«Valutadagi kreditlarni faqat eksport qiluvchi tadbirkorlar olishi kerak» - Sardor Umrzoqov

O‘zbekiston 11:04 / 31.07.2021 6130

O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘ladigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha Shtab faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov jurnalistlar tomonidan berilgan valutada banklardan mablag‘ jalb qilgan tadbirkorlar haqidagi savolga javob berdi.

«Valutadagi kreditlarni biz faqat bitta toifaga, faqat eksport qiluvchilarga berishimiz kerak. Chunki ularda valutada tushum bor va olgan qarzini valutada yana yopa oladi. Agar tadbirkor o‘z mahsulotini faqat mamlakatning ichkarisiga sotsa, o‘z aylanma daromadini so‘mda olsa, unda so‘mni valutaga aylantirayotgan paytda kurs o‘zgarishlarini inobatga olsak, tadbirkor qiynalib qoladi.

2017 yil 5 sentyabrdagi islohotlardan oldin, bankdan valutada kredit olgan tadbirkorlar, kurs o‘zgarishlari va riskka rozi bo‘lib, shartnoma imzolagan. Kursning oshishi oqibatida ularda turli muammolar paydo bo‘ldi. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tish joiz, tadbirkorlarimizda ham moliyaviy savodxonlik yetishmayapti. Shunday bo‘lsa-da ularni qo‘limizdan kelgancha qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bu bo‘yicha ishchi guruh tuzganmiz va muammoni ijobiy hal qilish bo‘yicha takliflar ham tayyorladik.

Shu sabab tadbirkorlar bankdan valutada mablag‘ jalb qilayotganda, hamma tomonlariga e'tibor berishi shart. Pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotidagi vaziyat o‘zgarishi mumkin. Bu valuta kursiga ham bevosita ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun biz ularni kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatarlardan sug‘urtalashimiz kerak», dedi Sardor Umrzoqov.

Ko‘proq yangiliklar: