Qashqadaryoda IIB xodimlari tomonidan fuqaro o‘ldirib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat IIB munosabat bildirdi

O‘zbekiston 16:41 / 01.08.2021 15338

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda IIB xodimlari tomonidan fuqaro o‘ldirib qo‘yilgani haqida video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur video yuzasidan munosabat bildirdi.

Videoda Nishon tumani «Kaptarli» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi shaxs joriy yil 25 iyul kuni akasi uch nafar IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani va ertasi kuni 26 iyulda uning o‘ligini berishganini ma'lum qilgan. Shuningdek, videoda marhumning tanasida, orqa tomonda belning yuqori qismida ko‘kargan joylar ham ko‘rsatilgan.

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati bergan munosabatda yozilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «Uchastkovoy fuqaroni qiynab o‘ldirdi, Qashqadaryoda vahshiylarcha qotillik» sarlavhasi bilan video tarqalgan. Hozirda holat viloyat IIB mas'ul xodimlari va Qarshi tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda. Holat yuzasidan o‘rganish yakunlangandan so‘ng qo‘shimcha axborot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 iyul kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida profilaktika inspektorining yordamchilari tomonidan kaltaklangan fuqaro vafot etgan. 28 iyul kuni marhumning xotini tomonidan yo‘llangan videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat prokuratura tomonidan nazoratga olinib, ikki nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatida bir nafar, may oyida Andijon viloyatida bir nafar fuqaro IIB xodimlari tomonidan qiynab o‘ldirilgandi. Keyinchalik har ikki holatda ham sud tomonidan aybdor IIB xodimlariga tegishli jazolar berilgan va ular uzoq muddatli qamoq jazosini olgan.

Qashqadaryo viloyatida yuz bergan hodisa yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov «IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas»ligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: