«Metallurg» FK bazasida tashkil etilgan «El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation» Futbol Akademiyasiga qabul boshlandi

O‘zbekiston 09:30 / 02.08.2021 5538

2021 yil sentyabr oyidan boshlab, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation» Futbol Akademiyasi o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, akademiya iste'dodlarni qidirib topish va ularni akademiyaga jalb etish ishlari boshlanganini e'lon qiladi. Akademiya ma'muriyati bu borada rahbariyat tomonidan tasdiqlab berilgan ish rejasiga ko‘ra tanlov ishlarini boshlab yubordi.

Birinchi bosqich ko‘rik tanlovlari Toshkent viloyati hududida olib borildi: Yangiyo‘l, Bo‘ka, Ohangaron, Ahmad Yassaviy, Bekobod shahri va tumanida iqtidorli yoshlar ko‘rib chiqildi. Uch kun davomida oltita yosh toifasida ko‘rik tanlovlar o‘tkazildi. Tanlovda 500 nafardan ziyod bolalar ko‘zdan kechirildi va eng iste'dodli deb topilgan 85 nafar bola akademiyada tahsil olish uchun tanlab olindi. Tanlovning ikkinchi bosqichi butun Respublikamiz hududini qamrab oladi. Ma'muriyat bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat bilan chiqqan. Bolalar va o‘smirlar futboliga mas'ul departament yordamida 3-8 avgust sanalari oralig‘ida Farg‘ona vodiysida, shuningdek, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Ayni vaqtda akademiya skautlari mazkur hududlarda ishni boshlab yuborgan. Ko‘rik tanlovning birinchi bosqichida asosan, yosh futbolchilarning o‘yin amaliyoti tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Tez orada Ispaniyadan «Real Madrid» akademiyasidan mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Ular endigi ushbu tanlovning ikkinchi bosqichini chuqurlashtirilgan va markazlashtirilgan holda o‘tkazishadi. Shunga ko‘ra, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» akademiyasida tarbiyalanuvchi iqtidorli yoshlar uzil-kesil tanlab olinadi.

Shu o‘rinda, barcha yoshlar diqqatiga aytib o‘tishni istar edikki, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» eshiklari barcha xohlovchilar uchun ochiq hisoblanadi. Buning uchun iste'dodli bolalar o‘z hududlaridagi futbol assotsiatsiyasiga murojaat qilib, tanlovga yozilishlari yoxud bevosita Bekobod shahriga kelib, akademiya rahbariyati bilan uchrashishlari lozim bo‘ladi.

Hozircha «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» akademiyasida olti yosh toifasida (11-16 yosh) o‘quv guruhlar tashkil etiladi. Barcha o‘quv va mashg‘ulotlar Real Madrid standartlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu Akademiyada tahsil oluvchi o‘quvchilar futbol sir-asrorlarini o‘rganishdan tashqari xorij (ingliz, ispan) tillarini chuqurlashtirilgan holda o‘zlashtirishadi. Shuningdek, ijtimoiy fanlar bo‘yicha ham eng malakali ustozlar saboq berishi kutilmoqda. Har o‘quv yili yakuniga ko‘ra, «El Golazo Academy Powered by Real Madrid» akademiyasining eng iqtidorli, iste'dodli yosh o‘quvchilari amaliyot o‘tash uchun Ispaniyaga – qirollik klubi «Real Madrid» akademiyasiga tajriba almashish maqsadida olib boriladi.

Ushbu ajoyib loyiha tarixiga nazar solsak, roppa-rosa uch yil ilgari Bekobodning Metallurg PFK klubi qoshidagi futbol maktabini akademiyaga aylantirish ishlariga kirishilgandi. Bekobod shahar hokimligining qaroriga binoan, Sirdaryo qirg‘og‘i yerlari atrofidan 5 gektar yer akademiya qurilishi uchun ajratib berildi. 2019 – 2020 yillar oralig‘ida O‘zbekiston metallurgiya kombinatining katta ko‘magi bilan «Metallurg» PFK klubi muassisi qurilish ishlarini jadal boshlab yuborgan edi. Qisqa vaqt ichida sun'iy qoplamali futbol maydoni hamda futbolchilar uchun kiyinish va yuvinish xonalari qurilib, futbolchilarga foydalanish uchun topshirilgandi. Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun «Metallurg» markaziy stadioni tribunalari tagida yotoqxona, ovqatlanish bloklari tashkil etilgandi. Klub tomonidan hamma o‘quvchilar, kerakli barcha futbol anjomlari, jihozlar, formalar va yana boshqa zarur narsalar bilan butunlay ta'minlab kelinadi. Joriy yil esa sun'iy qoplamali maydonning yonida barcha zamonaviy standartlarga javob beruvchi tabiiy maydon ham qurib bitkazildi.

Shunday qilib, Bekobod klubida yosh o‘rinbosarlar bilan ishlash jarayoni Real Madrid klubining Markaziy Osiyodagi hamkori, mashhur «El Golazo» kompaniyasini befarq qoldirmadi. Ushbu jarayon ularni qiziqtirib qoldi va shu yilning bahorida «Real Madrid Foundation» bilan hamkorlikda «Metallurg» PFK akademiyasi bazasida «El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation» nomli futbol akademiyasini tashkil etish taklifini o‘rtaga tashladi. Bu ishlarga yana muassis – O‘zbekiston metallurgiya kombinati bosh-qosh bo‘ldi.

Ta'sischimizning sa'y-harakatlari bilan «Metallurg» PFK bazasi yonidagi muqaddam o‘quv dargohi bo‘lgan inshoot «El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation» akademiyasi uchun olib berildi. Shunday qilib, biroz ta'mirtalab holga kelib qolgan ushbu binoni futbol infratuzilmasiga moslashtirgan holda rekonstruksiya qilish ishlari ham boshlab yuborildi. Ushbu rekonstruksiya ishlariga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Toshkent viloyati futbol assotsiatsiyasi, xalq ta'limi respublika va viloyat boshqarmalaridan ishchi guruhlari kelishib, kerakli maslahatlarni berishdi.

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Bekobod shahriga tashrif buyurib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Davron Abdulpattaxovich akademiya tezroq o‘z ish faoliyatini boshlashi uchun barcha zarur yordamlar ko‘rsatilishini ta'kidlab, bo‘lg‘usi akademiya faoliyatiga omad tiladi.

Akademiyadagi bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. O‘quv dargohi, mashg‘ulot o‘tkaziluvchi maydonlar, jismoniy tayyorgarlikni tiklash markazi, tibbiyot markazi, kiyinish, yuvinish xonalari, basseyn, yotoqxonani barpo etish ishlari rejaga binoan olib borilmoqda.

Batafsil ma'lumot uchun:

+998945780005

+998901861077

«O‘zmetkombinat» AJdan manfaatli takliflarni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!

Telegram: t.me/elgolazoacademy

Facebook: fb.com/umk_matbuot_xizmati

Instagram: instagram.com/el.golazo.academy

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: