Akbar Jo‘rayev rekord o‘rnatib, O‘zbekistonga yana bir oltin taqdim etdi

Sport 17:50 / 03.08.2021 50786

O‘zbekiston delegatsiyasi Tokio Olimpiadasida yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi.

109 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan og‘ir atletikachi dast ko‘tarish (193 kg) va siltab ko‘tarish (237 kg) mashqlarida jami 430 kg.ni o‘ziga bo‘ysundirib, Olimpiada chempioniga aylandi.

U dast ko‘tarish mashqida 193 kg natija qayd etdi, asosiy raqobatchisi, armanistonlik Simon Martirosyan esa 195 kg natija bilan birinchi bo‘ldi.

Siltab ko‘tarishda Jo‘rayev dastlab 227 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi, armanistonlik atlet esa 228 kg.ni ko‘tarib, farqni yana bittaga oshirdi. Shundan so‘ng Jo‘rayev 234 kg.ga buyurtma berdi, ammo birinchi urinishda maqsadiga erisha olmadi. Uchinchi urinishda esa murabbiylar 237 kg buyurtma qildi va Jo‘rayev bu vazifani uddaladi. Martirosyan esa ikkinchi va uchinchi urinishlarda 238 kg toshni ko‘tara olmasdan, jami 423 kg natija bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. Uchinchi o‘rinni 410 kg natija ko‘rsatgan latviyalik Arturs Plesniks egalladi.

E'tiborli jihati, Jo‘rayev siltab ko‘tarish (237 kg) va umumiy ko‘rsatkich bo‘yicha Olimpiada rekordini ham o‘rnatdi.

Bu O‘zbekiston delegatsiyasi uchun Tokio Olimpiadasidagi uchinchi medal bo‘ldi. Bungacha taekvondochi Ulug‘bek Rashidov oltin, dzyudochi Davlat Bobonov bronza medalga ega chiqqandi. Endilikda O‘zbekiston umumiy reytingda Gretsiya bilan 27-28-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Ko‘proq yangiliklar: