Olimpiadada orzudagi final bo‘ladi - Braziliya Ispaniyaga qarshi

Sport 01:02 / 04.08.2021 22160

Brazillarda qatorasiga uchinchi final
Olimpiada-2020. Futbol. 1/2 final
Meksika — Braziliya — 0:0 q.v.
 (0:0, 0:0, 0:0). Penalti — 1:4
Penaltilar seriyasi: Dani Alves — 0:1. Agirre — 0:1 (darvozabon). Martinelli — 0:2. Vaskes — 0:2 (ustun). Gimarayns — 0:3. Rodriges — 1:3. Reyniyer — 1:4.
Meksika: Ochoa, Montes, X.Angulo (Mora, 98), Vaskes, Lorona, Romo, Eskuvel (Rodriges, 46), Kordova (X.Angulo, 78), Vega (Alvarado, 90+2), Antuna (Laynes, 62), Martin (Agirre, 98).
Braziliya: Santos, Dani Alves, Arana, Diyegu Karlos, Ninu, Duglas Luis (Mateus Enrike, 115), Gimarayns, Klaudinyu (Reyniyer, 73), Risharlison, Paulinyu (Martinelli, 67), Antoni (Malkom, 91).
Ogohlantirishlar: Diyegu Karlos, 37. Montes, 40. Antoni, 64. Gimarayns, 72. Laynes, 74. Reyniyer, 76. Lorona, 76. Romo, 105. Duglas Luis, 110.
Hakam: Kabakov (Bolgariya).
3 avgust. Kasima (Ibaraki). «Kasima» stadioni.

Braziliyaning bu bosqichgacha bo‘lgan o‘yinlari o‘ziga xos mashg‘ulot o‘yinlaridek o‘tdi. «Selesao»da shunday kuchli tarkib yig‘ilganki, real raqobatchilarni sanash uchun bir kaft barmoqlari ko‘plik qiladi. Shunday jamoalardan biri bo‘lgan — Germaniya — guruh bosqichidayoq zararsizlantirildi, nemislarga qarshi o‘yin Andre Jardin jamoasining kunchiqar mamlakatdagi eng yorqin o‘yini bo‘ldi.

Bu o‘yin boshlang‘ich turga to‘g‘ri kelgandi va faqat yarimfinalga kelib Braziliya yana to‘liq kuch bilan harakat qildi. Meksikaliklar ilk daqiqalardanoq himoyalanishga majbur bo‘lishdi, faxriy darvozabon Ochoani esa qanot himoyachilari Arana va Dani Alves ishga ko‘mib tashlashdi. Aftidan, bunday bosim birinchi bo‘lim o‘rtalariga borib samara bergandek edi,ammo Duglas Luis raqib jarima maydonida yiqilgan vaziyatning videotakroridan keyin hakam belgilangan penaltini bekor qildi, bu vaziyatda «Aston Villa» futbolchisi «Atsteklar»ning to‘qnashuvdan qochishga ulgurmaydigan holatda qolgan himoyachisiga o‘zi borib urilgandi.

Ammo o‘yinning boshini himoyada o‘tkazgan Meksika baribir nega aynan ular Olimpiadaning eng samarali jamoasi bo‘lib turganini isbotlashdi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida brazillar darvozasi oldida ikki xavfli vaziyat yuzaga keldi, Romaning kuchli zarbasini Santos bartaraf etgan bo‘lsa, yana bir zarba darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi. Va bu ikki vaziyat Braziliyaning vaziyatlaridan xavfliroq edi. Amaldagi chempionlar o‘yinning asosiy vaqtida masalani hal qilishga yaqin edi, ikkinchi bo‘lim oxirlarida turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Risharlisonning zarbasi ustundan qaytdi.

Natijada brazillar rejadan tashqari yana yarim soat chopishiga to‘g‘ri keldi, bu vaqtni meksikaliklar jarima maydoniga qamalib olgan holda o‘tkazdi. Brazillar ularning himoya qo‘rg‘onini buzib o‘ta olishmadi va barchasi penaltilar seriyasida hal bo‘ladigan bo‘ldi. Unda 36 yoshli Ochoa barcha to‘rt zarbaning yo‘nalishini aniq topdi, ulardan birida to‘pga tegindi ham, ammo hech birini qaytara olmadi. Santos esa birinchi zarbaniyoq bartaraf etdi, meksikaliklarning keyingi urinishida to‘p darvoza ustuniga tegdi.

Braziliya endi qatorasiga uchinchi marta Olimpiya o‘yinlari finalida o‘ynaydi, lekin bu rekord emas. Janubiy amerikaliklar shunchaki Vengriyaning natijasini (1964—1972) takrorlamoqda, bu borada eng yaxshi natija esa Yugoslaviyaga tegishli, yugoslavlar 1948 yildan 1960 yilgacha bo‘lgan davrda to‘rt marta oltin medallar uchun kurashishgan. Lekin Olimpiya o‘yinlari medallari bo‘yicha «Selesao»ning tengi yo‘q. Hozirgi turnir ular uchun sovrinli bo‘lgan yettinchisi hisoblanadi — shu vaqtgacha bir chempionlik, uch bor kumush va ikki bor bronza medallar olingan. 38 yoshli Dani Alves sovrinlarga to‘ymayapti va 2019 yilgi Amerika Kubogidan keyin yana bir sovringa ega chiqishni orzu qilmoqda.

Asensioning mo‘jizaviy goli

Olimpiada-2020. Futbol. 1/2 final
Yaponiya — Ispaniya — 0:1 q.v
. (0:0, 0:0, 0:1)
Gol: Asensio, 115.
Yaponiya: Tani, Yosida, Sakai, Itakura, Nakayama, Xatate (Soma, 65), Endo, Doan (Miyesi, 91), Kubo (Maeda, 91), Tanaka (Xashioka, 118), Xayashi (Ueda, 65).
Ispaniya: Simon, Pau Torres, Kukurelya (Miranda, 106), Garsiya, Xil (Valexo, 46), Merino (Soler, 59), Subimendi (Monkayola, 97), Pedri (Asensio, 83), Oyyarsabal, Mir, Olmo (Puado, 60).
Ogohlantirishlar: Xil, 13. Merino, 51. Subimendi, 90+5. Sakai, 99. Valexo, 110. Asensio, 116. Mir, 117.
Hakam: Ortega (Peru).
3 avgust. Saytama. «Saytama 2002» stadioni.

Ba'zida statistika hayratlanarli ko‘rinish oladi. Ma'lum bo‘lishicha, «Qizil furiya» shu vaqtgacha Olimpiadalarda yaponlarni mag‘lub eta olmagan — hatto ularning darvozasiga birorta gol urishmagan. 1968 yilgi golsiz durangni misol keltirish — juda uzoq o‘tmishga murojaat qilish sanalsa, 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat London-2012 olimpiadasida qayd etilgan, o‘shanda Ispaniya guruhdan ham chiqolmagandi. Bu safargi o‘yinda ham birinchi aniq zarbani 38 daqiqa kutishga to‘g‘ri keldi, bu vaziyatda chorakfinal qahramoni Rafa Mir darvozabonni alday olmadi. Umuman olganda, birinchi yarimfinal o‘yini bilan solishtirganda, ikkinchisi u qadar tomoshabop bo‘lmadi.

Ikki o‘yindagi umumiylik - 11 metrlik zarbalarning bekor qilinishi bilan bog‘liq epizodlardir. Ikkinchi bo‘limning birinchi qismida darvozabon hududi yaqinida to‘pga intilgan Merino yiqildi, videotakrordan keyin hakam bu vaziyatda Yosida birinchi bo‘lib to‘pga tegingani va ispaniyalik futbolchi o‘zi himoyachining oyog‘iga zarba bergani haqida qaror qabul qildi. O‘z-o‘zidan 32 yoshli himoyachiga qo‘pollik uchun ko‘rsatilgan sariq kartochka ham bekor bo‘ldi. Aftidan, bu 90 daqiqalikdagi eng qiziqarli vaziyat edi, shu tufayli muxlislar Olimpiya o‘yinlarida durang natijadan keyin xuddi Amerika Kubogidagi kabi darhol penaltilar seriyasi boshlanib ketmasligidan afsuslanishdi deyish ham mumkin.

E'tiborli jihati, Ispaniya Yevro-2020 va Olimpiada pley-offlaridagi barcha besh o‘yinda 120 daqiqadan o‘ynadi. Ikki bor ular o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borishdi, ammo bu safar bunga hojat qolmadi. Asensioning ajoyib zarbasi zerikarli o‘yinni bezadi. Endi shanba kungi o‘yinda bu yozda jamoa bilan ikkita katta turnirda qatnashayotgan 18 yoshli Pedri yozgi o‘yin vaqtini yanada oshirib oladi, bu ko‘rsatkich hozirda 1068 daqiqaga yetgan.

Shanba, 7 avgust kuni, finalda quyidagi jamoalar uchrashadi:
Braziliya — Ispaniya. 16.30 Toshkent vaqti.

Ko‘proq yangiliklar: