Samarqand viloyatida test sinovlari bo‘lib o‘tadigan 5-14 avgust kunlarida abituriyentlar uchun maxsus avtobus qatnovlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 16:49 / 04.08.2021 1004

Samarqand viloyatida test sinovlari bo‘lib o‘tadigan 5-14 avgust kunlarida abituriyentlar uchun maxsus avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Qatnovlar viloyatning barcha tumanlarini qamrab oladi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 5-14 avgust kunlari test sinovlari bo‘lib o‘tadigan Samarqand shahri, Jomboy va Samarqand tumanlarida joylashgan manzillarga abituriyentlarni yetkazish uchun alohida yo‘nalishlar tashkil qilinadi.

Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalishlarda maxsus avtobuslar ertalab soat 4:30dan 6:00gacha, kunning ikkinchi yarmida kech soat 21:00dan 22:00gacha (imtihon bo‘lib o‘tadigan hududdan birinchi manzilgacha) harakatlanadi. Ushbu avtobuslardan faqatgina abituriyentlar foydalanishi mumkin.

Maxsus avtobuslar:

  • Ishtixon, Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo tumanlaridan kelib imtihon topshiruvchi abituriyentlar uchun Motrid va Dahbed qo‘rg‘oni tutashgan hududda (xalq tilida Motrid krugida);
  • Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumani va shahri hamda Past Darg‘om tumanidan keluvchi abituriyentlar uchun Past Darg‘om tumani, Balxiyon mahallasi hududidagi sobiq Charxin YPX maskanida;
  • Urgut, Toyloq tumanlaridan kelib imtihon topshiruvchilar uchun Samarqand tumani, Chumchuqli qishlog‘i (M-39 Toyloq aylanma krugida);
  • Bulung‘ur, Jomboy tumanlaridan keluvchi abituriyentlar uchun Cho‘ponota massividagi sobiq YPX Shtab maskanida;
  • Nurobod va Samarqand tumanlaridan keluvchi abituriyentlar uchun Parranda fabrikasi yaqinidagi aylanma krugida tashkillashtiriladi.

Ta'kidlanishicha, har bir maxsus avtobus qaysi yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi haqida yo‘l ko‘rsatkich bilan ta'minlanadi. Avtobuslarning sanitariya qoidalariga rioya qilishi, yo‘lovchilar soni viloyat transport boshqarmasi mas'ul xodimlari hamda inspektorlari tomonidan nazorat qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: