Belarus hukumati G‘arbga noqonuniy migrantlar oqimi o‘sganini bildirdi

Jahon 19:57 / 04.08.2021 4293

Belarus hukumati G‘arbga noqonuniy migrantlar oqimi o‘sganini qayd etmoqda, bu vaziyatda Minskni ayblash asossiz, dedi respublika xavfsizlik kengashi davlat kotibi Aleksandr Volfovich.

"Ha, g‘arbiy yo‘nalishda noqonuniy migratsiya oqimi o‘sganini qayd etmoqdamiz. Bu Yevropa mamlakatlari uchun yangilikmi? Menimcha, yo‘q. Bir necha yillardan buyon Yevropa mamlakatlariga Yaqin Sharq mamlakatlaridan noqonuniy migrantlar oqimi o‘sib bormoqda. Bunda Belarusni ayblash kerakmi? Yo‘q, buning tub ildiziga qarash va sababini aniqlash kerak", – deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda BelTA agentligi.

Volfovichning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb mamlakatlari "demokratik qadriyatlar olib kirish bahonasida Yaqin Sharqning bir paytlar gullab-yashnagan mamlakatlarini urush holatiga keltirib qo‘ydi".

Hozirda Belarus orqali Litvaga ko‘plab noqonuniy migrantlar o‘tmoqda. Litva bunda Belarusni ayblamoqda. Davlat chegara xizmati vakilining ta'kidlashicha, muhojirlar avvallari chegarani tungi vaqt va videokameralar yo‘q bo‘lgan joylarda kesib o‘tgan bo‘lsa, hozirda buni butun chegara bo‘ylab va kunning istalgan paytida amalga oshirmoqda.

Ta'kidlanishicha, Belarus oxirgi vaqtda Iroqdan reyslar sonini keskin ko‘paytirgan. Minsk aeroportidagi parvozlar jadvali Belarus muhojirlarni ataylab olib kelib, migratsiya inqirozini yuzaga keltirish uchun ularni Litvaga jo‘natayotganidan darak bermoqda.

Ko‘proq yangiliklar: