Moliya vazirligi xodimini so‘kkan Qashqadaryo moliya boshqarmasi rahbariga viloyat hokimligi chora ko‘ra olishini bildirdi

O‘zbekiston 09:54 / 03.08.2021 9023

Moliya vazirligi Koson tumani moliya bo‘limi mudirini haqorat qilgan Qashqadaryo viloyati moliya boshqarmasi rahbariga faqat viloyat hokimligi va kengashi chora ko‘ra olishini bildirdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati e'lon qilgan munosabatda ma'lum qilingan.

Joriy yil 1 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Yusupov xodimlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda Koson tumani moliya bo‘limi boshlig‘i Sh.Safarovni haqorat qilgani qayd etilgan audioyozuv tarqaldi. Holat Moliya vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Munosabatda, Moliya vazirligi tizimida xodimlar va jamoatchilik vakillari bilan munosabatda bo‘lishda bunday holatlarga yo‘l qo‘yilishi vazirlik tizimi xodimlarining professional odob-axloq bo‘yicha umumiy tamoyillariga va ish jarayonidagi xulq-atvor qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi ma'lum qilingan.

Qayd etilishicha, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlash viloyat hokimining Moliya vazirligi bilan kelishilgan taqdimnomasiga asosan xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Shuni hisobga olib, Qashqadaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i F.Yusupovning xatti-harakatlari O‘zbekiston Moliya vazirligi tizimi xodimlarining odob-axloq masalalari bo‘yicha jamlanma ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tegishli takliflar Qashqadaryo viloyati hokimligiga kiritiladi.

Ma'lumot uchun, audioyozuv tarqalgan kuni holat viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari N.Erkayev rahbarligida F.Yusupov va Sh.Safarov ishtirokida viloyat hokimligida muhokama qilingan. Muhokama davomida F.Yusupov ish faoliyatida xodimlarga nisbatan odob-axloq normalariga amal qilgan holda munosabatda bo‘lish hamda masalalarni qonun doirasida ko‘rib chiqish yuzasidan qat'iy ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, bu kabi holatlar viloyatning boshqa tashkilotlari rahbarlari ish faoliyatida qaytarilishining oldini olish hamda rahbarlarning mas'uliyatini oshirish maqsadida viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i F.Yusupovning mas'uliyatini ko‘rib chiqish yuzasidan Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritilgan.

Moliya vazirligi munosabatidan shuni anglash mumkinki, xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan tayinlanadigan viloyat moliya boshqarmasi rahbariga faqat viloyat hokimligi va kengashi chora ko‘rishi mumkin ekan.

Ko‘proq yangiliklar: