Zoyir Mirzayev o‘z xonasini xalq qabulxonasiga aylantirmoqchi

O‘zbekiston 08:11 / 02.08.2021 10372

Joriy yilning 23 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor o‘tkazilgandi. Yig‘ilishda viloyat hokimlari har kuni aholi bilan uchrashib, uzoq hududlardagi fuqarolar bilan ZOOM platformasi orqali jonli muloqot o‘tkazib, ularning muammolariga quloq solishi aytilgandi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Yakkabog‘ va Kasbi tumanlarida o‘tkazgan sayyor qabullarida barcha tuman (shahar)larda yashovchi fuqarolar ZOOM orqali bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Onlayn tarzda o‘tkazilgan qabullarda tushgan murojaatlarga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi viloyat bo‘limidan muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan va nogironligi bo‘lgan oilalarga Xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasi qarori bilan 1 mlrd 153 mln 300 ming so‘m mablag‘ ajratildi.

“Endi doimiy tarzda fuqarolar murojaatlarini yangi formatda eshitib boramiz, – dedi Zoyir Mirzayev. – Birinchi navbatda Prezident Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonalarga qilingan murojaatlarni hal qilish choralari ko‘riladi. Shuningdek, aholimizning ijtimoiy tarmoqlardagi "murojaat boti"mizga yo‘llagan murojaatlari ijrosi ham har kunlik monitoring qilib boriladi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, “Har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” bo‘ladi. Murojaatlarni ko‘rib, nimalarga e'tibor qilish bo‘yicha har bir rahbarning strategiyasi bo‘lishi kerak”, dedi Mirzayev.

Bir hafta ichida viloyat hokimi 500 nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlarini tinglagan bo‘lsa, ularning holati, muhtojligi va imkoniyatlari hududlardan saylangan deputatlar tomonidan o‘rganib chiqildi. Muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan va nogironligi bo‘lgan oilalar uchun ajratmablag‘lar maqsadli sarflanishi ham nazorat qilinadigan bo‘ldi.

Jumladan, ushbu mablag‘larning 257,5 mln so‘mi davolanish va operatsiyaga muhtoj bo‘lgan 41 nafar fuqaroga, 214,5 mln so‘mi yashash sharoiti og‘ir, uy-joyini ta'mirlashga muhtoj 31 nafar fuqaroga, 141,5 mln so‘mi tadbirkorligini rivojlantirish va turmush sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan 31 nafar fuqaroga va 165,3 mln so‘mi OTMda tahsil olayotgan farzandlarining shartnomalarini to‘lashga muhtoj bo‘lgan 20 nafar ota-onalarga yo‘naltiriladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Yakkabog‘da ikki yil oldingi “snos” bo‘yicha qarzlarning bir qismi qaytarilgandi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: