan tanishguncha mablag‘i bo‘lmagan. Endilikda, 1,25 mln va 200 ming AQSh dollariga aldangan Xitoyning yana ikki korxonasi ham sudga murojaat qilgan.

«Ishonamizki, O‘zbekiston hukumati bizning achchiq tajribamiz orqali mamlakatdagi investitsiyaviy muhitni yaxshilamasa, xorijiy sarmoyadorlar huquq va manfaatlarini himoya qilmasa, jinoyachilikka qarshi kurashmasa, O‘zbekistonning obro‘siga yanada ko‘proq putur yetishini anglab yetadi. Gap aniq bir kishi haqida emas, balki mamlakat imiji haqida bormoqda», – dedi Guo Li Hong.

So‘z navbatini «Stroyservis» MChJ direktori o‘rinbosari, hindistonlik Nayni Kumarga taqdim etamiz. U 150-markali sifatli pishiq g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona duch kelgan muammolarni so‘zlab berdi.

Intervyu, Nayni Kumar, «Stroyservis» MChJ direktori o‘rinbosari

«1992 yilda Kalo Holding Group va Davlat aktivlari agentligi tomonidan tegishli ravishda 79 va 21 foiz ulushda tashkil etilgan korxona Sergeli tumanida joylashgan. Biz 2000 yildan 2020 yilgacha pishgan g‘isht ishlab chiqardik. Mahsulotlarimizning katta qismi talab yuqori bo‘lgani uchun Qozog‘istonga eksport qilingan», – deya ma'lumot berdi Nayni Kumar.

Kumarning aytishicha, 2020 yil o‘rtalarida korxonaning «Kalo Holding Group»ga tegishli ulushini sotish bo‘yicha tadbirkor Ulug‘bek Rasulov bilan dastlabki kelishuv imzolangan. Shu bilan bir vaqtda, Ulug‘bek Rasulov firmasi sopol koshinlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida keltiriladigan uskunalarni saqlash uchun 5 ming m2 yer maydonini ijaraga olishga ham ehtiyoj sezishgan.

«Ular «katta odamlar» kelishini aytib, biroz ta'mirlash va tozalash-obodonlashtirish ishlarini olib borishlarini bildirishdi. Keyinchalik, ijara shartnomasida qayd qilinmagan bo‘lsa-da, o‘z qo‘riqchilarini ham qo‘ya boshlashdi va endi ular bizning transport vositalarimizni ham tekshira boshladi.

Kutilmaganda, kunlarning birida 10 kishi kelib, ko‘prikli kranni buza boshlashdi. Biz ulardan kimligini, nima uchun kranni buzayotganlarini so‘raganimizda, kranni sotib olishganini aytishdi. Men ularga noto‘g‘ri ma'lumot berishganini, chunki kranlar hanuz «Stroyservis» MChJ hisobida turgani bois sotib ololmasliklarini bildirdim.

Yana bir kun, ular bizning xomashyoni yetkazib beruvchi liniyamiz, konveyer va bunkerlarni buza boshladi. Ular zarurat bo‘lsa, qayta o‘rnatib berishlarini aytishdi. Biz bu kelishuvni hujjatlashtirib qo‘ydik», – deydi Kumar.

2020 yil sentyabr oyi o‘rtalarida firmadagi davlat ulushining egasi – Davlat aktivlari agentligidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, Nani Kumardan uchrashuv belgilanganiga aniqlik kiritishni so‘ragan.

«Bu uchrashuvda «Stroyservis» MChJning ulushlarini mijozga sotish masalasi ko‘rib chiqilishi kerak ekan. Xatda «Orient Ceramic» MChJ korxonani 330 mlrd so‘mga baholatgani va uni garovga qo‘ygan holda bankdan kredit olishini rejalashtirayotgani, yig‘ilishda ushbu masala muhokama qilinishi haqida so‘z borgan. Men hech qanday xat yozmaganimni agentlikka bildirdim. Nusxasini yuborishganda ko‘rdimki, xat soxtalashtirilgan», – deya so‘zladi Nani Kumar biz bilan suhbatda.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga ham shunday soxta maktub yuborilgan, unda konteynerlar ortilgan vagonlar bevosita zavod hududiga kirishiga ruxsat berilgan bo‘lgan.

«Bu kabi holatlardan xabardor bo‘lgach, biz ijara shartnomasini bekor qilishimizni aytdik. Qolaversa, vaziyatni o‘rganishlari uchun prokuraturaga murojaat qildik, Sergeli tumani prokuraturasi esa, soxta hujjat qilingani, biroq undan hech kim jabr ko‘rmaganini bildirdi. Biz bu javobdan ham qoniqmadik. Axir, nima bo‘lgandayam, hujjatni soxtalashtirish bo‘lgan-ku.

Kompaniya ko‘proq joyni ijaraga olish uchun shartnomaga qo‘shimcha qilishi kerak edi. Lekin ular bizdan ruxsat so‘ramasdan kattaroq maydonda qurilish ishlarini boshlab yubordi. Biz yerni bo‘shatib qo‘yishni so‘radik. Ular esa, sudga murojaat qilishimizni aytishdi», – deydi Nayni Kumar.

2 marta bo‘lib o‘tgan sud mahkamasida «Stroyservis» MChJning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, Oliy sudda ko‘rilgan kassatsiya shikoyatida «Orient Ceramic» MChJ shikoyati qanoatlantirilgan va avvalgi ikki mahkama qarorlari bekor qilingan.

Bugungi kunda firmaning sopol koshinlar ishlab chiqarish uchun keltirilgan asbob-uskunalari – 86 ta konteyneri «Stroyservis» MChJ hududida saqlanmoqda.

«Hokimiyat ham, boshqalar ham muammo ikki xususiy kompaniya o‘rtasida ekani, ular muammoni hal etishga bevosita aralasholmasligi, sudga berishimiz kerakligini aytmoqda. Darvoza oldidagi qo‘riqchilari bizga kelgan hech kimni kiritmaydi. Juda ko‘p marotaba ichki ishlarga murojaat qildik. Lekin umuman, natija yo‘q. Ular ham janjal yo‘q, deb aralasha olmasliklarini aytishadi. Biz har kuni bir muammoga duch kelamiz. Garchi ular hudud egasi bo‘lmasa-da, o‘zlariniki kabi foydalanishmoqda», – deya ta'kidladi Nayni Kumar biz bilan suhbatda.

Bir yilda 400 mln so‘mga yaqin mulk solig‘i, 1,3 mlrd so‘m QQS to‘laydigan korxona direktori o‘rinbosarining aytishicha, korxonaning sotilishi, nima asosda qurilish ishlari olib borilayotganidan xabari yo‘q. Qolaversa, oldi-sotdi dastlabki kelishuvi Ulug‘bek Rasulov tomonidan imzolangan, «Orient Ceramic» MChJ tomonidan emas.

«Oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan pullarning 15 foizi turli manbalardan o‘tkazildi. Ulug‘bek Rasulov esa bizga qamalishimizni aytib, tahdid qilgan holatlari ham bo‘ldi», – deydi Kumar.

Biz «Stroyservis» MChJ hududi sotilishi bo‘yicha imzolangan dastlabki kelishuv ortidan kelib chiqqan holatga yanada oydinlik kiritish maqsadida Kalo Holding Group rasmiysi Hadi Kalo bilan bog‘landik va onlayn intervyu oldik.

Suhbat avvalida xolding faoliyati haqida qisqa tushuntirish bergan Hadi Kalo O‘zbekistonda duch kelgan muammo haqida so‘zladi.

Intervyu, Hadi Kalo, «Kalo Holding Group»

«Bir yillar avval korxonamizga ko‘chmas mulk agenti bilan birga bir tadbirkor keldi. U korxonasiga prezident borganini aytib, ishlab chiqarishini kengaytirish uchun qulay joy qidirayotganini bildirdi. O‘sha vaqtda biz Toshkentda korxonamizni xarid qila oladigan jiddiy tadbirkor borligiga ishonmasdik. Chunki biz 27 mln AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritganmiz», – deya so‘z boshladi Hadi Kalo.

Uning aytishicha, talabgor zavodni sotib olib, pullarini bir necha yil mobaynida bo‘lib to‘lash niyatida ekanini aytgan. Hadi Kalo «Stroyservis» MChJ rahbari sifatida pulga shoshilinch ehtiyoj bo‘lmagani bois bu shartga roziligini bildirgan. Shuning barobarida, tadbirkor pulni to‘liq to‘lamasdanoq qurilish ishlarini boshlab yuborishini ta'kidlagan.

«Biz bunga ko‘nmadik, pulni to‘liq to‘lagach, hissalarni berishimizni, so‘ngra u ishni boshlay olishini aytdik. U hukumatdan katta bosim ostida ekanini, loyihani bajarish kerakligini bildirdi. Biroq biz unga korxonani bir necha yil bo‘lib to‘lash sharti bilan 15 mln dollarga sotish niyatimiz aks etgan taklifni yubordik.

Dastlab rozi bo‘lgan tadbirkor, birmuncha vaqtdan so‘ng, 15 mln dollarga sotib olishga qurbi yetmasligini, 10 mln AQSh dollarini oldindan to‘lab, xarid qilish istagini bildirdi. Biz 5 mln dollarni yo‘qotishni istamaganimiz uchun uning taklifini rad etdik. Shundan so‘ng turli bosimlar boshlandi.

Qo‘ng‘iroq qilib, korxonamizni xarid qilishini yoki uni boy berishimiz mumkinligini aytdi, prezident bilan tushgan rasmlarini yuborib, bosh vazir ham loyihani tasdiqlaganini so‘zladi», – dedi Kalo.

Hadi Kaloning ta'kidlashicha, kompaniya avvalgi ma'muriyat davrida Farg‘onadagi Kvars zavodi egallab olinishi, soliq yuki ko‘tarilishi bois 8 qavatli bino davlatga qaytarilishi bilan bog‘liq noxush tajribaga ega bo‘lganliklari bois «Stroyservis» MChJ katta bosim ostida qolgan.

«Shu bois bizda nimadir ro‘y berishi mumkin, degan o‘y bor edi. Shu bilan birga, qonun borligiga ishonardik. Ammo tadbirkor prezidentning yaqinlari nomini aytishi bizni xavotirga solib qo‘ygandi.

Shuning uchun biz 10 mln dollarga rozi bo‘ldik va Ulug‘bek Rasulov bilan dastlabki shartnomani imzoladik. Bizning hisobraqamga 3 marta pul kelib tushdi. Lekin ular Ulug‘bek Rasulov nomidan emas, balki 2 marta Hongkongdagi turli ofshor kompaniyalardan va qozog‘istonlik tadbirkor nomidan kelib tushdi. Pul o‘tkazilishi ham konsalting xizmatlari uchun amalga oshirilgan edi. Birmuncha vaqt o‘tgach, Ulug‘bek Rasulov biroz o‘zgarishlar qilishini aytib, qurilish ishlarini amalga oshirishini bildirdi. Bizga bosimlar qilganiga qaramay, biz uning yaxshi niyatiga ishonib, qurilishga ruxsat berdik. U agar korxonani sotib ololmasa, barcha bino-inshootlarni boricha qoldirib ketishga va'da bergandi», – deya so‘zlab berdi Kalo Hadi.

Shundan so‘ng tadbirkor korxonaning katta qismida yirik qurilish ishlarini boshlab yuborgan.

«Bizning tadbirkorga ishonchimizni yo‘qotishimizga bizning korxonani bizdan xabarsiz 33 mln dollarga baholatib, bankka garovga qo‘yib, kredit olishni rejalashtirgani, buning uchun Davlat mulklari agentligiga bizning nomimizdan soxta maktub yuborgani sabab bo‘ldi. Axir siz biror narsa sizniki bo‘lmasdan turib, uni bankka garovga qo‘ya olmaysiz-ku.

Ular bizning normal ishlashimizga imkon bermagani, g‘ishtlarimizni sota olmaganimiz sababli faoliyatimizni to‘xtatishga qaror qildik. Bundan tashqari, ular bizning korxonamiz nomidan bojxona va temir yo‘l kompaniyasiga ham maktub yo‘llashgan. Biz endilikda bu tadbirkor bilan ishlashni istamaymiz», – dedi Hadi Kalo.

Uning aytishicha, hozirda «Orient Ceramic» MChJ zavoddagi ulushni sotib olish uchun 15 mln dollar taklif qilmoqda. Ular hatto turli qilg‘iliklari uchun kechirim ham so‘ramagan. Qolaversa, kelishuv bir yil avval bo‘lgan va bugunga kelib ko‘p narsalar o‘zgargan.

Navbatdagi murojaatchimiz «Ehsan Maybod Manufacturing Group» MChJ rahbari Abulfazl Rizo Mobarra ham o‘zi duch kelayotgan muammolar aynan yuqorida so‘z borgan tadbirkor bilan bog‘liq ekanini aytib, qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini so‘zlab berdi.

Intervyu, Abulfazl Rizo Mobarra, «Ehsan Maybod Manufacturing Group» MChJ ishonchli vakili (Eron)

Abulfazl Rizo Mobarra «Ehsan Maybod Manufacturing Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi ishonchli vakili hisoblanadi. Ushbu xolding Eronda sopol koshinlar ishlab chiqarish bo‘yicha 4 ta zavodga, shuningdek, 2 ta glazurlash zavodiga ega.

«Biz 2009 yilda mahsulotlarimizni O‘zbekistonga eksport qila boshladik. Bozordagi talabni o‘rgangach, bu yerda zavod qurishga qaror qildik va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasiga murojaat qildik. Ular Navoiy EIZga yo‘naltirishdi. Tarixdan so‘zlab berishimning sababi shundaki, bizga jiddiy zarbalar berishdi, uning oqibatidan jiddiy jabrlandik», – deya gap boshladi Mobarra.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Navoiy EIZ hududidan 12 gektar yer ajratilgan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida uchrashuvlar o‘tkazilgan, hujjatlar to‘plami taqdim etilgan va zavod qurishni boshlash uchun ruxsat berilishini 6 oy kutishga to‘g‘ri kelgan. Keyinchalik, prezident farmoni chiqib, Navoiy EIZda ro‘yxatdan o‘tgan 9 korxona manzilini o‘zgartirish kerakligi, aks holda Navoiy hududidan yer ajrata olmasliklari haqida ma'lum qilishgan. Sirdaryodan yer taklif qilingan, biroq eronlik tadbirkor Toshkent viloyatidan qulayroq yer maydoni qidirgan.

«Viloyatda 57 ta yer maydonini ko‘rib chiqdik va Yuqori Chirchiq tumanidagi 20 gektarlik yer maydoni bizga ma'qul keldi. Chunki bunday zavodni qurishda uzunlik muhim hisoblanadi. Uskunalar yetkazib berish uchun Islom taraqqiyot bankiga murojaat qildik. Bu orada yerni xususiy shaxsdan sotib oldik. Biror majburiyat asosida berilmadi. Qurilish uchun ruxsatni olib, beton quyish ishlarini olib bordik. Ayrim uskunalarni Erondan keltirishga ham ulgurdik. Bu vaqt orasida Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi bilan investitsiya shartnomasini imzolashni kutdik. Biz uchun shartnomani imzolash juda muhim edi, aks holda O‘zbekistonda zavod qurish rejamizdan voz kechardik.

Birmuncha vaqt o‘tgach, bizga investitsiya shartnomasini Toshkent shahri va viloyati hududi uchun imzolay olmasliklarini bildirishdi. Buning ortida Islom taraqqiyot banki ham arizamizni rad etdi. Biz esa, shuncha ishni amalga oshirib qo‘yganmiz, ortga yo‘l yo‘q edi», – deya izoh berdi eronlik tadbirkor.

Kompaniya bu orada, jilla qursa, bir liniyani ishga tushirib, loyihani uddalay olishlarini ko‘rsatishga va buning ortidan investitsiya jalb qilishga qaror qilgan. Mobarraning aytishicha, kompaniya mustaqil ravishda investitsiya majburiyatini bajara olmaganining bosh sababi shundaki, loyihani O‘zbekistonda boshlagan chog‘da 1 AQSh dollari Eronda 900 tuman bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 26 ming tumandir. Shu yillar davomida loyiha 30 baravarga qimmatlashdi, shuning uchun sarmoya kiritish qiyinlashdi.

«2014 yilgacha 3,5 kilometrlik yuqori bosimli gaz tarmog‘i o‘tkazdik, 3 km elektr energiyasi simlari tortildi. Bu vaqt mobaynida 15 ming kub temir-beton ishlari bajarildi. Erondan 1200 tonna metall konstruksiyalarni keltirdik. Eron, Turkiya, Xitoy, Italiya va Ispaniyadan 90 ga yaqin konteynerda uskunalar keltirib, bir liniyani ishga tushirdik. Quvvati 2 mln 100 ming m2 edi. 2017 yilda bizga 33 mlrd so‘m kredit beradigan bo‘lishdi. O‘tgan yillar davomida doim davlat dasturlariga kiritildik. Jadval tuzildi. Toshkent viloyati hokimligi, tegishli vazirliklar va nihoyat bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ramatov imzolagan ro‘yxat tasdiqlandi. Biz Asia Alliance Bank'ka o‘tdik, bungacha Xalq bankida edik. Shunga qaramay, ixtiyorimizda investitsiya shartnomasi yo‘q edi, bojxona yoki soliq to‘lovlaridan hech qanday imtiyoz berilmagandi.

2014 yilda gaz tarmog‘ini o‘tkazgan bo‘lsak, tabiiy gazni ulashga ruxsat olish uchun bir yil vaqtim ketdi, qachonki, Bosh prokuraturaga qo‘ng‘iroq qilganimdan keyin 2 kunda gazni ulab ketishdi. Bu vaqtga kelib esa, kredit bo‘yicha bir yillik imtiyozli davrini yo‘qotgan edim. Ishlab chiqarishni boshlashim bilanoq bankdan katta miqdorda qarzni to‘lash bo‘yicha xabarnomalar kela boshladi», – deydi eronlik tadbirkor.

Uning aytishicha, keyinchalik Ulug‘bek Rasulov hamkorlik taklifi bilan kelgan. Biroq buning uchun ichki hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan. Bu holatlar bank bilan muammolar boshlanmasdan oldin bo‘lib o‘tgan.

«10 yil davomida shunday bo‘ldi, tushunyapsizmi? Endi bank bilan bog‘liq jihatlarini gapirsam. 2017 yilda imtiyozli davrni yo‘qotdik. 2019 yil mart-aprel oyida zavodni ishga tushirishimiz kerak edi. Buning uchun hukumatning qo‘llab-quvvatlashini, bankning mablag‘ ajratishini kutayotgan edik. Natijada biz majburiyatimizni bajara olardik. Bu vaqtda bank bizga aylanma mablag‘lar uchun yana 29 mlrd so‘m kredit ajratishi kerak edi.

Bankdan kelib ko‘rishdi, bizga 5 mlrd so‘m ajratishdi va ishni boshlashimiz bilan qolgan mablag‘larni ajratishlarini aytishdi. 150 kishini o‘qitdik, o‘rgatdik. Erondan mutaxassislar kelib ketishdi. Biz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, Qozog‘iston va Tojikistonga eksport qildik, ya'ni qanday ishlay olishimizni namoyish etdik. Shu orada bank biz bilan shartnomani bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kiritibdi, chunki biz avvalgi kredit bo‘yicha 3 ta to‘lovni amalga oshirolmadik. Bunga esa qayta moliyalashtirishni kutayotganimiz sabab bo‘ldi», – deydi eronlik tadbirkor.

Mobarraning ta'kidlashicha, 30 mln dollarlik zavod bankka qurilishi tugallanmagan 3 mln dollarlik zavod sifatida garovga qo‘yilgan edi.

«Zavod ishga tushgan, a'lo sifatdagi mahsulot ishlab chiqarila boshlangach, men ortiqcha edim, deb o‘ylayman. Investor sifatida vazifamni bajarib bo‘lgandim, shuning uchun tayyor biznesni tashlab ketishim kerak edi. Zavodni ishga tushirganimizga 2 yil bo‘lgan bo‘lsa, shuning bir yilida bank bilan sudlashmoqdamiz.

Birinchi bosqichdan so‘ng, ishlab chiqarishimiz to‘xtagach, Ulug‘bek (Rasulov) paydo bo‘lyapti hamda bank bilan bizning o‘rtamizdagi barcha ma'lumotlarni so‘zlab berdi. «Bu bilan nima demoqchisan», degan savolimga, «biz senga aytgandik-ku, bu yerda ishlay olmaysan deb, hozir ham kech emas, zavodni bizga sotib, pulingni ol-da bu yerdan ket», – dedi.

Men unga sotish haqida e'lon bermaganimni, zavodni sotish niyatim ham yo‘qligini aytdim. U «menga sotmasang, baribir bank orqali zavodni yo‘qotasan», – dedi. Ular tarjimon topib ta'sischimizga ham chiqishgan hamda «bizga sotinglar zavodni, aks holda, sarmoyangizni yo‘qotasiz», deyishgan.

Buni tahdid deb bilaman. O‘sha vaqtdan boshlab, men bu holat reyderlik ekanini asoslash uchun dalillar yig‘ishim kerak edi. Shundan so‘ng «zavodni sotib olishni istasang, rasmiy xat bilan murojaat qil. Ikki tilga tarjima qilib, 2 nusxada taqdim et, menga va ta'sischiga yubor. Men ham rasman javob beraman», – dedim. Shundan so‘ng, ular bir necha bor qo‘ng‘iroq ham qilishdi. Men ularga kutishni, kerak bo‘lganda qayta aloqaga chiqishimizni aytdim», – deydi eronlik tadbirkor.

Mobarraning ta'kidlashicha, u asta-sekinlik bilan dalillar yig‘a boshlagan, aks holda, biror da'vo ham qila olmasligini tushungan. Bu orada bank bilan sud eshituvlari davom etgan. Shu bilan birga, vaqtni cho‘zish uchun uchun MIB qarori ustidan ma'muriy sudga murojaat qilingan. Bundan tashqari, Prezident Administratsiyasidan tortib, Vazirlar Mahkamasi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa barcha tegishli idoralarga murojaat qilgan. O‘sha vaqtdagi bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev bankka xat yo‘llab, o‘z majburiyatlarini bajarishni so‘ragan. Unda kreditni restruktirizatsiya qilish hamda uzaytirish (prolongatsiya), shuningdek bu loyihani qayta boshlash haqida so‘z borgan.

«Bizning o‘rganishimizcha, bosh vazir o‘rinbosari imzosi bilan berilgan topshiriq so‘zsiz bajarilishi kerak. Lekin ko‘rdikki, bu ham bajarilmadi. 30 mln dollarlik zavodimizni 3 mln dollar uchun bir marta auksionga qo‘yishga ham ulgurishdi. Ammo men bu to‘lqinni to‘xtata olish imkoniga egaligimni bilardim, ya'ni zavodni auksiondan qaytarib olishni uddaladim. Bunga ko‘pchilik lol qoldi, albatta. Men shunchaki, bu ishlarning ortida kim turganini bilishni istardim.

Bu orada pandemiya bo‘lib qoldi. Karantin choralari bizning sud jarayonlarimizni to‘xtatib turishi kerak edi. Lekin pandemiya sharoitida sud majlisi belgilandi, men esa sudga bora olmadim. Advokatlar ham uyidan chiqa olmadi. Sud esa bo‘lib o‘tdi. Bank vakillari mashinada sudga bora olishdi. Biz esa yo‘q. Bankning zavodni qaytarib olish maqsadi jiddiy edi», – deydi Mobarra.

Mobarraning aytishicha, u ham jim o‘tirmagan, aksincha ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaatlar, chiqishlar qilgan. Shundan so‘ng Toshkent viloyati hokimligiga chaqirtirilib, muammo hal etilishini aytishgan. Uning bildirishicha, zavod ilk marotaba auksionga chiqarilishi uchun avval xatlov qilinganida bank va MIB xodimlari 12 kishi bilan birga borgan.

«O‘shanda kelgan guruh boshlig‘idan telefon raqamini oldim va biror savol tug‘ilsa, menga aloqaga chiqishini aytdim. U kishining telefon raqamini saqlaganimda, Telegramdagi sahifasida Ulug‘bek bilan tushgan rasmlarini ko‘rdim. U bank xodimi emasdi, qo‘riqchilar ham auksionga chiqqanida 7 mln dollarga zavodni sotib olish taklifini bildirgan «Orient Ceramic» MChJ xodimlari edi.

Men bankdan rasman o‘z xodimlari ekanini tasdiqlovchi ro‘yxat so‘radim va sizlar bizning zavodga qachondan beri ko‘z tikkan kompaniya ishchilarini olib keldingizmi, deb murojaat qildim. Bank vakili qo‘riqchilar bank xodimlari bo‘lganini aytganida, soliq idorasidan o‘tgan oyda ushbu xodimlar qaysi tashkilotda maosh olgani haqida ma'lumotnoma so‘rashimni bildirdim. U mening so‘zlarimni rad eta olmadi. Barcha ma'lumotlarni to‘plab, Bosh prokuraturaga taqdim etdim hamda yordam berishlarini so‘radim. Bu holatlarning barchasini tizimli reyderlik usulida egallab olinishi deb baholadim», – dedi Abulfazl Rizo Mobarra Kun.uz’ga bergan intervyuda.

Bosh prokuraturaga murojaat qilingandan so‘ng, 13 ta idora mutasaddilaridan iborat ishchi komissiya tashkil etilgan va imkon qadar korxonani sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilgan.

«Barcha mutasaddi tashkilotlarga, bosh vazir Aripovga, bosh prokurorga rahmat aytaman. Lekin biz ancha vaqt yo‘qotdik. Daromadimizni yo‘qotdik. Biz sog‘lom zavod edik, kasod yoqasiga kelib qoldik. Lekin bu holatga bizni keltirganlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmayapti», – dedi Mobarra intervyu so‘ngida.

Xorijlik tadbirkorlar shikoyatlarini eshitdingiz. Biroq xozircha xulosa qilishga shoshilmang. Tanganing ikkinchi tomonida nimalar borligiga, «kattakonlarning odami» deyilayotgan Ulug‘bek Rasulov aslida kim ekani va bugun biz suhbatlashgan investorlar faoliyatiga doir jumboqlar haqida bilishga qiziqayotgan bo‘lsangiz, ko‘rsatuvning tez kunlarda namoyish etiladigan ikkinchi qismini o‘tkazib yubormang.

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: