Tasmuradov ilk jangda, Abdullayev chorakfinalda yutqazdi

Sport 11:42 / 01.08.2021 9748

-60 kg vazn toifasi vakili, Rio Olimpiadasi bronza medali sohibi Elmurat Tasmuradov dastlabki bosqichda ukrainalik Lenur Temirovga to‘qnash keldi. Ammo bu bahsda asli O‘zbekistonda tug‘ilgan, hozirda Ukraina bayrog‘i ostida qatnashayotgan, ikki marta Yevropa chempionati bronza medali sovrindori, bir marta Jahon chempionati bronza medali sovrindori bo‘lgan Lenur Temirov 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqdi.

Endi Tasmuradov bronza uchun kurashda qatnashish uchun Temirov finalga chiqishini kutadi. Temirov chorakfinalda armanistonlik Armen Melikyanni 8:4 hisobida mag‘lub etdi. Yarimfinalda yaponiyalik Fumito Kenicharoga qarshi bahs olib boradi. Yarimfinal bahslari Toshkent vaqti bilan soat 14:00dan keyin boshlanadi.

-130 kg vazn toifasi vakili Mo‘minjon Abdullayev birinchi davrada estoniyalik Artur Vitininni taslim etdi. Ushbu bahsni o‘z foydasiga hal qilish uchun o‘zbekistonlik sportchi 31 soniya sarfladi. Yakuniy hisob 8:0.

2018 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Osiyo chempionatlarida ikki martadan kumush va bronza medallariga ega chiqqan Abdullayev chorakfinalda chililik Yasmani Akosta Fernandesga qarshi kurash olib bordi va 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.

Mo‘minjon bronzaga o‘tish bahslarida qatnashishi uchun Fernandes finalga chiqishi kerak bo‘ladi. 

Jahon chempionati bronza medali sovrindori, Janubiy Amerika chempioni, Janubiy Amerika o‘yinlari g‘olibi, Panamerika chempionati g‘olibi bo‘lgan chililik sportchi yarimfinalni gruziyalik Yakobi Kajayyaga qarshi o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: