Chexiyada poyezdlar to‘qnashuvi: uch kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishi jarohatlandi

Jahon 16:50 / 04.08.2021 6098

Ma'lumotlarga ko‘ra, avariya mashinistlardan birining aybi bilan sodir bo‘lgan.

Myunxendan Pragaga Ex 351 reysini amalga oshirayotgan «G‘arbiy ekspress» va Plzendan Domajlitsega qarab harakatlangan hududiy RegioShark poyezdi mahalliy vaqt bilan tonggi soat 8 atrofida to‘qnashgan.

47 kishi jarohatlangan, ularning yetti nafari og‘ir ahvolda.

Chexiya nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, hodisada jabrlanganlarga joy bo‘shatish maqsadida Domajlitsedagi shifoxonada rejadagi barcha operatsiyalar bekor qilingan.

Myunxen-Praga poyezdi elektrovozi jiddiy shikastlangan

Chexiya transport vaziri Karel Gavlichekning ma'lum qilishicha, poyezdlar yuzma-yuz to‘qnashishi Myunxen-Praga yo‘nalishidagi tezyurar poyezd mashinisti aybi bilan ro‘y bergan, u taqiqlovchi signalga e'tibor qaratmagan.

«Ekspress «Stop!» yozuvli tablichkani ko‘rganidan keyin to‘xtatish kera edi, ammo u to‘xtamagan va harakatlanishda davom etib, yo‘lovchi poyezdi bilan to‘qnashgan. Xavfsizlik texnikasi avariya vaqtida ishga tushadi, ammo inson omili ham bor», degan u.

Halokat bir temir yo‘l izi o‘tgan joyda ro‘y bergan, bu yerda poyezdlar bir-biriga yo‘l bergan holda harakatlanishi kerak bo‘ladi.

Hodisa joyida chexiyalik qutqaruvchilarga germaniyalik hamkasblari yordam bermoqda.

Ko‘proq yangiliklar: