Buxorodagi «Abdullaxon» madrasasi devorining bir qismi o‘pirilib tushdi 

O‘zbekiston 11:08 / 03.08.2021 18455

Buxorodagi “Abdullaxon” madrasasi devorining bir qismi o‘pirilib tushdi. Bu haqda Telegram'dagi “Bukhara info” kanalida xabar berildi.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan rasmiy ma'lumotga ko‘ra, ko‘p yillik texnogen jarayonlar (issiq va sovuq iqlim, yog‘ingarchiliklar va yer osti suvlarining ko‘tarilishi) ta'sirida joriy yilning 30 iyul kuni “Abdullaxon” madrasasi orqa tomon devorining bir bo‘lagi o‘pirilib tushgan. 

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha Madaniy meros agentligining viloyat boshqarmasi, Buxoro shahar hokimligi, restavratorlar va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, joyida o‘rganish o‘tkazildi. 

“Shunga ko‘ra, tezkor chora-tadbirlar belgilanib, Respublika Madaniy meros agentligidan vakillar jalb qilindi va “Abdullaxon” madrasasining orqa qismi devorining o‘pirilib tushgan bo‘lagini belgilangan tartibda tegishli loyiha asosida qayta tiklash va zaruriy restavratsiya ishlarini tashkil etish ishlari boshlandi.

Shu bilan birga, Buxoroda texnogen jarayonlar oqibatida nurashi, yemirilishi va qulab tushishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 40ta madaniy meros obektining umumbashariy qiymatini saqlash, ularda tiklash, restavratsiya va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha olimlar, restavratorlar va malakali mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan holda zarur chora-tadbirlar belgilanishi haqida hukumatga aniq takliflar yuborildi”, deyiladi ma'lumotda.

Bundan tashqari, holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari ham olib borilayotgani aytilgan.

Ma'lumot uchun, ushbu me'moriy obida Abdullaxon II tomonidan bunyod etilgan. Madrasa Buxoro xonligidagi eng yirik ma'rifat maskani sifatida bunyod etilgan. Uning qurilishi o‘rta asrlarning so‘nggi davrida, ya'ni 1588-1590-yillarga to‘g‘ri keladi.

Me'moriy obidaning qurilishida xom va pishgan g‘isht, loy, taxta, maxsus “qir” qotishmasi va shu kabi mahsulotlardan foydalanilgan. Hovli atrofini ikki oshyonli hujralar o‘rab turadi. Har ikki tomonida baland peshtoq joylashgan. Peshtoqlar orqali ichkari xonalar va xonaqohga o‘tiladi. Madrasaning katta peshtoqi janubga qaragan. Peshtoq qanotlari va guldastalar sirkor bezaklar bilan pardozlangan. Darvozadan o‘tib, ikki yonidagi katta xonalar – darsxona va masjidga kiriladi.

Me'moriy obida Sharq an'analarini o‘zida mujassamlashtirgan, gumbazli uslubda, bezaklar qo‘llanilgan holda qurilgan. “Modarixon” madrasasi bilan birgalikdagi ko‘rinishi “qo‘sh” uslub namunasi hisoblanadi. Madrasa darvozasi xotamkori uslubining noyob namunasi – girrix shaklli mayda yog‘och parchalaridan terilgan. Me'moriy obidaning o‘ziga xos tomonlaridan biri shundaki, tuzilishi odatdagi madrasalardan ancha farq qiladi. Madrasa o‘z ro‘parasidagi “Modarixon” madrasasiga qarab biroz egilgan holatda qurilgan.

1997 yil Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha me'moriy inshootlar qatorida “Abdullaxon” madrasasi ham qayta ta'mirdan chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: