Senatorlar seysmik xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni ma'qulladi

O‘zbekiston 16:29 / 31.07.2021 2208

Ta'kidlanishicha, mamlakatning 78 foiz yer maydoni seysmik faol hududlarda joylashgan bo‘lib, MSK–64 yer shkalasi bo‘yicha 6 va undan yuqori ballik yer silkinishlari doimiy ravishda sodir bo‘lishi kuzatiladi.

Shu sababli mamlakat aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash, qonuniy asoslarini takomillashtirish, mas'ul davlat organlarining vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish, ularning oqibatlarini bartaraf etish aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.

Bugungi kunda seysmik xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi munosabatlar 20 ga yaqin qonunosti hujjatlar bilan tarqoq holda tartibga solinadi va mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha tadbirlar qonunchilikda nazarda tutilmagan.

Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar to‘plami bugungi kunda yaqqol yetishmaydi.

Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinmoqda.

Qonun bilan seysmik xavfsizligi ta'minlanadigan obektlarning tasnifi hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini tekshirish hamda monitoring qilish tartibi belgilanmoqda.

Seysmik xavfsizlikni ta'minlash obektlari ahamiyatiga ko‘ra 4 ta toifaga bo‘linmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Shuningdek, zilzilalarning sodir bo‘lish ehtimolini aniqlash tartibi belgilanmoqda; unga muvofiq, seysmik stansiyalarda o‘tkaziladigan kuzatuvlar bo‘yicha prognoz natijalari har hafta idoralararo ekspert komissiyasi tomonidan tahlil qilinadi va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan seysmik vaziyat haqidagi xulosalar Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.

Kuchli zilzila bo‘lganda, talafot oqibatlarini bartaraf etish, zarar ko‘rgan obektlarni tiklash – davlat budjeti, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va boshqa taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, qonunda fuqarolarning seysmik xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: