Oliy sud «snos» masalasida Qarshi shahar hokimligi tomonidan 6 yil sarson qilingan tadbirkor foydasiga hukm chiqardi

O‘zbekiston 10:35 / 04.08.2021 5673

Oliy sud «snos» masalasida olti yil sarson bo‘lgan tadbirkor manfaatlari uchun viloyat Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan kassatsiya shikoyatini qanoatlantirgan. Endi Qarshi shahar hokimligi tadbirkorga olti yil avval buzib tashlangan mulki uchun kompensatsiya to‘lab beradi. Bu haqda Biznes-ombudsman devonining Qashqadaryo viloyati mas'uli Sheroz Shodiyev Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi «Sevinch» xususiy korxonasi (tadbirkorlik sub'yektining nomi o‘zgartirilgan) Biznes-ombudsman devoniga buzilgan dorixona binosi uchun hokimiyat tomonidan kompensatsiya berilmaganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Surishtiruvda aniqlanishicha, Qarshi shahar hokimligi tomonidan 2016 yil 25 martda xususiy korxonaga tegishli ko‘chmas mulkni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi to‘g‘risida 19/03-sonli ogohlantirish xati berilgan. Shundan so‘ng hokimlik tomonidan xususiy korxonaga tegishli ko‘chmas mulk binosi yaroqsiz holatga keltirilgan.

Holat yuzasidan Biznes-ombudsman xususiy korxona manfaati uchun Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritgan. Lekin sudda bino to‘liq buzilmagani hamda hokimlik tomonidan xususiy korxonaga kompensatsiya to‘lovini to‘lash majburiyati yuklatilganini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi ta'kidlanib, da'vo arizasi rad qilingan. 

Shuningdek, Biznes-ombudsman Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudiga kiritgan apellyatsiya shikoyati ham sud tomonidan inobatga olinmagan.

Shundan so‘ng, Biznes-ombudsman tadbirkorning manfaati uchun Oliy sudga kassatsiya shikoyati taqdim qilgan. Oliy sudning 2021 yil 2 avgustdagi qarori bilan shikoyat qanoatlantirilib, Qarshi shahar hokimligidan kompensatsiya to‘lovini undirish belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: