Toshkentning lafzsiz YHX mulozimlari: Hukumat qarori oyoqosti bo‘lganicha qoldi

O‘zbekiston 23:11 / 03.08.2021 46404

Qonunlarda belgilangan majburiyatlardan ko‘ra rahbarlarining buyurgan hattoki noqonuniy topshiriqlarini so‘zsiz bajaradigan yo‘l posbonlari bugun biz takror eslab o‘tadigan masalada o‘z tizimining eng yuqori mansabdori bergan topshiriqqa ham “tupurib” qo‘yishdi.

Saytimizda “YHX xodimi hukumat qaroriga zid ravishda elektron sug‘urta polisini inobatga olmadi va ma'muriy bayonnoma tuzdi” sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqaro o‘zining shaxsiy avtomobili DYHX xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda, ularga taqdim qilgan elektron sug‘urta polisi (E-polis) inobatga olinmagani hikoya qilingan.

Haydovchiga avtomobilni transport egalari fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasisiz boshqarganlik aybi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Holbuki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “Elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 780-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom 32-bandida davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Ye-polis haqiqiyligini tekshirish tegishli mobil qurilma orqali QR-kodni o‘qib olish yoki Ye-polis noyob raqamini kiritish orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Yuqoridagi holatda YHX xodimi haydovchi tomonidan o‘ziga telefonda ko‘rsatilgan elektron sug‘urta polisiga hattoki qayrilib qaramagan. Shuningdek, xodimga Vazirlar Mahkamasining qarori va to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbar organi – IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olimjon Saidovning xati ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, haydovchiga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Haydovchiga BHMning bir barobari (245 ming so‘m) miqdorida jarima yozilgan. Huquqlari buzilgan fuqaro yo‘l harakati xavfsizligi xodimining qonunga zid qarori ustidan sudga shikoyat kiritgan.

Maqola e'lon qilingach, muallif va asossiz jarimaga tortilgan haydovchi Toshkent shahar IIBB YHBga taklif qilindi. Ma'muriy bayonnomani rasmiylashtirgan xodim ham chaqirtirildi. Buni qarangki, xodim hatto qo‘lidagi planshetdan foydalanishni ham tuzuk-quruq bilmas ekan. Unga shu yerning o‘zida Ye-polis planshetdan qanday tekshirilishi bo‘yicha master-klass ham o‘tib berishdi.

So‘ngra haydovchiga tushunmovchilik ro‘y bergani aytilib, ma'muriy bayonnoma tez kunda bekor qilinishiga va'da berishdi. Bu va'dalarga ishongan haydovchi sudga kiritgan shikoyatini ham qaytarib oldi.

Ammo mana, oradan 1 oydan oshiqroq vaqt o‘tdi hamki, o‘sha ma'muriy bayonnoma bekor qilingani yo‘q.

Qonunlarda belgilangan majburiyatlardan ko‘ra o‘z rahbarining, hattoki, noqonuniy topshiriqlarini so‘zsiz bajaradigan yo‘l posbonlari bugun biz takror eslagan masalada o‘z tizimining eng yuqori mansabdori (O.Ch.Saidov) bergan topshiriqqa ham tupurib qo‘yishdi.

Bu voqeada Vazirlar Mahkamasining qarori ikki chaqaga olinmaganini qo‘ya turaylik. DYHXX mulozimlarining o‘zlari bergan va'dasining ustida turmasligi, lafzsizligi ham alohida “e'tirof”ga loyiq.

Shuning uchun hech qachon ularning og‘zaki va'dalariga ishonmaslik kerak, doimiy ularga qarshi qonuniy yo‘l bilan kurashish kerak. Soliq to‘lovchilar hisobidan mansabda o‘tirgan va maosh olayotgan bunday shaxslarga yaxshi gap, murosa kabi narsalar begona bo‘lsa kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar vazirligi e-Jarima portali bir necha oy ishlamay yotgani uchun mas'uliyatni bo‘yniga olishdan qochgan edi. Vazirlik portal ishlamasligi haqida oldindan ogohlantirmagan, sargardon qilingani uchun fuqarolardan uzr ham so‘ramagan edi. IIVning aybi bilan jarimani chegirmali ravishda to‘lash huquqi poymol bo‘lgan fuqarolar masalasi esa hamon ochiq qolyapti.

Dilshod Abduqodirov

Ko‘proq yangiliklar: