O‘zbekiston harbiylari Rossiya va Tojikiston bilan mashg‘ulotlarda qatnashadi (video)

O‘zbekiston 17:32 / 02.08.2021 18787

1 avgust kuni Surxondaryo viloyati hududida joylashgan harbiy qismlardan biridan yo‘lga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari o‘zbek-rus-tojik hamkorligidagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun uzoq masofali marsh asosida Tojikiston Respublikasiga yetib borishdi.

Qo‘shni davlat hududida kolonnada yurishlariga O‘zbekiston havo kuchlarining «Mi-35» jangovar vertolyotlari hamrohlik qilgan.

Harbiy xizmatchilarni Tojikiston mudofaa vazirligining mas'ul ofitserlari hamda keng jamoatchilik vakillari tantanali kutib olgan.

«Mazkur hamkorlikdagi mashg‘ulotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish, maxsus operatsiyalar o‘tkazishini rejalashtirish hamda qo‘shinlarni tayyorlash, o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Hamkorlikdagi o‘quvlar Tojikiston Respublikasining «Harb maydon» dala o‘quv maydonida bo‘lib o‘tadi», deyilgan Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Rossiya O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasiga qo‘shin yuborib, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ikki davlat harbiylari ishtirok etadigan mashg‘ulotlarda 200 ga yaqin harbiy texnika, jumladan, aviatsiya vositalaridan foydalaniladi. 

Ko‘proq yangiliklar: