“Individual muammo tizimli yechim topmasa, u doim takrorlanaveradi”. Bosh vazir o‘rinbosari tadbirkorlardan tizimli takliflar kutayotganini aytdi

O‘zbekiston 10:12 / 31.07.2021 3871

Hukumat vakiliga ko‘ra, tadbirkorlar bildirayotgan muammolarning asosiy qismi individual mazmunda bo‘lib, tizimli masalalar yechimiga oid aniq takliflar juda kam uchramoqda.

«Yaqin kunlarda davlat rahbarining O‘zbekistondagi tadbirkorlar bilan bevosita muloqoti tashkil qilinadi. Bunday tadbir tariximizda hech qachon bo‘lmagan.

Biz tadbirkorlardan tizimli takliflar kutyapmiz. Yirik muammolarni hal qilish uchun bunday takliflar judayam zarur. Ammo tadbirkorlar o‘zining individual masalasi bilan chegaralanib qolmoqda.

Masalan, murojaatlar qabul qilish uchun tuzilgan shtabimizga bugungi kungacha 7 ming 146ta murojaat keldi. Shundan 5 ming 783tasi individual xarakterga ega. Ya'ni bunda tadbirkor o‘zining faoliyatiga doir bo‘lgan qandaydir muammoni yechib berish, masalani qo‘yish yoki taklif berish bilan murojaat qilgan.

1 ming 234ta murojaat tizimli takliflar – tadbirkorlikni tartibga soluvchi hujjatlar, qonunchilik talablari, soliq, bojxona ma'murchiligi kabi bir qancha masalalarda. Ammo mazkur yo‘nalishdagi murojaatlarning ham deyarli yarmidan ko‘pini individual tipiga kiritish mumkin.

Lekin bir narsani bilish kerak, individual masalaga tizimli yechim topilmasa, u doim takrorlanaveradi. Rostini aytaman, men shtab rahbari va hukumat vakili sifatida tadbirkorlardan kuchli tanqidni, ko‘proq tizimli muammolar, ularning tahlili va aniq takliflarni kutgan edim. Lekin bunday takliflar juda kam.

Hurmatli tadbirkorlarimizga aytmoqchimanki, davlat rahbari bilan bo‘lishi kutilayotgan muloqot juda noyob vaziyat. Bundan unumli foydalanib, tadbirkorlikdagi tizimli muammolar yechimi bo‘yicha aniq takliflar berish kerak. Shunda individual muammolar o‘z-o‘zidan yechim topadi», dedi vazir.

Shuningdek, Sardor Umrzoqov norozilik murojaatlari bildirilayotganini ham ma'lum qildi.

«Shtab ochilgandan beri 129ta murojaat buning nima keragi bor, foyda bermaydi, hech qanday natijasi bo‘lmaydi kabi norozilik mazmunida kelgan. Biz mazkur masala bo‘yicha ham alohida guruh tuzganmiz. Iloji boricha murojaatchi anonim bo‘lmasa, u bilan bog‘lanishga harakat qilyapmiz. Noroziligi sababini o‘rganishga intilyapmiz. Bundan o‘zimizga xulosalar qilmoqdamiz», dedi bosh vazir o‘rinbosari matbuot anjumanida.

Vazirlik rahbarining aytishicha, ayni paytgacha 1 ming 757ta individual tarzda tushgan murojaatlar o‘z yechimini topgan. Qolganlari bo‘yicha ish ketyapti.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Ushbu muloqotda tadbirkorlar oldidagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari, respublikada biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilinishi bildirilgan.

Uchrashuvdan avval esa 20 iyuldan 31 iyulgacha butun O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlar o‘z sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini prezidentga yetkazishlari mumkinligi ma'lum qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: