Amaldorlarni tanqid qilgan yengil atletikachi Yevropadan boshpana so‘radi. Uni Tokiodan Minskka majburan olib ketmoqchi bo‘lishdi

Sport 13:16 / 02.08.2021 43711

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi dushanba kuni ushbu sportchi Tokioda xavfsizlikda ekanini ma'lum qildi. XOQ matbuot kotibi  Mark Adams maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, Timanovskaya tunni Tokio aeroportidagi mehmonxonada o‘tkazgan, u shu yerda yordam so‘rab politsiyachilarga murojaat qilgandi.

XOQ vakili BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari sportchi bilan bog‘langanini qo‘shimcha qildi. «U xavfsizlikda ekaniga amin. Biz u bilan keyingi qadamlar qanday bo‘lishini bilib olish uchun bugun tongda ham gaplashdik. Biz uni eshitishimiz, u nima istayotganini tushunishimiz va uning qarorini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», degan Adams.

Avvalroq Reuters agentligi muxolifatdagi Belarus sport birdamligi fondidagi manbasiga asoslangan holda Timanovskaya Avstriya yoki Germaniyadan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekani haqida xabar tarqatgandi.

Bundan tashqari, Timanovskayaga Chexiya tomonidan viza taklif etilgan. Chexiya ichki ishlar vaziri Yakub Kulganek tvitterdagi sahifasida u, bosh vazir Andrey Babish va Chexiya TIV rahbari Yan Gamachek sportchiga viza taklif etishi, u mamlakatga kelishi va siyosiy boshpana so‘rashi mumkin bo‘lishi, buning uchun Chexiyaning Tokiodagi elchixonasi yordam ko‘rsatishga tayyorligi haqida yozgandi.

Belarus sport birdamligi fondi direktori Aleksandr Opeykinning ma'lumot berishicha, Polsha TIV rahbari o‘rinbosari Pavel Yablonskiy Polsha ushbu sportchiga yordam berish va uni qabul qilishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Belarus milliy olimpiya qo‘mitasi yakshanba kuni Timanovskaya «ruhiy holati» tufayli Olimpiadadagi ishtirokini to‘xtatishini ma'lum qilgandi.

«Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, belaruslik yengil atletikachi Kristina Timanovskayaning ruhiy-psixologik holatidan kelib chiqib, jamoa murabbiylar shtabi tomonidan sportchining XXXII Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlash haqida qaror qabul qilindi. O‘z navbatida uning 200 metrga yugurish va 4x400 metr estafetadagi ishtiroki bekor qilindi», deyilgan Belarus MOQ rasmiy bayonotida.

Timanovskayaning o‘zi shifokorlar ko‘rigida bo‘lmaganini aytgan. «Bu to‘g‘ri emas, meni shifokor ko‘rgani yo‘q», deya uning so‘zlarini keltirgan Belarusdagi sport nashri Tribuna.com.

Timanovskaya majburan Tokiodan olib ketilayotgani haqida yakshanba tongida Belarus sport birdamligi fondi xabar bergandi. «Belarus milliy jamoasi vakillari yengil atletikachini deport qilishmoqda, unga zudlik bilan samolyotga chipta olishgan, endi buyumlari bilan birga aeroportga olib kelishgan», deyilgan xabarda.

Keyinroq sportchi chindan ham Tokio aeroportiga olib borilgani ma'lum bo‘ldi. TASS aeroport vakili va «Turk avialiniyalari» aviakompaniyasidagi manbalariga asoslangan holda Timanovskayani olib qaytishi kerak bo‘lgan samolyot Tokiodan Istanbulga usiz uchib ketganini ma'lum qildi.

Reuters agentligiga intervyu bergan Timanovskaya Belarusga qaytmoqchi emasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u aeroportga olib kelingach shu yerda yapon politsiyasiga murojaat qilgan va uni Minsk tomon olib boruvchi reysga majburan chiqarishlarining oldi olingan. «Men Belarusga qaytmayman», deya ta'kidlagan u. Sportchining so‘zlariga ko‘ra, yakshanba tongida murabbiylar shtabi vakillari uning xonasiga kelib, narsalarini yig‘ishtirishi kerakligini aytishgan. Shundan keyin uni aeroportga olib borishgan.

Timanovskaya videomurojaat bilan ham chiqish qilib, unda Xalqaro olimpiya qo‘mitasidan vaziyatga aralashishni so‘radi. «Men Xalqaro olimpiya qo‘mitasidan yordam so‘rayman. Menga bosim o‘tkazildi. Meni ixtiyorimga qarshi ravishda mamlakatdan olib ketmoqchi bo‘lishdi. Shu tufayli men Xalqaro olimpiya qo‘mitasidan bu ishga aralashishni so‘rayman», degan u.

Timanovskaya unga Olimpiadani nima uchun tark etishi kerakligi tushuntirilmaganini aytgan. Sportchining ta'kidlashicha, uni qolgan belaruslik sportchilarga salbiy ta'sir ko‘rsatmaslik uchun ortga qaytarishga qaror qilingan.

Ko‘p o‘tmay XOQ va Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi matbuotga Timanovskaya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatilgani haqida ma'lum qildi. «U Haneda aeroportidagi rasmiy muassasada va hozirda Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasi vakillari uning yonida bo‘lib turibdi. U bizga o‘zini xavfsizlikda his qilayotganini bildirgan», deya sport amaldorlarining so‘zlarini keltirgan «Frans Press» agentligi.

O‘zi nima bo‘lgandi?
Kristina Timanovskaya - belaruslik 24 yoshli yengil atletikachi, u qisqa masofalarga yugurish (100 va 200 metr) bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etib keladi. Tokio Olimpiadasi - uning ilk Olimpiya o‘yinlari.

30 iyul kuni u Instagramdagi sahifasida belaruslik sport amaldorlarini tanqid qilgandi, ma'lum bo‘lishicha, ular Timanovskayani xabardor qilmasdan uni 4x400 metr estafeta bahslarida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritib qo‘yishgan.

«Ma'lum bo‘lishicha, bizning «juda zo‘r rahbariyatimiz» odatdagidek biz uchun qaror qabul qilibdi. Testlari yetarli bo‘lmagach, ular hayotidagi birinchi Olimpiadaga kelgan qizchani qurbon qilishgan va meni estafetaga qo‘yishgan. Klass, bolalar! Barakalla!» deyilgandi postda, ayni vaqtda bu post o‘chirilgan.

Bungacha 4x400 metrga estafetada yugurishi kerak bo‘lgan uch nafar belaruslik yengil atletikachi yetarlicha doping-test topshirmagani sababli Olimpiadaga qo‘yilmagandi va rahbariyat Timanovskayani estafetada ishtirok etuvchi jamoaga kiritishga qaror qilgan. 

«Agar ular oldinroq oldimga kelib, vaziyatni tushuntirishganida va mendan bu estafetada ishtirok etishga qanchalik tayyor ekanimni so‘rashganida, men hech qachon bunday reaksiya bildirmagan bo‘lardim. Ammo ular menga aytmasdan barchasini hal qilishdi, men bu ma'lumotga aniqlik kiritmoqchi bo‘lganimda esa so‘rovimni e'tiborsiz qoldirishdi», deya yozdi keyinroq Timanovskaya instagramida.

«Ishoning, men avval hech qachon 400 m masofaga yugurmagan bo‘lsam-da, men jamoani va qizlarni qo‘llab-quvvatlab, ular bilan birga yo‘lakka chiqqan bo‘lardim. Ammo men yuqoridagilar bizni sportchi sifatida hurmat qilishi va ba'zida bizning fikr bilan ham hisoblashishi kerak deb hisoblayman», degan u.

Ko‘proq yangiliklar: