Tokio kundaligi. O‘zbekiston yana bir medal oldi, yunon-rum kurashchilari yakunladi, bokschilardan yagona vakil qoldi

Sport 22:49 / 03.08.2021 33160

Kunni yengil atletika bo‘yicha bahslar boshlab berdi.

Uch xatlab sakrash musobaqasida ishtirok etgan Ruslan Qurbonov saralash bahslarida uch urinishda ham sakray olmadi va musobaqani hech qanday natijasiz yakunladi.

O‘zbekiston boks jamoasi esa turnirda katta muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Bugungi bahslardan keyin 11 nafar sportchidan faqat bir nafari turnirda qolmoqda.

3 avgust kuni o‘zbekistonlik uch bokschi chorakfinalda ringga chiqdi. Dastlab Rio Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov (-52 kg) filippinlik Karlo Palamga qarshi jang qildi. Dastlabki raund filippinlik bokschining hisobiga yozildi. Ikkinchi raund davomida referi Zoirovning qoshi yorilgani uchun jangni to‘xtatdi. Shu vaqtga qadar to‘plangan ochkolar hisobiga ko‘ra filippinlik bokschi g‘olib deb topildi. Endi u yarimfinalda mezbonlar vakili Kosey Tanakaga qarshi ringga chiqadi.

Elnur Abduraimov (-63 kg) armanistonlik Xovxannes Bachkov qarshisida ojiz qoldi - hakamlar bir ovozdan uning raqibi g‘alabasini qayd etishdi.

Rayhona Qodirova (-60 kg) esa braziliyalik Beatriz Ferreyraga yutqazib, medaldan quruq qoldi.

Endilikda O‘zbekiston boks jamoasida medal uchun kurashadigan birgina vakil qoldi. Bahodir Jalolov 4 avgust kuni yarimfinalda britaniyalik Freyzer Klarkka qarshi jang qiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston boks terma jamoasi besh yil muqaddam, Rio Olimpiadasida 3ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Yunon-rum kurashi jamoasining so‘nggi vakili Rustam Assakalov (-87 kg) ishtirokini yaxshi boshladi. U 1/8 finalda gruziyalik jahon chempioni Lasha Gobadzega qarshi kurash olib bordi. Unda O‘zbekiston vakili 6:5 hisobida g‘alaba qozondi.

Ammo chorakfinalda o‘zbekistonlik kurashchi xorvatiyalik Ivan Xuklekka mag‘lub bo‘ldi - 1:4. Xuklek esa yarimfinalda ukrainalik Jan Belenyukka qarshi gilamga chiqib imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Natijada Rustam Assakalovda bronza uchun kurashish imkoniyati bo‘lmadi.

Shu tariqa, yunon-rum kurashi jamoasi Olimpiadani medalsiz tark etadigan bo‘ldi. Bungacha Elmurat Tasmuradov (-60 kg), Mo‘minjon Abdullayev (-130 kg) va Jalg‘asbay Berdimuratov (-77 kg) muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Tasmuradov va Berdimuratov ilk bosqichdayoq, Abdullayev esa chorakfinalda kurashni to‘xtatgan, ularning raqiblari finalga chiqa olmagan va bronza uchun kurashish imkoniyati bo‘lmagandi.

O‘zbekiston delegatsiyasi qariyb bir haftaga cho‘zilgan medalsiz tanaffusdan keyin oltin medal oldi. Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev ikki yo‘nalishda Olimpiada rekordini o‘rnatgan holda chempion bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 193 kg, siltab ko‘tarishda 237 kg natija ko‘rsatdi (Olimpiya rekordi), jami 430 kg.ni (bu ham Olimpiya rekordi sifatida qayd etildi) o‘ziga bo‘ysundirdi.

Ma'lumot uchun, hozirda 21 yoshda bo‘lgan Akbar Jo‘rayev 2019 yil sentyabrida Tailanddagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida siltab ko‘tarishda 229 kg natija, jami 417 kg natija ko‘rsatib, jahon rekordlarini o‘rnatgandi. 2021 yil aprelida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida esa siltab ko‘tarishda 234 kg natija bilan Osiyo rekordini yangilagandi.

Og‘ir atletika jamoasining -67 kg vazn toifasidagi vakili Adhamjon Ergashev jami 312 kg (139+173 kg) tosh ko‘targan va musobaqani oltinchi o‘rinda yakunlagandi. -55 kg vazn toifasi vakili Muattar Nabiyeva dast ko‘tarishda Olimpiada rekordini qayd etgan bo‘lsa-da, yakunda to‘rtinchi o‘rinda qolib ketgan (98+114), -76 kg vazn toifasi vakili Kumushxon Fayzullayeva esa oltinchi o‘rinni (101+126) egallagandi.

Jo‘rayevning oltinidan keyin O‘zbekiston umumiy reytingda 46-o‘rindan 27-o‘ringa ko‘tarildi.

Ko‘proq yangiliklar: