Korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi dasturiy ta'minot ishga tushirildi

O‘zbekiston 20:52 / 04.08.2021 6296

Korrupsiya holatlari haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta'minot ishlab chiqildi. Bu haqda agentlik saytida xabar berilmoqda.

Xabarda aytilishicha, eanticor.uz sayti test rejimida ishga tushirilgan bo‘lib, unda korrupsiya holatlari haqidagi murojaatlarni to‘rtta shaklda, ya'ni “Korrupsiyaga duch keldim va pora berishga majbur bo‘ldim”, “Korrupsiyaga duch keldim va pora bermadim”, “Pora bilan bog‘liq bo‘lmagan korrupsiyaga duch keldim” va “Halol ishlaydigan davlat xizmatchisini uchratdim” kabi mavzularda yuborish mumkin.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi eanticor.uz orqali berilayotgan korrupsiya holatlari haqidagi murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish bilan bir qatorda berilgan murojaatlar asosida sohalardagi korrupsion holatlarni tahlil qiladi va o‘tkaziladigan tahlil natijalariga ko‘ra korrupsiyaga imkon yaratayotgan omillarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Jumladan, korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgan normalarni o‘zgartirish, bekor qilish yoki qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va ularni amalga oshirish choralari ko‘riladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, eanticor.uz orqali fuqarolarning korrupsiyaga oid murojaatlari asosida vazirlik, idoralar, viloyat va tumanlarning statistik reytingini kuzatib borish imkoniyati yaratilgani aytilmoqda. 

Bunda, tegishli idoralar mutasaddilari reytingdan tegishli xulosalarni chiqargan holda korrupsiyaga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: