Tibbiy-mehnat ekspertizasi tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga almashtirildi

O‘zbekiston 08:32 / 02.08.2021 3814

Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan «Mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi buyruq qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning 22.09.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6065-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 12.06.2021 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 366-son qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Birinchidan, Yo‘riqnomaning 5-bandiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi: sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlariga tegishli davolash-profilaktika muassasalari mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertiza qilish yoki tibbiy-ijtimoiy ekspertizasi (ilgari – tibbiy-mehnat ekspertizasi) bo‘yicha yetarli malakali xodimga ega bo‘lgan taqdirda, mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma'lumotnomalari berishga haqli. Tegishincha, belgilanishicha, bemor tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga (ilgari – tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi) yuboriladi. 

Ikkinchidan, maktabgacha ta'lim tashkilotida yoki 6 yoshga to‘lmagan bolaga o‘rnatilgan karantin davrida bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a'zosiga karantin belgilangan muddatga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo‘linmalari tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi (ilgari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy va tuman (shahar) epidemiologik osoyishtalik markazlari tomonidan berilgan).

Uchinchidan, mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik ma'lumotnomalari pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi asosida, tuzatish va qisqartirishlarsiz, ko‘k yoki qora rangli ruchkada rasmiylashtiriladi (ilgari – yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda).

To‘rtinchidan, 2-ilova (Mehnatga layoqatsizlik varaqasi) va 2-ilova (Mastlik holati bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik ma'lumotnomasi) yangi tahrirda qabul qilindi. 

Boshqa o‘zgartirishlar ham kiritildi. 

Ko‘proq yangiliklar: