Sirdaryoda YPX xodimiga tan jarohati yetkazgan haydovchi qamoqqa olindi

Jamiyat 14:21 / 02.08.2021 2145

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida mashinasining old yon oynalarini noqonuniy qoraytirgan va bunga chora ko‘rmoqchi bo‘lgan YPX xodimini haqorat qilib, tan jarohati yetkazgan haydovchi qamoqqa olingan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Joriy yil 30 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida YPX xodimi harakatlanish bir tomonlama bo‘lgan yo‘lda shaxsiy mashinasi bilan qoidalarga zid ravishda qarama-qarshi harakatlangani haqida xabarlar tarqaldi. Sirdaryo viloyati IIB YHXB mazkur hodisa yuzasidan munosabat bildirdi. Ma'lum bo‘lishicha, YPX xodimi biroz avval qochib ketgan qoidabuzar haydovchini ko‘rib qolib yo‘lda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan. Vaziyatdan foydalangan haydovchi esa voqeani o‘zicha talqin qilib, ijtimoiy tarmoqlarda video chiqargan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 30 iyul kuni soat 11:00larda M34 Toshkent-Dushanbe xalqaro avtomobil yo‘lining Sirdaryo tumanidan o‘tuvchi 81-kilometrida xizmat olib borayotgan Sirdaryo tumani IIB YHXB YPX xodimlari old va orqa yon oynalari qoraytirilgan «Lasetti» mashinasini to‘xtatishgan. Tekshiruv davomida haydovchi faqat orqa yon oynalarni qoraytirish uchun ruxsatnoma olgani, old yon oynalar noqonuniy tarzda qoraytirilgani aniqlangan.

YPX xodimi ma'muriy bayonnoma tuzib, mashinani vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylamoqchi bo‘lganida haydovchi xodimni haqorat qilgan. So‘ng uning ustiga mashinasini haydab, xodimga tan jarohati yetkazgan va buyruqqa bo‘ysunmasdan hodisa joyidan ketib qolgan.

YPX xodimi haydovchining bo‘ysunmasdan ketib qolgani yuzasidan Sirdaryo tumani IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilish maqsadida bo‘limga ketayotganda qoidabuzar haydovchini Sirdaryo tumani Ziyokor mahallasi hududidan o‘tgan yo‘lda mashinasining old yon oynalaridagi plyonkalarni yulayotgan holatda ko‘rib qolgan.

Shundan so‘ng u haydovchi oldiga qaytib kelish uchun qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan. Shu payt haydovchi YPX xodimining yo‘lini to‘sib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Bundan tashqari, u YPX xodimining ko‘krak nishoni va bodikamerasini yulib, dalaga uloqtirgan.

Hodisa yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB hamda Sirdaryo tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. YPX xodimining bodi kamerasiga yozib olingan lavhalar tekshirib ko‘rilgach, holat oydinlashgan. Surishtiruv natijasiga ko‘ra, Sirdaryo tumani prokuraturasi tomonidan haydovchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) tartibida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qoidabuzar Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: