Qashqadaryoda IIB xodimlari olib ketgandan so‘ng vafot etgan fuqaro hodisasi bo‘yicha viloyat IIB va SSBga xizmat tekshiruvi tayinlandi

O‘zbekiston 10:02 / 02.08.2021 7395

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida IIB xodimlari olib ketgandan so‘ng vafot etgan fuqaro hodisasi bo‘yicha viloyat Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash boshqarmalariga xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, marhumning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Bundan tashqari, fuqaro N.Muhammadiyev viloyat dispanserida vafot etgani bo‘yicha viloyat Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar boshqarmalariga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Ma'lumot uchun, joriy yil 25 iyul kuni Nishon tumani «Kaptarli» MFYda yashovchi Nursoat Muhammadiyev tuman IIB HPB profilaktika inspektorlari tomonidan chaqiruvga asosan uyidan olib ketilgan va Qarshi tumanida joylashgan viloyat narkologiya dispanseriga yotqizilgan. 26 iyul kuni fuqaro vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 iyul kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida profilaktika inspektorining yordamchilari tomonidan kaltaklangan fuqaro vafot etgan. 28 iyul kuni marhumning xotini tomonidan yo‘llangan videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat prokuratura tomonidan nazoratga olinib, ikki nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatida bir nafar, may oyida Andijon viloyatida bir nafar fuqaro IIB xodimlari tomonidan qiynab o‘ldirilgandi. Keyinchalik har ikki holatda ham sud tomonidan aybdor IIB xodimlariga tegishli jazolar berilgan va ular uzoq muddatli qamoq jazosini olgan.

Qashqadaryo viloyatida yuz bergan hodisa yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov «IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas»ligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: