Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantiriladi

O‘zbekiston 17:40 / 03.08.2021 990

Prezident 29 iyul kuni «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2021 yil 18 maydagi ‘Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to‘g‘risida’gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida» qaror imzoladi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

Unga ko‘ra, Orolbo‘yi mintaqasida quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilgan:

a) siyosiy-huquqiy innovatsiyalar orqali tarkibiy va transformatsion o‘zgarishlar uchun qulay muhit yaratish hamda institutsional bazani rivojlantirish, shu jumladan:

  • Nukus shahrida Yosh olimlar akademiyasini hamda yosh olimlar, startap loyihalar egalari, tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yoshlar texnoparkini tashkil etish;
  • Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi huzurida o‘simliklar urug‘lari genbanki bilan ta'minlangan laboratoriya, biznes-akselerator o‘quv markazi ochilishini ta'minlash;

b) Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta'minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni amalga oshirish, shu jumladan:

  • yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvonot dunyosi obektlarining elektron xaritalash va ma'lumotlar bazasi yaratilishini ta'minlash;
  • chiqindilarni qayta ishlash, poligonlarni rekultivatsiya qilish va ekologik toza energiya ishlab chiqarilishini ta'minlash;

v) ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini qo‘llab-quvvatlashning innovatsion texnologiyalari hamda mexanizmlarini joriy qilish, shu jumladan:

  • shaxslarning yuzi bo‘yicha aniqlash texnologiyasini joriy etish;
  • qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanib avtonom ichimlik sho‘r suvni tuzsizlantirish texnologiyasini ishlab chiqishni ta'minlash;

g) iqtisodiy va moliyaviy innovatsion mexanizmlardan keng foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlarida resurslarni tejovchi, «yashil» va sirkulyar (chiqindisiz, regenerativ va samarali) zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, shu jumladan:

  • Qoraqalpog‘istonda 2,5 ming gektar maydonda paxta, g‘alla, kunjut, makkajo‘xori va chorva ozuqasi ekinlarini sug‘orishda yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy etish;
  • sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish (oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat) hamda namunalarni laboratoriyaga yetkazish bo‘yicha logistika xizmatini yo‘lga qo‘yish;

d) ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, intellektual mulk obektlarining yaratilishi huquqiy himoyasini ta'minlash hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni joriy qilishda mahalliy va xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan:

  • Qoraqalpog‘iston ekologik xaritasini yaratish va shu asosida ekoturizmni samarali tashkil etish mexanizmini ishlab chiqish;
  • sho‘rlangan tuproqlar ball bonitetini aniqlash maqsadida oliy ta'lim muassasalararo kompleks biokimyoviy tahlil markazini tashkil etish;

ye) xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish;

j) innovatsion loyihalarni moliyalashtirishning ichki manbalarini shakllantirish va muvofiqlashtirish.

Qayd etilishicha, quyidagilar tasdiqlandi:

  • maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish «Yo‘l xaritasi»;
  • maxsus rezolyutsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor innovatsion loyihalar ro‘yxati;
  • maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Idoralararo komissiya tarkibi;
  • «Yo‘l xaritasi» va innovatsion loyihalarda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta'minlash, monitoringi hamda nazoratini amalga oshirish uchun idoralararo ishchi guruhlari tarkiblari.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Trast fondi Orolbo‘yi bo‘yicha 6 mln dollarlik 3 ta loyiha moliyalashtirilishi haqida xabar qilingandi. Biroz avval esa 2020 yilda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik tadbirlar uchun 44,1 mlrd so‘m sarflangani ma'lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: