Samarqandda test tahlil javoblarini onlayn olish imkoniyati yaratildi

O‘zbekiston 10:30 / 04.08.2021 9669

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun test tahlil namunalarini topshirish va uning javoblarini olish jarayonida fuqarolar tomonidan karantin talablarining buzilish holatlari uchrayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati mazkur xabarlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, haqiqatan ham Samarqand viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida fuqarolar tomonidan test tahlil namunalarini topshirish va uning javobini olish jarayonida karantin qoidalarining buzilish holatlari sodir etilmoqda.

Qayd etilishicha, bu yerga kelayotgan fuqarolar boshqarma binosining ko‘rinadigan nuqtalarida o‘rnatilgan «Oraliq masofani saqlang!», «Karantin talablariga qat'iy rioya eting!» kabi eslatmalarga rioya qilmayapti. Bundan tashqari, ayrim fuqarolarning sabrsizligi va toqat qilolmasligi tufayli karantin qoidalarining buzilish holatlari ham uchramoqda.

Ta'kidlanishicha, bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan onlayn baza ishga tushirilgan. Endi test tahlil namunalarini topshirgan fuqarolar uning javoblarini samses.uz sayt orqali onlayn olishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘zlariga kerakli ma'lumotni olishlari uchun bevosita boshqarmaning CALL markazidagi +99866 233 26 99 telefon raqamiga murojaat qilishlari ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz pochtasiga Samarqand shahrida yashovchi fuqarodan yuqoridagi mavzuda murojaat bo‘lgan edi. Fuqaro murojaatida viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi binosida test tahlil javobini olayotganlar soatlab kutib qolayotgani, shuningdek, bu yerga kelayotgan odamlar ham karantin qoidalariga amal qilamayotganini ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: