Uzumchilik klasterlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:10 / 02.08.2021 4396

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 48 ta tuman uzum yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Ixtisoslashgan tumanlardagi 156 ming gektar maydonda (shu jumladan 2021 yilda 50 ming gektar) uzumzorlar barpo etilib, ularni iste'molchiga yetkazishga qadar uzluksiz tizim yaratiladi.

2021 yil 1 avgustdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari (sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan (lalmi) yerlar) tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish uchun ochiq tanlov asosida 30 yil muddatga ijaraga beriladi. Ochiq tanlovga yer uchastkalari dehqon xo‘jaliklari tashkil etgan holda tokzorlar barpo etish uchun – 0,06 – 1 gektar o‘lchamlarda, yaxlit konturda yirik tokzorlar barpo etish uchun 1 – 30 gektar o‘lchamlarda chiqariladi.

2021 yil 1 sentyabrdan: 

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari tashkil etiladi; 
  • aholi tomorqalarida, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmi joriy etiladi;
  • uzum yetishtirish, uni quritish, qadoqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport qilishning to‘liq siklini yaratish maqsadida uzumchilik klasterlari tashkil etiladi.

2022 yildan har ikki yilda bir marotaba uzumchilik yo‘nalishida “eng yaxshi uzum navi”, “eng yaxshi intensiv tokzor”, “eng yaxshi mahalliy uzum navi” kabi nominatsiyalarda o‘tkaziladigan respublika ko‘rik tanlovi ta'sis etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: