O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashkil etildi

O‘zbekiston 08:26 / 03.08.2021 10477

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2021-2024 yillarda o‘simliklar karantini va himoyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;
  •  O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining hamda markaziy apparatining tuzilmasi tashkiliy tuzilmasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuzilmasi;
  • Viloyatlar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi;
  • Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining tuzilmasi;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi tuman (shahar) bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish;
  • tuproq agrokimyoviy tahlillarini o‘tkazish va qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar sifatini nazorat qilish, tuproq va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsid, nitrat va og‘ir metall tuzlari qoldiqlarini dala sharoitida radiologik-toksikologik tahlillardan o‘tkazish;
  • o‘simliklar karantini va himoyasida prognoz tizimini takomillashtirish, zararli organizmlarga qarshi kurashning uyg‘unlashgan samarali usullarini belgilash hamda ijrosini nazorat qilish, monitoring olib borish, iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish hamda yo‘q qilish;
  • o‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar tizimini rivojlantirish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqalar.

Agentlik bosh direktori Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati «O‘zagrokimyohimoya» AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Agentlikka o‘tkaziladi.

Agentlik tizimida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi negizida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari;
  • Ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridagi filiallari;
  • «Agrokimyo stansiyasi» MChJ va uning hududiy bo‘linmalari negizida Respublika agrokimyoviy tahlil markazi va uning hududiy bo‘linmalari;
  • «Respublika o‘quv-ishlab chiqarish biolaboratoriyasi» MChJ va «Respublika «Biosifat» markaziy laboratoriyasi» MChJ negizida «Biosifat» respublika markazi.

Ilmiy-tadqiqot instituti, Markaz va «Biosifat» respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxslar hisoblanadi.

2021 yil 1 avgustdan boshlab Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markaziy va yirik shaharlarida hamda Toshkent shahrida davlat unitar korxonasi shaklida manzarali va mevali daraxtlar, butalar va gullarni zararli organizmlardan himoya qilish markazlari tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: