«Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlash orqali ba'zi davlatlar o‘zlari uchun «Frankenshteyn»ga ega bo‘lishadi» - Afg‘oniston TIV rahbari

Jahon 17:01 / 04.08.2021 26126

AQSh va NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilishi ortidan Afg‘onistonda bo‘layotgan voqealar yuzasidan mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar «Izvestiya» nashriga intervyu berdi.

— Amerika qo‘shinlari olib chiqilishi ortidan oxirgi vaqtlarda Afg‘onistondagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Ushbu holatni fuqarolar urushi deb talqin qilish mumkinmi?

— Yo‘q, bu fuqarolar urushi emas. Bu hech qachon bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Mamlakatdagi holat nafaqat Afg‘oniston toliblari, balki Markaziy Osiyo, Xitoy, Pokiston va «Al-Qoida»ning odamlarini birlashtirgan xalqaro terrorchilar tarmog‘i boshlagan urush. Ularning ishtiroki fuqarolar urushi tushunchasidan Afg‘oniston va mintaqa bilan xalqaro terrorizm urushigacha bo‘lgan voqealarning xarakteristikasini o‘zgartiradi.

Bir tomondan, biz chet elliklarning mamlakatdagi urushda ishtirokini ko‘ramiz, boshqa tomondan, ularning maqsadi Afg‘oniston bilan chegaralanmaydi. Mamlakatimizdagi holat butun mintaqa va xalqaro hamjamiyatga tahdid soladi. Shu sabablarga ko‘ra, 2002 yil boshida AQSh, NATO, Xitoy, Rossiya ishtirokida imzolangan xalqaro konsensus asosida butun dunyo xalqaro terrorizmga qarshi kurashda Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgandi. Ular buni qilishdi, chunki ularning manfaatlari ham jiddiy ravishda buzilgan edi. Men yana bir bor takrorlayman: bu yerda hech qachon fuqarolar urushi bo‘lmagan, kelajakda ham bo‘lmaydi.

— Hozirda tashqi o‘yinchilarning Afg‘onistondagi vaziyatga jalb etilishi prezident Ashraf G‘ani hukumati uchun maqbul yo‘lmi?

— Buni tushuntirib berishga harakat qilaman. Biz tariximizning eng qiyin davrlaridan birini boshdan kechirmoqdamiz, bizning milliy manfaatlarimiz, ayniqsa xavfsizlik sohasida, butun mintaqa xavfsizligi va xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan bir xil. Bizning barqarorligimiz, xavfsizligimiz va farovonligimizga terrorizm, giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilik tahdid solmoqda. Bu faqat Afg‘oniston uchun tahdid emas. Shuning uchun, birinchi navbatda, hammamiz umumiy tahdidga duch kelmoqdamiz va bu tahdidni yengish uchun umumiy strategiyaga ega bo‘lishimiz va umumiy mas'uliyatni bo‘lishishimiz kerak. Shuning uchun biz barcha xalqlarni Afg‘oniston bilan birgalikda kurashishga chaqiramiz.

Qo‘rqoqlarcha terrorchilar bilan ishlaydigan va terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar bor, bu bizning tashvishimizni keltirib chiqarmoqda. Biz har doim bunday «sherik»larga aytib kelganmizki, bu kabi yirtqich hayvonni parvarishlash oxir-oqibat o‘z xo‘jayiniga qarshi bo‘ladigan «Frankenshteyn»ni yuzaga keltiradi. Terrorizmni boshqa mamlakatga qarshi ishlatish vaqti kelib bunday «sheriklar»ning o‘zlariga tahdid soladi.

Afg‘oniston umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan barcha mamlakatlarga hamkorlik taklif qiladi. Biz bu hamkorlikni nafaqat AQShga, balki biz uchun yaxshi va ishonchli sherik bo‘lgan boshqa davlatlarga ham taklif qilamiz. Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari, Hindiston bilan birga ishlaymiz. Eron bilan mustahkam aloqalarimiz va Saudiya Arabistoni bilan yaxshi munosabatlarimiz bor. Shu bilan birga, Pokiston bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid qilamiz.

Afg‘oniston qarama-qarshilik va raqobat joyi emas, balki hamkorlik makoniga aylanishi kerak.

«Tolibon» vakillari Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar chog‘ida
Foto: REUTERS/Ibraheem al Omari

— Turkiyaning Vashington bilan kelishilgan, ammo Ashraf G‘ani ma'muriyati bilan maslahatlashmasdan, Kobul aeroportini qo‘riqlash tashabbusiga qanday qaraysiz?

— Turkiya Kobuldagi aeroport xavfsizligini ta'minlamoqchi emas. Ular havo harakati, aloqa, yong‘in xavfsizligi sohasida xizmatlar ko‘rsatadi. Real xavfsizlik Afg‘oniston hukumati tomonidan ta'minlanadi.

Ikkinchidan, Turkiya bu masalada birinchi bo‘lib Afg‘oniston hukumati bilan kelishuvga erishdi. Shundan keyingina bu mavzu NATO va AQSh bilan muhokama qilindi.

— Ko‘p mamlakatlar, shu jumladan Rossiya ham, «Tolibon»ni Afg‘onistonning siyosiy hayotiga jalb qilish siyosatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Masalan, harakat ishtirokidagi inklyuziv o‘tish davri hukumati g‘oyasini olaylik. Boshqa davlatlarning bunday xatti-harakatlarini qanday izohlaysiz?

— Sizning savolingizda bir necha o‘lchovlar mavjud. Birinchidan, Afg‘oniston hukumati «Tolibon»ni hokimiyat taqsimotiga qo‘shishga va birgalikda ishlashga tayyormi? Javob — ha. Biz toliblar bilan birga ishlashga, ularni hukumatga olishga, ular bilan sulh tuzishga va hokimiyatni bo‘lishishga tayyormiz.

Buning uchun ko‘p narsalarni talab qilmaymiz, aslida bitta narsa bor — mamlakat ichida Afg‘oniston kelajagi afg‘on xalqining xohish-irodasi bilan hal qilinishi kerak va tashqi chegaralarda Afg‘oniston har qanday boshqa mamlakatga xavf tug‘dirmasligi kerak.

Ilgari «Tolibon» «Al –Qoida» va Usama bin Laden bilan yaqindan ishlagan va bu amerikaliklarning ularga hujum qilishiga sabab bo‘ldi. Rossiyada ham «Tolibon» bilan jiddiy muammolar bor edi, bunga Chechenistonda nima bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya.

Endi biz ba'zi davlatlarga, sheriklarimizga, «Tolibon»ga nisbatan juda ehtiyot bo‘lishimiz kerakligini aytyapmiz. Ular ilgari terrorchilar bilan ishlagan va kelajakda ham ularning bunday qilmasligiga hech qanday asos yo‘q. «Tolibon» boshchiligidagi Afg‘oniston xalqaro terrorchilar uchun boshpana va uning atrofidagi davlatlarga tahdid bo‘lmaydi deb o‘ylash katta xato bo‘ladi.

Shuning uchun biz boshqa davlatlardan terrorchilarni tarbiyalamaydigan va giyohvand moddalar savdosini yoqtirmaydigan Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan hamkorlik qilishni so‘raymiz.

Foto: TASS/EPA

— AQSh harbiy kontingentining uzoq vaqt mamlakatingizda bo‘lishi qanaqadir ijobiy o‘zgarishlarga olib keldimi?

— Gap faqat AQSh haqida emas. Bu xalqaro harakat edi. O‘tgan yigirma yil ichida 70 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar Afg‘onistonga yordam berishga harakat qilishdi. Albatta, harakatlarning katta qismi AQShga to‘g‘ri keladi.

Ular nimaga olib keldi? Rostini aytsam, bir vaqtlar toliblar tomonidan butunlay vayron qilingan politsiya, armiya, davlat boshqaruvi va ijtimoiy xizmatlar to‘la tiklandi. Solishtirish uchun, «Tolibon» hukumatining sog‘liqni saqlash sohasidagi budjeti yiliga qariyb 1 million dollarni tashkil etadi, bu Afg‘onistondagi bu sohada ishlaydigan har qanday kichik NNT budjetidan ham kam.

Oxirgi 20 yil butun tariximizdagi eng demokratik yil bo‘ldi. Ko‘p odamlar mamlakat hayotining turli jabhalarida faol qatnasha boshladilar — erkaklar ham, ayollar ham. Bu 20 yil ichida erishgan eng katta yutug‘imiz.

— O‘tgan hafta AQSh joriy yilning oxirigacha Iroqdagi jangovar missiyasini yakunlashini e'lon qildi. Bu butun mintaqadagi vaziyatga qanday ta'sir qilishi mumkin?

— Mintaqa har doim terror va uyushgan xalqaro jinoyatchilik ta'sirida bo‘lgan. Bu holatga Afg‘oniston, Pokiston, Suriya va Iroqdagi vaziyatlarni ham misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Terrorchi tashkilotlarni mag‘lub etish uchun mintaqa davlatlari birgalikda harakat qilishlari kerak va buning faqat AQShga bog‘liq bo‘lishi mumkin ham emas. Bu yo‘lda Afg‘oniston boshqalarga ishonchli sherik bo‘la oladi.

Ko‘proq yangiliklar: