Qashqadaryoda IIB xodimlari olib ketgan shaxs vafot etdi. Marhumning ukasi uning urib o‘ldirilganini aytmoqda

O‘zbekiston 22:20 / 01.08.2021 51701

Bugun Kun.uz’da Qashqadaryoda IIB xodimlari tomonidan fuqaro o‘ldirib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgani va viloyat IIB va Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur hodisa tafsilotlarini ochiqladi. Unga ko‘ra fuqaro ichki ishlar bo‘limida emas, balki Qarshi tumanida joylashgan narkologiya dispanserida vafot etgan. Ammo marhumning ukasi akasining urib o‘ldirilganini aytmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Nishon tumani «Kaptarli» MFYda yashovchi ayol J.S. 2021 yil 25 iyul kuni soat 19:30larda Nishon tumani IIB HPB TP profilaktika katta inspektori X.I.ning xizmat uyiga kelgan. Inspektorga, eri M.M. Toshkentdan uyga mast holda kelib, qo‘liga pichoq olib janjal qilayotganini, agarda unga chora ko‘rmasa, boshqa salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini aytgan.

X.I. fuqaro J.S.ning yashash xonadoniga borgan vaqtda M.M. mast holda xotinini haqorat qilib, inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Shundan so‘ng X.I. qo‘shni «Shirinobod» MFY profilaktika inspektori P.X.ni chaqirgan. P.X. bilan «Shirinobod» MFYda yashovchi jamoatchilik vakili fuqaro G.A. birga kelgan.

Inspektor X.I. kelgusida oilada jinoyat sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida fuqaro J.S.ga erini narkologiya dispanseriga majburiy tartibda yotqizish bo‘yicha ariza yozib berishi lozimligini tushuntirgan. Biroq fuqaro J.S. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib berishdan bosh tortgan.

Inspektor X.I. holatni tegishli tartibda hujjatlashtirish maqsadida M.M.ni mahalla binosiga olib borib, MFYning 2021 yil 25 iyul kundagi 2-sonli bildirish xatiga asosan, 2021 yil 25 iyul kuni soat 23:20da Qarshi tumani «Mirmiron» MFY hududida joylashgan viloyat narkologiya dispanseriga aloqa xati bilan chiqib ko‘rikdan o‘tkazgan.

Ko‘rikdan o‘tkazish davomida, marhum M.M.ga «mastlikning o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tanasida jarohatlar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish bo‘yicha tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, kasallik tarixi ochilib, vrachning majburiy tartibda davolanish to‘g‘risidagi yo‘llanmasi asosida M.M. narkologiya dispanseriga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 26 iyul kuni soat 20:45larda, Qarshi tuman IIBga fuqaro M.M. to‘satdan narkologiya dispanserida vafot etgani ma'lum qilingan.

Ta'kidlanishicha, 2021 yil 31 iyul kuni marhum M.M.ning ukasi M.O. Qarshi tuman prokuraturasiga akasining o‘limi sababiga aniqlik kiritishda amaliy yordam berishni so‘rab borgan. Unga mas'ul xodimlar tomonidan M.M.ning o‘limi sababi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanganini hamda hozirda ushbu ekspertiza xulosasi tayyor emasligini aytib, o‘lim sabablari yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berilishi tushuntirilgan.

Dastlabki surishtiruvda, marhum M.M.ning oilasi «Kaptarli» MFYda notinch oila sifatida ro‘yxatga qo‘yilgani aniqlangan. Sud-tibbiyot ekspertizasining 2021 yil 26 iyuldagi ma'lumotnomasida marhum M.M. «surunkali alkogolizm» natijasida vafot etgani ko‘rsatilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda profilaktika inspektorlari X.I. va P.X.ga nisbatan Qashqadaryo viloyati IIB mas'ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda marhumning ukasi M.O. akasini olib ketishga kelgan profilaktika inspektori o‘sha kuni mast holda bo‘lganini aytmoqda. Bundan tashqari, u akasining tanasidagi ko‘kargan joylar zarba natijasida bo‘lganini va IIB xodimlari uni olib ketib urganini da'vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 10 iyul kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida profilaktika inspektorining yordamchilari tomonidan kaltaklangan fuqaro vafot etgan. 28 iyul kuni marhumning xotini tomonidan yo‘llangan videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat prokuratura tomonidan nazoratga olinib, ikki nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatida bir nafar, may oyida Andijon viloyatida bir nafar fuqaro IIB xodimlari tomonidan qiynab o‘ldirilgandi. Keyinchalik har ikki holatda ham sud tomonidan aybdor IIB xodimlariga tegishli jazolar berilgan va ular uzoq muddatli qamoq jazosini olgan.

Qashqadaryo viloyatida yuz bergan hodisa yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov «IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas»ligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: