Qashqadaryoda Nexia haydovchisi odam urib yuborib, qochib ketdi. Jabrlanuvchi vafot etdi

O‘zbekiston 11:15 / 31.07.2021 879

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida Nexia haydovchisi mol-qo‘ylarini haydab ketayotgan shaxsni urib yuborib, qochib ketgan. Oqibatda, u og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 25 iyul kuni soat 22:00larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-86 Langar–Maydanak avtomobil yo‘lining Qamashi tumani Qiziltepa mahallasi Kattatol qishlog‘i hududidan o‘tuvchi 9-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Nexia mashinasi haydovchisi yo‘l bo‘ylab mol-qo‘ylarini haydab kelayotgan fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Qayd etilishicha, viloyat IIB YHXB xodimlarining tezkor harakatlari natijasida haydovchi ushlangan. Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, u spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda mashina boshqargan, hodisa ro‘y bergan paytda mast bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Qamashi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi va 117-modda (Xavf ostida qoldirish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: