Tokio-2020. O‘zbekistonlik ikki kurashchi bronza uchun kurashadi

Sport 15:44 / 04.08.2021 17437

Tokio Olimpiadasining 4 avgust kungi bahslarida O‘zbekiston erkin kurashchilar jamoasining ikki vakili o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

-86 kg vazn toifasi vakili Javrail Shapiyevga qur'a ilk bosqichdayoq jiddiy raqibni ro‘baru qildi. U birinchi davradayoq ushbu vaznning asosiy favoriti, Rio-2016 Olimpiadasi va ikki karra jahon chempioni hisoblangan eronlik Hasan Yazdoniyga qarshi gilamga chiqdi.

Bellashuvda Yazdoniy har tomonlama kuchliroq ekanini ko‘rsatib (11:2), keyingi davraga yo‘l oldi. U chorakfinalda shveysariyalik Stefan Rayxmutni 12:1 hisobida taslim etdi, yarimfinalda rossiyalik Artur Naifonovni 7:1 hisobida mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.

Shu tufayli Shapiyevda bronza medali uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi. Endi 5 avgust kuni Javrail Shapiyev bronza uchun o‘tish bahsida Yazdoniyning chorakfinaldagi raqibi Stefan Rayxmutga qarshi gilamga chiqadi. G‘alaba qozongan sportchi bronza medali uchun Artur Naifonov bilan bellashadi.

-57 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan G‘ulomjon Abdullayev dastlabki davrada xitoylik polvonni mag‘lub etdi.

Minghu Liuga qarshi kechgan kurashda Abdullayev 10:2 hisobi bilan g‘alabaga erishdi va chorakfinalga chiqdi. Bu bosqichda unga ikki karra jahon chempioni, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi vakili Zaur Uguyev raqiblik qildi. Abdullayev bu bahsda dastlab ortda qolayotgandi, ammo keyinchalik ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirdi, ammo so‘nggi soniyalarda raqib 2 ochko ishlab, hisobni tenglashtirdi (6:6).

Erkin kurash qoidalariga ko‘ra, durang qayd etilsa, so‘nggi bo‘lib ochko qo‘lga kiritgan sportchiga g‘alaba beriladi. Aynan shu sabab G‘ulomjon chorakfinalda mag‘lubiyatga uchradi.

Uguyev esa yarimfinalda eronlik Rizo Atrinag‘archini mag‘lub etib finalga chiqdi va Abdullayevga bronza uchun kurashish imkoniyatini taqdim etdi. 

Endi ertaga G‘ulomjon Abdullayev bronza uchun o‘tish bahsida amerikalik Tomas Patrik Gilmanga qarshi gilamga chiqadi. G‘alaba qozongan sportchi bronza medali uchun eronlik Rizo Atrinag‘archi bilan bellashadi.

-57 kg: G‘ulomjon Abdullayev / Tomas Gilman (AQSh) – Rizo Atri (Eron)
-86 kg: Javrail Shapiyev / Stefan Reyxmuts (Shveytsariya) – Artur Nayfonov (ROQ)

Shuningdek, ertaga -74 kg vazn toifasida yana bir vakilimiz Bekzod Abdurahmonov ham o‘z ishtirokini boshlaydi. Unga birinchi davrada Puerto-Riko vakili Franklin Gomes raqiblik qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: