JSST koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlashni to‘xtatib turishga chaqirdi

Jahon 23:01 / 04.08.2021 20403

JSST koronavirusga qarshi revaksinatsiya, ya'ni vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlashni kamida sentyabrgacha to‘xtatib turishga chaqirdi. JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesusning ta'kidlashicha, bunday chora dunyoda vaksinaning birinchi va ikkinchi dozasi bilan emlashning yetarli darajasini ta'minlash uchun zarur.

“JSST buster emlashga kamida sentyabrgacha moratoriy kiritishga chaqiradi”, deb aytgan Gebreyyesus. Uning ta'kidlashicha, buning evaziga past daromadli davlatlarga ko‘proq vaksina yo‘naltirilib, dunyo aholisining 10 foizini sentyabrgacha emlash bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishish mumkin bo‘ladi.

JSST rahbarining ta'kidlashicha, uchinchi dozaga moratoriyni birinchi navbatda aholisining katta qismi vaksinaning ikki dozasini olib bo‘lgan boy davlatlar kiritishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Buster, ya'ni vaksinaning uchinchi dozasini qo‘llash emlash samaradorligini oshirish uchun zarur. Isroil, Fransiya, Germaniya va Yaqin Sharq davlatlarining ko‘pchiligi to‘liq emlangan aholisiga vaksinaning uchinchi dozasini kiritish boshlanishini e'lon qilgan. Shuningdek, AQSh va Britaniyada ham ushbu chora virusning xavfliroq “delta” shtammiga qarshi kurash usullaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: