Samarqand xalqaro aeroportida noqonuniy tarzda xorijga olib chiqilayotgan noyob so‘zanalar to‘xtatib qolindi

O‘zbekiston 12:52 / 02.08.2021 1227

Ma'lum qilinishicha, chegara bojxona postlarida xizmat qilayotgan bojxonachilar madaniy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketish bilan bog‘liq urinishlarga o‘z vaqtida chek qo‘yishmoqda.

Jumladan, Samarqand xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan fuqaro K.D. bojxonachilar e'tiborini tortgan va unga tegishli bo‘lgan yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, K.D.ning yuklari orasida, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 45 dona noyob so‘zana kashtalari va 2 dona tarixiy libos borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, amaldagi tartiblarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 23 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to‘g‘risida»gi 131-son qarorida ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilmasligi belgilab o‘tilgan.

Ko‘proq yangiliklar: