Ekopartiyaga taklif qilingan yangi ramz partiya faollari e'tiroziga sabab bo‘ldi

O‘zbekiston 20:06 / 04.08.2021 10137

Unda partiyaning yangi ramzini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekiston ekologik partiyasining amaldagi ramzi

Partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Qonunchilik palatasi deputati Kamoliddin Jumaniyozovga ko‘ra, har bir saylovga partiyalar yangicha yondashuv bilan kirib boradi. Shu ma'noda siyosiy partiya uchun ramzlar juda muhimdir. 

Kamoliddin Jumaniyozov

«Bizning taklif etilayotgan yangi ramzimiz to‘rtburchak shaklda bo‘lib, u oq rangda ifodalangan. Bu – tinchlik, poklik, beg‘uborlik va tozalik ifodasidir. 

Ramzdagi ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan yashil barg esa yasharish, yangilanish va kelajakka bo‘lgan ishonchning belgisidir. 

Ramzimizda shuningdek, O‘zbekiston ekologik partiyasi nomidagi bosh harflar moviy, ko‘k rangda ifoda etildi. Bu tinchlik va mamlakatning musaffo osmoniga ishora. 

Shulardan kelib chiqqan holda taklif etilayotgan yangi ramzimizni tasdiqlab berishingizni so‘rayman», – dedi u.

O‘zbekiston ekologik partiyasining taklif etilayotgan yangi ramzi

Plenum davomida partiyaning taklif qilingan yangi ramzi bo‘yicha muhokamalar qizg‘in tus oldi. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati Leyla Seyitovaga ko‘ra, yangi ramzda partiya nomidagi bosh harflar ifoda etilgan qisqartmadagi lotincha «O‘» harfidagi «‘» apostrofi tushib qolgan. 

Leyla Seyitova

«Bu esa o‘zbek tili imlo qoidalarining jiddiy buzilishi hisoblanadi», –dedi deputat.

Ekopartiya yana bir faoli Xadichaxon Nazarovaning fikrlariga ko‘ra, partiyaning taklif etilayotgan yangi ramzi juda oddiy ko‘rinishda ishlangan. 

«Bu juda oddiy va uni qayta ishlash kerak. Bu ramz faqat yashil barg va yozuvdan iborat bo‘lib qolgan. Ma'lumotlar esa juda kam», – dedi u.

Shu kabi fikrlardan keyin taklif qilingan yangi ramz partiya qurultoyigacha ishchi guruh tomonidan qayta ishlab chiqiladigan bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: