Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari belgilandi

O‘zbekiston 08:42 / 03.08.2021 3501

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va «Roehren-und Pumpenwerk Bauer Gesellschaft.m.b.H» kompaniyasi o‘rtasida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni yetkazib berish va to‘liq o‘rnatish bo‘yicha imzolangan kelishuvga muvofiq «UniCredit Bank Austria AG» banki tomonidan 26 yil 6 oyga 8 yillik imtiyozli davri bilan 7,9 mln yevro miqdorida kredit berilishi ma'qullangan.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • «O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish» loyihasini moliyalashtirish uchun «UniCredit Bank Austria AG» bankining krediti bo‘yicha asosiy qarzni, unga hisoblanadigan foizlar va boshqa to‘lovlarni qaytarish prognoz jadvali;
  • Zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini yetkazib berish va to‘liq o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Loyiha O‘zbekiston hududida amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Burg‘ilash xizmati» MChJ loyiha ijrochisi hisoblanadi.

Loyiha ijrochisi Unicredit Bank Austria AG bankidan jalb etilayotgan kredit bo‘yicha asosiy qarz, hisoblanadigan foiz va boshqa to‘lovlar to‘lanishi uchun mas'uldir. Kredit ijrochi tomonidan o‘z vaqtida so‘ndirilmagan taqdirda qarzdorlik Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Nizomda Avstriyaning «Roehren-und Pumpenwerk Bauer Gesellschaft.m.b.H.» kompaniyasi (ishlab chiqarish tashkiloti) tomonidan ishlab chiqariladigan zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini yetkazib berish va to‘liq o‘rnatish tartibi belgilangan.

Sug‘orish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar manzilli ro‘yxatini shakllantirish uchun qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari rahbarligida ishchi guruh tuziladi. Vazirlik loyiha uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida manzilli ro‘yxatni shakllantirish bo‘yicha o‘zining rasmiy veb-saytida hamda axborot resurslarida e'lon beradi.

Sug‘orish texnologiyalarini joriy etuvchi tashabbuskorlar e'lon berilgan kundan boshlab bir oy muddatda vazirlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • sug‘orish texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida belgilangan shakldagi ariza;
  • sug‘orish texnologiyalari joriy etiladigan yer uchastkasi to‘g‘risida ma'lumotlar;
  • joriy qilinadigan sug‘orish texnologiyalari to‘g‘risida ma'lumotlar.

Ishchi guruh tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘n ish kunida ko‘rib chiqadi hamda ularni manzilli ro‘yxatga kiritish yoki kiritishni asoslantirilgan holda rad etishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ishchi guruh qarori tegishli xulosa shaklida rasmiylashtiriladi.

Vazirlik tasdiqlangan manzilli ro‘yxatni va tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni uch ish kunida ishlab chiqaruvchi tashkilotga yetkazadi. Tashkilot taqdim etilgan hujjatlar asosida ikki oy muddatda har bir tashabbuskor uchun tijorat takliflarini shakllantiradi va vazirlikka taqdim etadi.

Vazirlik tijorat takliflarini besh ish kunida tashabbuskorlarga yozma yoki elektron shaklda davlat tilida taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: