Toshkent shahrining issiqlik ta'minoti tizimini 1,4 mlrd yevroga modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston 22:05 / 02.08.2021 5574

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Toshkent shahrida issiqlik ta'minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, ayni paytda Jahon banki bilan hamkorlikda Andijon, Buxoro, Samarqand va Chirchiq shaharlaridagi markazlashgan issiqlik ta'minoti tarmoqlari rekonstruksiya qilinmoqda. Joriy yildan boshlab Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Namangan, Samarqand, Termiz, Guliston, Urganch, Farg‘ona, Chirchiq va Angren shaharlarida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatish boshqaruv-servis kompaniyalariga o‘tkazilmoqda.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida 9 165 ta ko‘p qavatli uy, 3 475 ta ijtimoiy obekt markazlashgan issiqlik ta'minotiga ulangan. Lekin magistral va tarqatish tarmoqlarining 72 foizi, markaziy qozonxonalarning hammasi, mahalliy qozonxonalarning 90 foizi eskirgan.

Bu xarajatlarning haddan ziyod ortib, xizmat sifati pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, o‘tgan yili issiqlik energiyasi yo‘qotilishi 44 foizni, pulga chaqqanda 630 milliard so‘mni tashkil etgan. Buning uchun 460 mln kub metr tabiiy gaz, 55 mln kub metr ichimlik suvi, 154 mln kilovatt elektr energiyasi ortiqcha sarflangan.

Oqibatda “Toshissiqquvvati” DUKning kreditor qarzdorligi yuqoriligicha qolmoqda. Xizmat sifati pastligi aholining jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois 2019 yil 2 dekabrda “Toshkent shahrining issiqlik ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilinib, tizimda bozor tamoyillari va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.

O‘tgan davrda bu borada loyiha konsepsiyasi tayyorlanib, takliflar olish uchun tanlov e'lon qilindi. Osiyo taraqqiyot bankining xulosasiga ko‘ra, Fransiyaning “Veolia” kompaniyasining loyihasi eng samarador deb topildi. Bu kompaniya Polsha, Chexiya, Ruminiya, Litva, Germaniyadagi shaharlarda issiqlik tizimini boshqarish tajribasiga ega.

Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi bilan kompaniya o‘rtasida xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, “Veolia” kompaniyasi tomonidan 315 mln yevro, loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 mlrd 80 mln yevro yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Bu mablag‘lar evaziga 181 ta issiqlik qozonxonasi modernizatsiya qilinishi, 28 mingta issiqlik punkti o‘rnatilishi, 841 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinib, 576 kilometr tarmoq yangidan qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 391 ta maxsus avtomashina va boshqa uskunalar sotib olinadi. Xalqaro darajadagi texnik audit va billing tizimi joriy etiladi.

Taqdimotda, avvalo, issiqlik ta'minoti xizmatlarini xususiy sheriklik asosida tashkil etish metodologiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev taklif etilayotgan loyihani Toshkent shahridagi mavzelardan birida namuna sifatida joriy etib, samaradorligini tajribadan o‘tkazish, har tomonlama chuqur o‘ylab, qaror qabul qilish zarurligini ta'kidladi.

Boshqaruvga berishdan oldin “Toshissiqquvvati” DUKga tegishli mol-mulk va binolar xatlovdan, ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta'minoti tizimlari texnik va energetik auditdan o‘tkazilishi belgilandi.

Loyihani amalga oshirish uchun Issiqlik tizimini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Loyiha doirasida olingan sof foydaning 10 foizdan oshgan qismi mazkur jamg‘armaga o‘tkazib boriladi.

Maxsus texnika, uskuna va materiallarni davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga asosan ochiq tender orqali, maqbul narxlarda sotib olish kerakligi qayd etildi.

“Veolia” kompaniyasi bilan birga mahalliy mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi.

Ko‘proq yangiliklar: