Tokio-2020. Xitoy hammani «changida qoldirmoqda», Yaponiya uchinchi kun oltinsiz, Valixon Xitoy uchun bronza yutdi

Sport 09:38 / 03.08.2021 17657

Yaponiyada olimpiada o‘yinlari davom ettirilmoqda. Avgust oyining dastabki ikki kunida 8 ta oltin medal olgan Xitoy umumjamoa hisobida hammani «changida qoldirib ketyapti». 2 avgustning o‘zida chinliklar og‘ir atletikada ikkita, gimnastika, o‘q otish va ko‘pkurashda bittadan oltin olishdi. Natijada Xitoyda hozirda 29 ta oltin medal bor.

Darvoqe, Valixon Saylike ismli millati qozoq kurashchi yigit Xitoy jamoasi safida bronza oldi. Avgustda hozircha 5 ta oltin olgan Amerika 22 ta chempionlik bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Uchinchi o‘rinda hamon mezbon Yaponiya. Xabaringiz bor, yaponlar 30 iyul kuni 17-oltinni qo‘lga kiritib, mamlakat olimpiyachilarining 2004 yil Afinada o‘rnatilgan milliy rekordini yangilagandi. Hech qachon yapon olimpiadachilari bir musobaqada bu qadar ko‘p oltin olmagandi. Yaponiya shu bilan to‘xtab qoldi. Mana, uch kundirki ular oltin ololmayapti.

Xitoyda oltin eng ko‘p bo‘lsa-da, xuddi yalpi ichki mahsulotda bo‘lgani kabi chinliklar hech Amerikani ortda qoldirolmayapti. Shtatlarda 64 ta, Xitoyda 62 ta medal bor. Bu borada bayroqsiz Rossiya atletlari 50 ta medal bilan uchinchi o‘rinda. Umumjamoa hisobida Tokioda favqulodda zo‘r qatnashayotgan Avstraliya to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgan. 1 avgustda naq 4 ta oltin olgan Avstraliya ruslar bilan farqni ikkita oltingacha yetkazishdi. Doimgidek Avstraliya suv sportlarida fenomenlardan biri ekanini isbotlamoqda.

Avstraliya oxirgi uchta olimpiadadagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatmoqda. Ular Rio va Londonda 8 tadan oltin olishgan, Pekin va Afinada esa oltin mos ravishda 14 va 17 ta bo‘lgan. Avstraliyadan keyin Rossiya 12 ta oltin bilan bormoqda. Avgustdda ruslarda hozircha bitta oltin bor, u ham kutilgan oltin. Tennisdagi miks finalida ikki rus juftligi chiqqandi va bitta oltin naq edi. Finalda Nastya Pavlyuchenko va Andrey Rublyov juftligi Riodagi chempion Yelena Vesnina boshchiligidagi juftlikni mag‘lub etishdi. Yakkalik finalida ham ikki rus yigit – Karen Kachanov va Aleksandr Zverev uchrashdi. Biroq oltin Germaniya sharafini himoya qilayotgan Sashaga nasib etdi.

Darvoqe, musobaqa boshida oqsayotgan Germaniya ancha jonlanib qoldi. Avgustda qo‘lga kiritilgan tennis, kurash va ot sportidagi uchta oltin nemislarni umumjamoa hisobida sakkizinchi o‘ringa olib chiqdi. Biroq ularda medallar soni atigi 23 ta. Ha, Germaniya uchun bu atigi.

«Useyn Bolt distansiyasida» yangi chempion, uzunlikka sakrashda oltinni «ikkiga bo‘lishdi»

Yevropa vakili bo‘lgan Italiya Tokioda hozircha 4 ta oltin medal qo‘lga kiritdi, lekin bu medallar juda qimmatli. Ayniqsa, yengil atletikada qo‘lga kiritilgan ikkitasi. Ulardan biri 100 metrga yugurishda italiyalik Marsel Yakobsga nasib etdi. U ikki yil oldin uzunlikka sakrash bilan shug‘ullanadigan atlet bo‘lgan va faqat 2021 yil may oyiga kelib 100 metrga 10 soniyadan tezroq yugurgan. Mana shu atlet olimpiadadagi eng zo‘r medalni yutishini tasavvur qilgandingizmi? Buni uning o‘zi ham kutmagan.

Quyida 2 avgust kuni o‘ynalgan barcha medallar bilan tanishasiz:

Yengil atletika, uzunlikka sakrash, erkaklar

1. Miltiadis Tentoglu (Gretsiya);

2. Xuan Migel Echevarriya (Kuba);

3. Maykel Masso (Kuba).

100 metrga yugurish, ayollar

1. Jasmin Kamacho-Kuinn (Puerto-Riko);

2. Kendra Xarrison (AQSh);

3. Megan Tapper (Yamayka).

3000 metrga yugurish, erkaklar

1. Sofian al Baqqoli (Marokash);

2. Lamexa Girma (Efiopiya);

3. Benjamin Kigen (Keniya).

5000 metrga yugurish, ayollar

1. Sifan Hassan (Niderlandiya);

2. Xellen Onsando Obiri (Keniya);

3. Gudaf Segay (Efiopiya).

Disk uloqtirish, ayollar

1. Valeri Ollman (AQSh);

2. Kristin Pudens (Germaniya);

3. Yayme Peres (Kuba);

Badminton, juftlik, ayollar

1. Greysiya Poliy/Apriyani Raxayu (Indoneziya);

2. Chen Tsinchen/Tszya Ifan (Xitoy);

3. Kim So Yon/Kon Xi Yon (Janubiy Koreya).

Erkaklar, yakkalik

1. Viktor Akselsen (Daniya);

2. Chen Lun (Xitoy);

3. Entoni Ginting (Indoneziya).

To‘pponchadan otish, 25 metr, erkaklar

1. Jan Kikampua (Fransiya);

2. Leuris Pupo (Kuba);

3. Li Yuexun (Xitoy).

To‘pponchadan otish, 50 metr

1. Jan Chanxun (Xitoy);

2. Sergey Kamenskiy (Rossiya);

3. Milenko Sebich (Serbiya).

Velotrek, jamoviy sprint, erkaklar

1. Xitoy;

2. Germaniya;

3. Rossiya.

Og‘ir atletika, ayollar, -87 kg

1. Van Chjouyuy (Xitoy);

2. Tamara Salazar (Ekvador);

3. Krismeri Santana (Dominikan).

+87 kg

1. Li Venven (Xitoy);

2. Emili Kempbell (Britaniya);

3. Sara Roblz (AQSh).

Sport gimnastikasi, halqa, erkaklar

1. Lyu Yan (Xitoy);

2. Yu Xao (Xitoy);

3. Elefterios Petrunios (Gretsiya).

Erkin mashq, ayollar

1. Jyeyd Keri (AQSh);

2. Vanessa Ferarri (Italiya);

3. Angelina Melnikova (Rossiya);

3. Mai Murakami (Yaponiya).

Tayanib sakrash, erkaklar

1. Shin Cho Xvan (Janubiy Koreya);

2. Denis Ablyazin (Rossiya);

3. Artur Davtyan (Armaniston).

Ot sporti, jamoviy uchkurash

1. Buyuk Britaniya;

2. Avstraliya;

3. Fransiya.

Yakkalik

1. Yuliya Krayevski (Germaniya);

2. Tom Makyuen (Buyuk Britaniya);

3. Endryu Xoy (Avstraliya).

Yunun-rim kurashi, 60 kg, erkaklar

1. Luis Sanches (Kuba);

2. Kenitiro Fumita (Yaponiya);

3. Sergey Yemelin (Rossiya);

3. Valixan Saylik (Xitoy).

130 kg, erkaklar

1. Mixain Lopes Nunes (Kuba);

2. Yakob Kadjaya (Gruziya);

3. Sergey Semyonov (Rossiya);

3. Rizo Qoyaalp (Turkiya).

76 kg, ayollar

1. Aline Fokken (Germaniya);

2. Adelayn Grey (AQSh);

3. Yasemin Adar (Turkiya);

3. Chjou Tsyan (Xitoy).

Ko‘proq yangiliklar: