Qarshida hokimiyat binosi oldida ayol onasi hokimiyat vakillaridan pul so‘ramagani uchun unga qo‘l ko‘tardi

O‘zbekiston 11:36 / 01.08.2021 20901

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati hokimligi binosi oldida nogiron onasini urib tanbeh bergan ayol tasvirlangan video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur hodisa yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra ayol nogiron onasini hokimiyat vakillaridan pul so‘ramagani uchun urgan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, videoda nogiron onasini urgani tasvirlangan ayol Ozoda Himmatova Qarshi shahar, Shayxali mahallasi Bo‘ztepa ko‘chasi, 18-yotoqxona, 56-xonada 1- guruh nogironi bo‘lgan onasi Aytosh Mingbayeva bilan birga yashaydi. 2021 yil 13 iyul kuni O.Himmatova Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi binosi oldiga onasi A.Mingbayevani hokimiyat vakillaridan pul undirish maqsadida olib kelgan.

Shundan so‘ng u onasini yuqoridagi manzilda qoldirib o‘z ishlari bilan ketib, qaytib kelgach, onasiga «nega hokimiyat vakillaridan pul so‘ramading?!» deb urib, tahqirlagan.

Qayd etilishicha, 2020 yil yanvar oyidan 2021 yil iyul oyigacha O.Himmatova va uning oilasiga oziq-ovqat va naqd pul shaklidagi 56 million so‘m moddiy yordam berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan O.Himmatova va uning oilasiga uy-joy ajratilgan.

Keyingi to‘lovlarni to‘lashga imkoni yo‘qligi bois, 2021 yil 21 yanvar oyida 3-sonli to‘lov topshiriqnomasiga asosan Qarshi shahar «Ipoteka bank» ATIB Qashqadaryo viloyat filiali tomonidan 28 million 634 ming so‘m mablag‘ O.Himmatovaga berilgan hamda Qarshi shahar hokimligi tomonidan uy-joy qurish uchun 2 sotix yer ajratilgan.

Ta'kidlanishicha, hozirda O.Himmatova onasi, 1- guruh nogironi A.Mingbayevaga nisbatan sodir etgan xatti-harakatlari viloyat IIB XQMB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: