Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida o‘qishga kiritishini aytib, fuqarolardan pul olgan shaxslar ushlandi

O‘zbekiston 13:34 / 31.07.2021 1183

Samarqand viloyatida ikkita holatda, Qashqadaryo viloyatida bitta holatda o‘qishga kiritishini aytib, fuqarolardan pul olgan shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi tuman bo‘limi hamda DXX Koson tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.J. ushlangan. U, o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, fuqaro N.ni 700 AQSh dollari evaziga Qirg‘izistondagi oliygohlardan biriga tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, shundan 200 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, Departament hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand Temir yo‘l texnikumi talabalar yotoqxonasi tarbiyachisi vazifasida ishlovchi O‘.B. ushlangan. U, fuqaro Sh.ni ushbu texnikumga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, Departament hamda Milliy gvardiyaning Samarqand viloyat boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahridagi jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi S.X. ushlangan. U, fuqaro D.ning qizini, tanishlari orqali ushbu texnikumga o‘qishga kiritish evaziga 1 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: