Turkiyada Abdukarim Mirzayevga nisbatan gumonlar rasman olib tashlandi

O‘zbekiston 21:53 / 02.08.2021 12258

2020 yil oxirida Istanbulda qo‘lga olinib, 33 kun davomida hibsda bo‘lgan o‘zbek jurnalisti Abdukarim Mirzayev ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi. Bu haqda u 2 avgust kuni MFaktor loyihasida namoyish qilingan intervyusida ma'lum qildi.

“Navbatimiz kelmayotgani uchun mahkama cho‘zilib kelayotgandi. Kecha biz haqimizdagi har qanday shubhalar aridi. Bizga nisbatan noto‘g‘ri harakat bo‘lgani sudda aytildi.

Albatta, oqlanishimga hech shubham yo‘q edi. Lekin baribir qog‘ozda tasdiqlanganidan keyin odam to‘la xotirjam bo‘larkan”, – dedi Abdukarim Mirzayev.

Avvaliga “Yoshlar” teleradiokanalidagi chiqishlari, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda ma'rifiy hikoyalari bilan tanilgan jurnalist 2020 yilning 11 dekabriga o‘tar kechasi Istanbulda qo‘lga olingandi. Uning uyida tintuv ham o‘tkazilgan.

Turk politsiyasi Mirzayevni shubhali shaxslar bilan aloqada bo‘lganlikda gumonlagan. Keyinchalik nafaqat jurnalist, balki u bilan muloqotda bo‘lgani taxmin qilingan shaxslarga nisbatan ham gumonlar tasdiqlanmagan edi.

Advokatga ko‘ra, Turkiya huquq organlariga Abdukarim Mirzayevga tegishli raqam orqali shubhali shaxslar bilan muloqotda bo‘lingani haqida xabar kelib tushgan, bu ma'lumot ortidan jurnalist kuzatilib, so‘ngra qo‘lga olingan.

O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya markaziga o‘tkazilgach, yanvar oyining o‘rtalarigacha ushbu muassasada saqlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: